Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xurshid Davron

Xurshid Davron 1952-yilning 20-yanvarida Samarqand viloyati, Samarqand tumanidagi Chordara qishlog‘ida  tug‘ildi. 1969-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakulteti kechki bo‘limiga o‘qishga  kirib, kunduzi qurilish tashkilotlarida ishladi.

Harbiy xizmatdan qaytgach (1971-1973), o‘qishni davom ettirdi. 1974-1992-yillarda turli nashriyotlarda muharrir, bo‘lim mudiri, 1994-1996-yillarda Respublika  Ma’naviyat va ma’rifat jamoatchilik markazida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida xizmat qildi.

Xurshid Davronning “Qadrdon quyosh” nomli birinchi kitobi 1979-yilda chop etildi.  Shundan so‘ng shoirning “Shahardagi olma daraxti” (1979), “Tungi bog‘lar” (1981), “Uchib boraman qushlar  bilan” (1983), “To‘marisning qizlari” (1984), “Bolalikning  ovozi” (1986), “Qaqnus” (1987), “Bahordan bir kun oldin” (1989)  singari she’riy  kitoblari dunyoga keldi.

Ijodkorning tarixiy-ma’rifiy mavzular yo‘nalishidagi izlanishlari natijasida “Samarqand xayoli” (1991), “Sohibqiron nabirasi” (1995), “Shahidlar shohi yoxud Shayx Kubro tushlari” (1998), “Bibixonim” (2006) nomli qissalari yaratildi.

U buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyati haqida bir qator dramatik asarlar yozdi. “Boburshoh” (1996) asari “Bobur sog‘inchi” nomi bilan dastlab  Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqiy teatrida, keyinchalik O’sh davlat o’zbek drama teatrida  sahnaga qo‘yildi. “Temurnoma” nomli 21 qismli teleserial (1996), “Jaloliddin Xorazmshoh” (No‘miq Kamol asari) nomli 5 qismli telespektakl (1998), “Algʻul yoxud Mirzo Ulugʻbek”  nomli 2 qismli radio va telespektakl (2009), shuningdek, “Buxoroyi sharif” film-operasi, “Ming bir rivoyat” teleloyihasi Xurshid Davron ssenariylari asosida yaratildi.

Shoir tarjimon sifatida N. Zabolotskiyning “Turnalar” (1985), M. Chaklaysning “Oto‘yin” (1986), O. Vatsietisning “Tomoshabog‘” (1987), Sharq va G‘arb shoirlarining muhabbat mavzusida yozgan she’rlaridan iborat “Qirq bir oshiq daftari” (1989) majmuasini, mumtoz yapon she’riyati namunalari kiritilgan  “Dengiz yaproqlari” nomli antologiyani (1988), tatar xalq og‘zaki ijodining nodir namunasi – “Edigey” dostonini (2012)  o‘zbek tiliga o‘girdi. Ijodkorning she’rlari qirqdan ortiq jahon tillariga tarjima qilingan.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.