Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bu go‘zal olamda

She’riyat olami – go‘zal olam. Jurnalxonlarimiz orasida bu olamning eshigidan hayajon bilan mo‘ralayotgan, umid bilan qo‘liga qalam olgan havasmand bolalar juda ko‘p. Ular tahririyatga tez-tez xat yozib, she’riy mashqlarini yuborib turishadi. Ushbu sahifada O‘zbekiston xalq shoiri Oydin HojiyevaningTo‘rt tanhokitobida o‘z ustozi, she’riyatimiz malikasi Zulfiyaxonim haqida yozgan xotiralaridan lavhalar bermoqdamiz. Ular she’riyat gulshanining betakror namoyandasi bilan bog‘liq xotiralar. Oydin opa shoira Zulfiyaning chin shogirdlaridan biri. Ko‘p yillar U kishi bilan birga ishlagan, suhbatlaridan bahramand bo‘lgan, xizmat safarlarida unga hamrohlik qilgan, shoira tashkillashtirgan mushoiralarda uning yonginasida turib dilbar va nafis she’rlari bilan faol qatnashgan ijodkor. O‘ylaymizki, bu lavhalar she’riyatga ixlosmand qalblarning savollariga ajoyib javob, munosib tuhfa bo‘ladi.


 

 

Ma’sud onlar

Men uni yuragimda she’r kurtaklagan kezlari topgandayman. Keng peshonali, jayron ko‘zli, sochlari chiroyli turmaklangan, muloyim nigohli siymo – kitobdagi Zulfiya surati meni sehrlab olgan edi. Barcha qiziquvchan, sodda, beg‘ubor o‘smirlarga o‘xshab unga havas qilganman, xayolan xatlar bitganman. Uni biror marta ko‘rish nasib etarmikin, deb orzulaganman.

Zulfiyaning she’riyati, shaxsiyati, uning shuhratga va xalq mehriga chulg‘angan umri ne bois bu qadar maftunkor? Shu haqda ko‘p o‘ylayman.

Noyob chashmalarning suvidan bir hovuch ichsangiz, ta’mi og‘zingizda qoladi, qayta-qayta uning zilolidan bahramand bo‘lsam, deysiz. Zulfiya poeziyasi shunday chashmaga o‘xshaydi. Undagi baxtning oliy zamzamasi sizni yuksaklarga olib uchadi. Inson dardining larzali, dolg‘ali lahzalari qalbingizni ostin-ustun qilib yuboradi. Baxtini o‘zingizniki kabi qabul qilasiz, boshingiz quvonchdan aylanib ketadi... Uning she’rlaridan sabr-qanoat, shukronalik va matonat darsini olganlar bu shoirani “Sadoqat kuychisi”, deb e’zozlaydilar. Zulfiya lirikasidagi samimiyat, rostgo‘ylik, o‘quvchiga nisbatan ehtirom tuyg‘usi benihoya kuchli... Uning qalami so‘ylaganlariga o‘quvchi ishonadi, o‘ziniki kabi qabul qiladi.

Bir paytlar turkum she’rlarimni o‘qigan shoira menga qator yo‘l-yo‘riqlar berib shunday degan edilar: “Inson kelajak uchun yashaydi, mehnat qiladi. She’r esa har doim oldinda yurishi kerak. Yashashga, mehnat qilishga, yo‘lda uchragan mashaqqat va to‘siqlarni yengib o‘tishga o‘rgatishi lozim!”

Bu zarur maslahatni ustozdan o‘z paytida eshitganim meni teran fikrlashga o‘rgatdi. “Yetti o‘lchab bir kesadigan” bo‘lishga harakat qila boshladim.

Bilsam, she’riyat insondan kuchli ma’naviyatni, bardosh-u chidamni talab qilar ekan. Shoshma-shosharlik, yozilgan narsani siyohi qurimasdan gazeta-jurnallarga yugurib olib borish, avvalo, ijodkorning o‘zi uchun zarar ekan. Shoiraning she’r daftariga ko‘zim tushganida shu ma’noda katta bir ibrat ko‘raman. Majlislarning prezidiumlarida, ishxona, shifoxona, sayohatlarda bitilgan she’rlar. Oddiygina idora daftarida qayta yozilgan, o‘chirilgan, tuzatilgan, ustidan chiziq tortilib, sahifa orqasida qayta tiklangan, daftar hoshiyalariga tizilgan bandlar... U she’rlar boshlangan kun bilan so‘nggi nuqta qo‘yilgan vaqt orasida ba’zan yillab masofa yotadi.

She’r! Sen buncha mohir elchisan! Buncha dilkash suhbatdoshsan! Buncha qadrdon do‘stsan! Zulfiya opa yangi she’rlarini o‘qigan kezlari ohanrabo, xushhavo kayfiyat kezadi ishxonamizda. U she’r o‘qib bo‘lgach, imtihon oldidagi o‘quvchidek hammamizni behad kamtarlik bilan kuzatadi, fikrimizni so‘raydi...

Qulog‘imda uning bir she’ridagi mardona, samimiy savoli jaranglaydi:

Xalq qalbiday bir go‘zal she’rga

Yetarmikan hech qachon kuchim!

Qaniydi bu savol hammamizning ham dilimizda bot-bot takrorlanib tursa! Shunda biz e’lon qilayotgan she’rlar orasida xom-xatala, ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshashlari kamroq bo‘larmidi...

– Har bir o‘quvchi qalbida bir shoir yashaydi. Har bir inson o‘zicha shoirona olamga ega. U qo‘liga qalam olib biror satr she’r yozmagan esa-da, adabiyotni, so‘zni nozik tushunadi. Shuning uchun ham bunday muxlislarga har qanday pala-partish tizmalarni taqdim etish odobdan emas. Bu – mas’uliyatsizlik va o‘zini izzat qilmaslikdir. Mana bu she’rni men shoira sifatida qabul qilaman. Lekin muharrir sifatida – yo‘q. Obrazlari juda chiroyli, ammo juda g‘amgin. Sen bilan sukunatda yakkama-yakka qoladigan kitobxonning sinchkov ko‘zlarini unutmaslik kerak! Albatta, kitobxon eng yaqin sirdosh, dildosh, lekin uning oldida maydalashib ketmaslik kerak. Har bir bosilgan she’r o‘quvchi yoshlar uchun ijod yo‘lini tanlashda saboq bo‘lsin! – derdilar ustoz biz bilan suhbatlarda.

Zulfiyaning matbuotda chop etilgan asarlari mana shu – mas’uliyat va talabchanlik mezoniga binoangina nashrga tavsiya etilardi...

 

Oydin HOJIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.