Mening Dog‘istonim – Vatan va xalq qadri
Rasul Hamzatov — Dog‘istonning mashhur shoir va yozuvchisi bo‘lib, uning “Mening Dog‘istonim” asari Vatan tuyg‘usi, millat ravnaqi, til madaniyati, urf-odatlar davomiyligi, hikmat-rivoyatlar boqiyligi va sof muhabbat haqidagi eng ibratli kitoblardan biridir. Asar 1970-yilda yozib tugallangan. “Mening Dog‘istonim”ga o‘xshash asarlar yozishga urinishlar ham ko‘p bo‘ldi, — deb yozadi O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov asarning Asror Mo‘min tomonidan o‘girilgan tarjimasiga yozgan so‘zboshisida. — Biroq ot allaqachon minilgan edi. Chavandozi esa Rasul Hamzatov ekanini hamma bilardi”.
Bu asar o‘quvchiga nafaqat Dog‘istonning mo‘jizaviy tabiatini, balki uning xalqi, tarixi va madaniyatining chuqur qirralarini ko‘rsatadi. Kitob nafaqat adabiyot ixlosmandlari uchun, balki insoniyatning ruhiy va ma’naviy rivojiga qiziqadigan har bir kishi uchun muhim asar hisoblanadi. Hamzatovning so‘zlari orqali Dog‘istonning go‘zal tabiati, uning tog‘lari, o‘rmonlari, daryolari bir butun tabiat sifatida o‘quvchi ko‘z oldida gavdalanadi va bu tasvirlar ularning yuragida g‘urur, sevgi va hamdardlik tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Asar to‘g‘risida gapirganda birinchidan, muallif xalqining milliy ruhini, uning og‘ir o‘tmishi va yuksak qadriyatlarini ulug‘laydi. Hamzatovning badiiy tasvirlarida Dog‘iston nafaqat go‘zal joy, balki inson ruhining kuchini sinovdan o‘tkazadigan maydon sifatida tasvirlanadi. Bu asar bir insonning o‘zligini, o‘z xalqiga va vataniga bo‘lgan sadoqatini anglashimizga yordam beradi.
Hamzatovning asarida xalqning tabiiy muhit bilan bog‘liqligi chuqur tasvirlanadi. U asarda bir necha hikoyalar orqali xarakterlari, turmush tarzini ko‘rsatgan odamlar vatanni sevishni hayotning ma’nosi deb hisoblashadi. Bu gap nafaqat Dog‘iston uchun, balki butun dunyo xalqlari uchun ham muhim haqiqatdir. Vatan sevgisi, uning tarixiga, xalqiga bo‘lgan hurmat bizni inson sifatida shakllantiradi, deb tushuntiradi Hamzatov.
Asar o‘zbeklar uchun ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. O‘zbek xalqi dog‘istonliklar kabi o‘z tarixi va madaniyatiga chuqur hurmat bilan qaraydi. Ular milliy qadriyatlarini ulug‘lash, o‘z millatining yuksalishi uchun kurashish nuqtayi nazaridan bir-biriga o‘xshash. O‘zbekiston va Dog‘istonning tabiat va ijtimoiy hayotdagi o‘xshashliklari ham sezilarli darajada ko‘p. Bularning barchasi bizga milliy o‘zlikni saqlash va uni yosh avlodlarga o‘rgatish zarurligini uqtiradi.
“Mening Dog‘istonim” kitobini o‘qigan inson undan nafaqat vatanga muhabbatni, balki inson o‘zini qanday saqlab qolishi va qanday tarbiyalanishi kerakligini o‘rganadi. Kitobda insoniyat o‘z qismati va hayotini qanday qabul qilishi haqida ham ko‘p fikrlar mavjud. Asarda aytilishicha, inson qiyinchiliklar va sinovlardan o‘tganida, u o‘zining haqiqiy kuchini anglaydi. Bunda xalqning, tabiatning muqaddasligini anglash, uning bilan uyg‘unlikda yashash kerakligi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda “Yerning baxti uning odamlariga, odamning baxti esa uning yeriga bo‘lgan mehrida”, degan so‘zlari orqali Hamzatov bizga yerga va vatanga bo‘lgan muhabbatni yuqori baholashni o‘rgatadi.
Kitobda shunday fikr bor: “Agar sendan kimligingni so‘rashsa, barcha ma’lumotlaring yozilgan pasportingni ko‘rsatishing mumkin. Agar xalqdan kimligini so‘rashsa, u shunday hujjat o‘rniga o‘zining olimini, shoirini, rassomini, bastakorini, siyosiy arbobini, sarkardasini ko‘rsatadi”. Yuqorida yozuvchi har bir odam bolaligidan o‘z xalqining vakili bo‘lish uchun dunyoga kelganini bilishi va shu vazifani zimmasiga olishga o‘zini tayyorlashi kerak, degan g‘oyani ilgari suradi. Bu gap nafaqat Dog‘istonning, balki boshqa barcha xalqlar va yurtlarning kuchli, baxtli va muvaffaqiyatli bo‘lishiga yordam berishi mumkin.
Hamzatovning asari xalqining madaniy boyliklarini qadrlashga, o‘z vatanining yaxlitligi va tarixini saqlashga undaydi. Bu kitobni o‘qigan har bir kishi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zining o‘zgarmas mustahkam ildizlarini, Vataniga, tarixiga, xalqiga bo‘lgan muhabbatini anglaydi. Shuningdek, o‘z qismati va kelajagi uchun mas’uliyatni his etadi.
Siz, aziz kitobxonlar, albatta, bu asarni mutolaa qilishingiz kerak. O‘qish davomida quyida hikmatli fikrlar va voqealar asosida tuzilgan savollarga ham javob topishni va bizning telegramdagi @GulxanBilimdon manziliga yuborishni unutmang. Savollarga to‘liq va to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilarni ajoyib sovg‘alar bilan mukofotlaymiz.
Savollar:
1. Xuddi meningdek xalqimning ham, mo‘jaz mamlakatimning ham, har bir kitobimning ham ikkita onasi bor, deganda yozuvchi nimalarni nazarda tutgan?
2. Hamzatov tilni o‘rganmasdan she’r yozishga uringan odamni kimga qiyoslaydi?
3. Yozuvchining otasi she’r yozib bergan avar qo‘shiqchisi haqidagi voqea esingizdami?
4. O‘rmonga borgan ikki tog‘lik haqidagi hikoyadan olgan xulosangizni ayting.
5. Shomil qilichiga qanday so‘zlarni o‘yib yozdirgan edi?
6. Tog‘liklarning aytishicha, odamning kimligi 7 narsada bilinadi. Ular nimalar?
7. “Kim millat ravnaqi uchun g‘amxo‘rlik qilmasa, u dunyoni asrashga g‘amxo‘rlik qila olmaydi”. Ushbu fikr kimga tegishli?
Shahribonu RAHMATOVA