Endi kitob o‘qiyman
Yaqinda maktabimizning boshlang‘ich sinflari o‘rtasida “Kitob bilim beradi, bilim baxt keltiradi” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda o‘quvchilar ertak qahramonlari qiyofasida yaxshilik, ezgulikka undovchi ertaklarni ko‘proq o‘qish kerakligini aks ettirishdi. Ayniqsa, “Kitobga mehr oiladan boshlanadi” deb nomlangan sahna ko‘rinishi yig‘ilganlarga ma’qul bo‘ldi. O‘quvchilar kitob o‘qib kamolga yetgach, kelajakda kim bo‘lishlarini badiiy chiqishlar orqali namoyish etishdi. Shuningdek, tadbirda “Yosh kitobxon” musobaqasi ham tashkil etildi. Unda o‘quvchilar o‘zlari o‘qigan ertak yoki hikoyani so‘zlash, ifodali she’r yodlashda o‘zaro bellashdilar. Kitob insonni yorqin kelajak sari yetaklovchi qimmatbaho boylik ekanligini his qilishdi.
Tadbir so‘ngida faol o‘quvchilarga homiylar tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.
Guljahon EGAMQULOVA,
Jizzax viloyati Forish tumani
15-maktab o‘qituvchisi