Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Javobi yagona jumboq

Akmal 7-sinfda o‘qiydi. Ko‘rish qobiliyati past bo‘lgani uchun ko‘zoynak taqadi. Bu unga noqulaylik tug‘dirmas edi. Biroq sinfdoshlari, maktabdoshlari “to‘rtko‘z”, “ko‘zoynak”  deb kalaka qilib, ustidan kulishadi. Bir kuni ko‘zoynagini yechib olib, sindirib qo‘yishdi. Sinf rahbari buni sezib, bolalarni tartibga chaqirdi.  Bunday holatlardan bezigan Akmal ko‘zoynagini uyga tashlab keladigan odat chiqardi. U o‘z sog‘lig‘iga e’tiborsizlik qilyapti, ko‘rish qobiliyati pastligi sabab darslarda qiynaladi. Yo‘llarda, transport vositalaridan foydalanishda turli noqulayliklar bo‘lishi mumkin, deb  ota-onasi xavotirga tushgan.

Malika 8-sinfda o‘qiydi. Kimyo, biologiya fanlariga qiziqadi.Niyati – shifokor bo‘lish. Vazni tengdoshlariga nisbatan ko‘proq bo‘lgani uchun doim kulgiga qoladi. Maktab oshxonasiga kirishga xijolat bo‘ladi. Maktablardagi tadbirlardan o‘zini olib qochadi. O‘ziga ishonchi pastligi bois o‘rtoqlari ham ko‘p emas. Unga aytiladigan xunuk gaplardan achchiqlanib, kam ovqatlanib, hatto, ertalabki nonushtani ham qilmay qo‘ydi. Natijada kuchli charchoq, holsizlik, agressiya holatlari kuzatila boshladi. Onasi shifokorga ko‘rsatganida qoni kamayib ketgani va oshqozon ichak tizimida yallig‘lanish boshlangani haqida aytibdi. Endilikda muntazam ravishda davolanib yurishiga to‘g‘ri keladi.

Yana bir holat. Sinfda boshqa o‘quvchilarga nisbatan oilaviy sharoiti yaxshi bola bor. U o‘zi singari puldan qiynalmagan bolalar bilan guruh bo‘lib yuradi.  Hatto, “Maktabning zo‘ri” deb nom chiqargan. Uning boshchiligida maktabdagi boshqa o‘g‘il bolalarni qiyratishadi. Istagan bolani tutib olib, cho‘ntagidan tushlik uchun berilgan pullarni tortib olishadi. Agar bolaning puli bo‘lmasa, kaltak ostida qoladi. Said ham shunday o‘quvchilardan. Har kuni uydagilari pul bera olishmaydi. Bir-ikki shunday noqulay vaziyatga tushgandan keyin uyidan o‘g‘rincha pul olishni boshladi. Buni sezgan dadasi Said bilan “erkakchasiga” gaplashib oldi. Maktabga kelib sinf rahbari bilan  suhbatlashdi. Maktabda bu “zo‘ravon”lardan noroziliklar ko‘payib qolgani sabab har bir guruh a’zolarining ota-onalari  chaqirtirilib, keskin gaplar aytildi, tartibga chaqirish choralari ko‘rildi.  Bo‘lgan voqealar uchun hammadan  uzr so‘rashdi. (Agarda, ushbu vaziyat ichki ishlar doirasida olib borilsa, “zo‘ravon”larning yoshi hisobga olinib, ota-onalari jarimaga tortiladi. Bu jarima ma’muriy huquqbuzarlik turiga qarab, eng kam ish haqining ikki baravaridan uch baravarigacha, yil davomida takrorlansa, besh baravaridan, o‘n baravarigacha hisoblanadi).

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.