Bahorni yetaklab kelgan shoiram
O‘lkamizga go‘zal bahor kirib kelib, dilimizni ravshan qilgan 1-mart kuni o‘zbek adabiyotida chiroyli bayram bo‘ladi.
Shu kuni barcha she’riyat, adabiyot shaydolari xalqimizning suyukli ijodkori, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim tug‘ilgan kunni tantanali nishonlaydi.
Ana shunday tadbir bizning maktabimizda ham bo‘lib o‘tdi. “Vafo va sadoqat kuychisi” deb nomlangan adabiy kechamizga qoraqalpog‘istonlik Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan iste’dodli ijodkor qizlar taklif qilindi. Kechada shoiraning hayoti va ijodi haqida xotiralar tinglandi. She’rlaridan yod aytishdi. Bahr-u bayt musobaqasida o‘zining topqirligi, hozirjavobligi bilan 6-sinf o‘quvchisi Mashhura Amatjonova barchaning mehrini qozondi.
– Men Zulfiya ijodining shaydosiman. Shu bois uning deyarli barcha she’rlarini yod olganman, – dedi Mashhura.
Guliston MATYOQUBOVA,
To‘rtko‘l tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi