Bolalikka qaytish
“Gulxan” jurnalida ishlagan kezlarim hayotimning eng yorqin va begʻubor yillari boʻlgan. Gʻayratli, koʻngli toza xodimlarning har biri “Gulxan”ning obroʻsi, mavqei uchun kurashardi. 1986-yilning 5-sonidan boshlab “Gulxan” oq qogʻozda, rangli chiqa boshladi. Nusxasi 500 mingdan oshdi. Baʼzi kunlar xatlar boʻlimining hisobchilari qopga solib, mingdan oshiq xatlar olib chiqardi. “Mutlaqo maxfiy maktublar”, “Antiqa mintaqa”, “Shatranj klubi”, “45 minutlik moʻjiza”, “Mening qishlogʻim”, “Mening birinchi kitobcham”, “Gulxanjonga xat keldi” kabi ruknlarimizni bolalar juda qiziqib oʻqishardi. “Shatranj klubi” mashgʻulotlarini mashhur shaxmatchi Mamajon Muxiddinov olib borganlar.
Bolalar nashri boʻlishiga qaramay, ekologiya muammolari, maktablarda oʻsha yillarda kamayib ketgan oʻzbek tili darslari muammosini, tarixiy mavzularni jurnal sahifalarida dadillik bilan keng yoritganmiz. Eski oʻzbek tili imlo qoidalarini jurnal sahifalarida oʻrgatganmiz. Bunday dadillik, faollik uchun bizga muxlislarning fikr, istaklari kuch bergan. Kichkinagina, lekin kuch-gʻayratga toʻlib toshgan fidoyi jamoaning katta mehnatlari evaziga shunday muvaffaqiyatlarga erishganmiz. Oʻsha yillari “Bolalik bayramlari” nomli badialarimni yozganman. Xullas, “Gulxan”da ishlagan kezlarim mening qalbimda bolalik gulxanlarini qayta yondirgan, ijodiy kuch-gʻayrat, ijtimoiy faollik baxsh etgan hayotimdagi eng muhim davr boʻlib qoldi.
Oydin HOJIYEVA,
Oʻzbekiston xalq shoirasi, jurnalning 1985–1994-yillardagi
Bosh muharriri