Kelajakka qadam-baqadam
O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 262-maktabda “Ona tilim – millat ko‘zgusi” nomli ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda “Gulxan” jurnali tahririyati xodimlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Zamira Ibrohimova, taniqli shoir Bobur Bobomurod, tuman Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari, san’atkorlar hamda maktab o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Iqtidorli o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan turli chiqishlar, she’rlar, sahna ko‘rinishlari, kuy va raqslar barchaga bayramona kayfiyat baxsh etdi. So‘zga chiqqan mehmonlar o‘zbek tilining boyligi, uning millatimiz kelajagida tutgan o‘rni haqida o‘quvchilarga so‘zlab berishdi.
O‘quvchi o‘g‘il-qizlarning quvonchi, ko‘zlarida porlagan nur, tillaridan yangragan burro-burro she’r-g‘azallar ular o‘z tilini naqadar sevishidan darak berib turardi.
Istardimki, maktablarimizda ana shunday tadbirlar ko‘p bo‘lsa! Ularda ishtirok etayotgan, o‘z bilimini oshirayotgan yosh avlod milliy g‘urur, Vatanga sadoqat, ona tilimizga muhabbat tuyg‘ularini ich-ichidan, chuqur his etsa! Ularning orasidan Nodira, Uvaysiy, Muqimiy, Fitrat, Avloniy kabi buyuk siymolar yetishib chiqsa!
Maktab o‘quvchilari bilan xayrlasharkanman, ko‘nglimdan ana shunday hissiyotlar kechdi. Ishonamanki, bu tadbir biz istagandek buyuk kelajak sari bosilgan navbatdagi bir qadam bo‘ldi.
Muhammadali PO‘LATOV