Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bu qanday zo‘ravonlik?

Gap jamiyatimiz uchun yangi so‘z, yangi odat bo‘lgan “bulling” (bullying) haqida ketayapti. “Bullying” – inglizcha so‘z bo‘lib, “ta’qib, zo‘ravonlik” ma’nosini bildiradi. Bunga tahqirlash, ustidan kulish, ataylab e’tibor bermaslik, kamsitish va kaltaklash kabi holatlar kiradi. Ushbu vaziyat qatnashchilari o‘rtacha 13-14 yoshlilardir. Hozirda yoshlarning 50 foizi turli ko‘rinishdagi ta’qibga uchramoqda. Har uchinchi bola esa o‘zi ham bilib-bilmay ta’qibda bir necha bor ishtirok etgan.

 Ko‘p hollarda jabrlanuvchi faqatgina “g‘alati” yoki “zaif” emas, hatto, a’lochi va kuchli bolalar ham bo‘lishi mumkin. Odatda, bunday zo‘ravonlik sinfdoshlar orasida hukmronlik qilishga intilishdan boshlanadi.

Bulling sport to‘garaklari, mahallada, bolalar yig‘ila­digan maskanlarda bo‘­lishi mumkin. Hatto, ij­timoiy tarmoqlarda ham. Bu nafaqat bola­ning o‘qishga bo‘lgan ish­tiyoqiga to‘sqinlik qiladi, balki uzoq davom etadi­gan ruhiy xastalik­larga ham olib kelishi mum­kin. Bola­lar maktabdagi nizolarni kattalardan yashiradi. Shunday vaziyatlarda sinf rahbari, maktab psixologi tomonidan vaziyat o‘rganilib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, tartibga chaqirish, eng asosiysi, ota-onalar bilan birgalikda ishlash zarur.

Yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqilgan. Undagi 10-moddada davlat bolani ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan; jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, turli shilqimliklardan himoya qilinishini amalga oshirishi belgilangan. Shuningdek,  O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining 48-moddasida ta’lim oluvchining ta’lim-tarbiya jarayonining bosh­qa ishtirokchilariga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik ishlatmaslik va ularning o‘z vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilmaslik majburiyati nazarda tutilgan.

“Bulling”dan qanday himoyalanish mumkin?

Avvalo, biz buyuklar avlodidan ekanimizni unutmasligimiz kerak. Bizdagi qadriyat, tarbiya va qarashlarga dilozorlik, zo‘ravonlik, mushtumzo‘rlik mutlaqo begona. Adabiyot darsliklarimizda berilayotgan ibratli hadislar, xalq og‘zaki ijodi namunalari va boshqa durdona asarlarning negizida komillikka chorlash, ziyoga, nurga intilish,  yomonlikdan qaytish kabi ezgu amallar yotadi. Shu sababdan kitob o‘qing, tushunib, uqib o‘qing, dunyoqarashingizni o‘stiring;

Bundan tashqari:

– O‘zingizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmang;

– Sizga zug‘um qila­yot­ganlarga hech qachon shu usulda javob qaytarmang;

– Iloji boricha yaxshi o‘qib, ulardan ustun ekanligingizni isbotlang;

– Safingizdagi o‘rtoqlaringiz bilan maq­sadingiz, qarashlaringiz bir bo‘lsin. “Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar” naqlida ish ko‘ring;

– Maktabdagi tazyiqlar, zo‘ravonliklar haqida maktab psixologi, sinf rahbaringiz, ota-onangizni ogohlantiring;

– O‘g‘il bolalar! O‘zingizni himoya qilish uchun muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanib yuring;

– Bo‘sh vaqtingizni unumli rejalashtiring;

– Janjalli vaziyatlarda aql bilan ish ko‘ring.

 

Hilola ABDURASULOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.