Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitob o‘qib, mashina oldim

Mohinisoning onasi Aziza opa ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi. Bolalikdan kitobga mehr qo‘ygani uchunmi, kitob javonini o‘zbek va jahon adiblarining asarlari bilan boyitadi. Farzandlari, shogirdlarini kitob o‘qishga qiziqishini orttirish uchun “Kim ko‘p kitob o‘qidi”, “Men sevgan asar” kabi turli tanlovlar o‘tkazadi. G‘oliblarni sevimli adiblarning to‘plamlari bilan taqdirlaydi. Aziza opani har kuni dars mashg‘ulotlaridan tashqari yangi kitob o‘qib o‘tirganini qizi Mohiniso ko‘p ko‘rgan. Onasi o‘qiydigan kitoblariga qiziqqan Mohiniso maktab yoshiga yetmay, opalari yordamida harflarni yozishni, o‘qishni o‘rgandi. Kechki ovqatdan keyingi oilaviy suhbatlarda opalari o‘qigan hikoyalar, ularning tafsilotlari haqida bahslashganda, u ham o‘zi o‘qigan ertagini aytib berishni judayam xohlardi. Bo‘sh qoldi deguncha, hijjalab o‘qishni o‘rganardi. Maktabga chiqqanida onasi unga kichik ertak va hikoyalar jamlangan kitob sovg‘a qildi.

– Kitobda ezgulik bilan yovuzlik, mehnatning rohati, do‘stlik haqida ertaklar ko‘p. Sen ularni o‘qiganingda mazmunini tushunib, xulosa qilib o‘qigin. Bir oydan keyin kitobdan nima o‘qiganingni so‘rayman, – dedi onasi. Mohiniso topshiriqdan so‘ng har kuni uyga vazifalarni bajarib bo‘lgach, kitob o‘qishga tushar, onasining imtihonidan o‘tsa yangi-yangi kitoblarga ega bo‘lishini o‘ylab, muddatidan oldin kitobni o‘qib tamomlardi. Qizining tirishqoqligini, qisqa muddatda asarlarning mazmun-mohiyatini to‘liq anglab o‘qiyotganini ko‘rgan onasi uning kitob o‘qishga bo‘lgan mehri bo‘lakcha ekanligini sezdi. Tug‘ilgan kuni, bayramlarda kitob sovg‘a qilishni unutmadi. Oilada farzandlari o‘rtasida “Kim chiroyli va bexato yozadi”, “Mening sevimli qahramonim” kabi mavzularda insho yozdirganda, farzandining fikrlashi, tasavvurlarini aniq bayon qilishini kuzatdi.

– Bu sening kitob javoning. Javonga faqat o‘qigan kitoblaringni joylashtiramiz. Kitob o‘qishni yaxshi ko‘radigan do‘stlaringni olib kelishing, kitobingni o‘qishga berib turishing mumkin. Yoshingga qarab kitob javoningni boyitib boramiz. Kitob o‘qiganingda uning ichiga kirib, asar qahramonining qayg‘usini, quvonchini his qilib o‘qisanggina, yillar o‘tganda ham voqealari yodingdan chiqmaydi Unutmaki, o‘qigan asarlaring mazmunini har doimgidek oila davrasida muhokama qilamiz.

Mohiniso onasi ajratib bergan kitob javonini to‘ldirish uchun yanada ko‘proq kitob o‘qishga kirishdi. U maktabning a’lochi o‘quvchilari qatorida “Bilimlar bellashuvi”, “Huquq bilimdonlari” tanlovining tuman, viloyat bosqichlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib keldi. Sportning yengil atletika turi bilan muntazam shug‘ullanib, tuman, viloyat turnirlarida g‘olib bo‘ldi. Mohiniso maktabda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti a’zosi. “Iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash” guruhi sardori. Har bir o‘quvchining o‘ziga xos qobiliyati borligi, uni vaqtida anglab, to‘g‘ri yo‘nalish berish kerak, deb o‘ylagan qahramonimiz, maktab o‘quvchilarini qiziqishlariga qarab to‘garaklarga jalb qildi. Ko‘p bilim egallash uchun ko‘p kitob o‘qish kerakligni tushuntirdi. Bayramlarda o‘qigan asarlaridan parchalar namoyish qilishadi. Tayyorlanish jarayonida har bir o‘quvchi qahramonini to‘laqonli ijro qilishi uchun asarni qayta va qayta o‘qishga kirishadi. Sahnada kichik bir ko‘rinish tomosha qilgan bolalar uni to‘liq o‘qish istagida kitoblar xarid qilmoqda, maktab kutubxonasiga a’zo bo‘lib, kitoblar ro‘yxatini ko‘paytirmoqda. Maktab kutubxonachisi Fazolat opa esa kitobsevar o‘quvchilar bilan ishlamoqda.

– O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi e’lon qilindi. O‘qituvchilar bilan maslahatlashib, tanlovga seni yuboradigan bo‘ldik. Endi tengqurlaring oldida uyalib qolmaslik uchun yanada ko‘p kitob o‘qishing, tanlovda g‘olib bo‘lishga harakat qilishing lozim, – dedi bir kuni ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Fariya opa Sattorova. Mohinso ustozlar ishonchidan xursand bo‘lsa, bir tomondan kitobxon tengdoshlari bilan bo‘ladigan bahs-munozaradan biroz cho‘chidi. Bu tanlovga jiddiy tayyorlanishga astoydil bel bog‘ladi. Sinf rahbari, kutubxonachi hamda ona-tili va adabiyot fani o‘qituvchilari bilan birgalikda adabiyotlar ro‘yxatini tuzdi. Jahon va rus adabiyoti asarlari sonini ko‘paytirdi. Tuman va viloyat bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Mohinso, respublika bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Tinimsiz o‘qish, izlanish o‘z samarasini berib 600 dan ortiq kitob o‘qigan qahramonimiz “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lib, davlatimiz Prezidenti tomonidan “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

– Uyimizda 2 mingdan ortiq badiiy kitob bor. Har bir kitob menga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. O‘qiganim sari yanada qiziqishim ortaveradi. Kichkinaligimdan kitob o‘qishni yaxshi ko‘rganim uchun ota-onamning, katta asarlarni o‘qish senga og‘irlik qiladi. Sal ulg‘aysang o‘qiysan, degan gaplaridan keyin ba’zi kitoblarni bekitib o‘qiganman. O‘qishga berilib ketganimdan vaqt allamahal bo‘lganini ham sezmay qolardim. Tanlovga puxta tayyorlangan bo‘lsam-da, ishtirokchilarning bilimli, saviyasi yuqori ekanligi, ko‘p kitob o‘qiganining guvohi bo‘ldim. O‘zimning kamolotim uchun yanada ko‘proq o‘qishim kerakligini angladim, – deydi Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 17-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Mohiniso Shomurodova.

Darhaqiqat, kitob qalblarni yoritguvchi ilm nuri. Buni biz birgina g‘olib qiz Mohiniso misolida ko‘rishimiz mumkin. Mahalladoshlari, sinfdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan qahramonimiz hozirda ona-tili va adabiyot fan olimpiadasining viloyat bosqichiga tayyorlanmoqda. Yosh kitobxonga barcha bosqichlardan yuqori natijalarni qo‘lga kiritishida omad tilaymiz.

 

Iroda UMAROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.