“Gulxan” bilan hamnafas
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 97-maktabda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Umida Abduazimova tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari “Gulxan” bilan hamnafasmiz” shiori ostida ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
O‘quvchilar jurnalda chop etilgan she’r va qo‘shiqlardan ijro etishdi. Xandalar asosida intermediyalar sahnalashtirishdi. 2022-yilda jurnalda o‘qishni istagan mavzulari haqida fikr bildirishdi. Shuningdek, “Gulxan”ning kelgusi yil nashrlariga obuna bo‘lganliklarini, jurnal bilan do‘st bo‘lish istagida ekanliklarini aytishdi.
Jurnal mas’ul kotibi, taniqli bolalar yozuvchisi Muhabbat opa Hamidova jurnalning 90 yillik tarixi, bosh muharrir, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Zahro Hasanova “Gulxan”ning yangi yil rejalari haqida bolalarga hikoya qilib berishdi. Ijodlaridan namunalar o‘qishdi. Jurnalxonlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.
Tadbir yakunida uchrashuvda faol qatnashgan o‘quvchilarga “Gulxan” jurnallari sovg‘a qilindi.
Sanamjon Ro‘zmetova,
Ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi