Yuz ganj ila
Yil oxirlab borayotgan bir pallada qo‘lga kiritilgan yutuqlar, yangiliklar haqida aytmasak bo‘lmas. Sababi, tengdoshlaringiz 2023-2024-o‘quv yili mobaynida xalqaro fan olimpiadalaridan jami 122 medal bilan O‘zbekistonga qaytishdi. Bu natija yurtimiz tarixida hozirga qadar eng yuqori ko‘rsatkichdir. Medal sohiblarining tantanali shukuhiga esa Gulxanjon guvoh bo‘ldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning ustozlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, olimpiada g‘oliblari, ularning ota-onalari va o‘qituvchilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Eng quvonarlisi, o‘quvchilar Saudiya Arabistoni, Buyuk Britaniya, Eron, Misr, Tailand, Xitoy, Bolgariya, Braziliya, Turkiya, Hindiston, Germaniya va boshqa ko‘plab davlatlardan medallar bilan qaytishgan. Aynan xalqaro olimpiadalarda 91 ta (11 ta oltin, 24 ta kumush va 56 ta bronza) medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Xususan, eng nufuzli xalqaro olimpiadalardagi medallar uchun:
— oltin medal sohibiga — 187,5 mln.so‘m, o‘qituvchisiga — 168,75 mln.so‘m;
— kumush medal sohibiga — 112,5 mln.so‘m, o‘qituvchisiga — 93,75 mln.so‘m;
— bronza medal sohibiga — 75 mln.so‘m, o‘qituvchisiga — 56,25 mln.so‘m berildi.
Yuragida shiddati, o‘ti bor yoshlar bu mukofotlar bilan cheklanib qolmoqchi emas. Ular endi oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida qabul qilinib, ilm yo‘lidagi izlanishlarini davom ettirishadi.
Xalqimiz, Prezidentimiz esa kelajakda bu yoshlar Vatan ravnaqi, O‘zbekiston istiqboli yo‘lida yangi ixtirolar, katta ishlarni yaratishiga ishonch bildirgan.
Azim AXTAMOV