Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Buvim aytgan ertaklar

Yaqinda kitob javonimizning bir chekkasidagi fotosuratlar albomini ko‘rib qoldim. Bu yoshligimizda tushgan oilaviy suratlar edi. Hayajon bilan albomni bir-bir varaqladim. Mana, biz – uch aka-ukaning yoshligimiz aks etgan suratlar. Egnimizda oddiygina oq surp ko‘ylak, boshimizda gilam do‘ppi. Uchalamizning ham javdirab turgan ko‘zlarimizda birmuncha hayrat va hadik sezilib turibdi. Go‘yo suratchining chap qo‘lini yuqoriga ko‘tarib: – “Qani, mana bu qo‘limga qaranglar, hozir kichkina qushcha “pir” etib uchib chiqadi”, – degan so‘zlariga ishonib, uch oyoqli taxta ustida joylashgan temir quticha ichidan qachon qushcha uchib chiqishini hayajon bilan kutib turganday.

Mana bu surat esa... ko‘zlarim quvonchdan porlab ketdi. Ha, bu yakka-yu yagona surat – sevimli buvijonimizning suratlari edi. Qachon shu suratni qo‘lga olsam, sho‘x, beg‘ubor, betashvish yoshligimiz yana bir bor yodga tushadi. Egnilaridagi odmigina, gulli chit ko‘ylak o‘zlariga yarashgan, chakkalariga rayhon taqib, nim tabassum bilan boqib turgan buvim go‘yo: – “Omonmisan, bolajonim, ishlaring yaxshimi, bolalaring sog‘-salomatmi?” – deya so‘rashib turganday.

Sizga aytsam, oilamizdagi to‘rt nafar o‘g‘il-u ikki qizning savodini chiqargan ham buvim bo‘ladilar.

Otam paxtachilik xo‘jaligining dalasida ertadan kechgacha ishda bo‘lar, onam esa uy yumushlari bilan band edilar. Biz bolalar peshingacha maktabda o‘qir, keyin uy ishlari, mol-holga qarar edik.

Uy yumushlari barchamizga yetardi. Kechki ovqatdan keyin biz bilan buvim shug‘ullanar edilar. Katta akalarim, opam o‘qituvchilari bergan vazifalarni o‘zlari bajarishar, ammo ularni ham buvim nazorat qilardilar. Buvim men va singlimga oldiniga harflarning qanday yozilishini ko‘rsatib, keyin o‘qishni o‘rgatgan edilar. Buvim bu mashaqqatli mehnatdan aslo charchamas, aksincha, zavq olardilar. Biz – bolalar o‘yinqaroqlik qilib berilgan vazifani vaqtida bajarmasak, ular ozgina koyigach, qaytadan o‘rgatar, aytganlarini o‘z vaqtida bajarsak, bizni ikki dona parvarda yoki qantak o‘rikning turshagi bilan siylardilar.

Biz qish kelishini orziqib kutar edik. Uzun qish kechalari uy vazifalarini bajarib bo‘lgach, tancha atrofida yig‘ilib, buvimning ertaklarini tinglardik. Buvim juda ko‘p o‘zbek xalq ertaklari, matallarini yoddan bilar, ularni shunaqangi zavq bilan aytardilarki, ertaklar bir-biriga ulanib ketib, vaqtning qanday o‘tganini ham bilmay qolar edik. “Uch og‘a-ini botirlar”dagi kenja ukaning jasorati, Hotamtoyning saxiy, ko‘ngli ochiqligi, yalmog‘iz kampir-u devlar bilan kurashgan mard o‘g‘lonlar haqidagi ertaklar hali-hanuz esimizdan chiqmaydi.

Ularga bu dostonlarni bolalik paytlari buvilari aytib bergan. Buvim “Go‘ro‘g‘li”, “Alpomish”, “Intizor”, “Nurali” dostonlari, Fuzuliy, Navoiy, Rumiy, Bedil, Mashrab g‘azallarini shunchalik zavq bilan aytardilarki, doston qahramonlarining yutuqlaridan xursand bo‘lib, chapak chalib olqishlar, azob-uqubat chekishlari haqida eshitib, beixtiyor ko‘zlarimizga yosh qalqirdi. Odatda dostonlarning oxirida mardona kurashgan qahramonlar g‘olib chiqar, ularning o‘z raqiblarini mard va halollik bilan yengishlari haqidagi buvimizning obrazli lavhalari bir necha kunlar davomida ko‘z oldimizdan ketmas, bu jasur, yovqur qahramonlarga juda o‘xshagimiz kelar edi.

Biz – katta oilaning sho‘x, yerga ursa ko‘kka sapchiydigan farzandlari ana shu ertak, dostonlar og‘ushida ulg‘aydik. Ertak, doston qahramonlaridan ezgu xislatlarni o‘rgandik. Ahil, inoq olti nafar aka-uka, opa-singil unib-o‘sib, xorij va mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida o‘qib, yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishdik. Elimiz, xalqimizning xizmatiga yarab, obro‘-e’tibor topishimizga buvimiz aytgan ertak, dostonlar juda katta yordam berdi.

Xalqimizning “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar”, degan dono naqlining zamirida qanchalik chuqur ma’no-mazmun yotganiga ana shu kichkina ibratli hikoyamiz misol bo‘la olsa, ajabmas.

 

Yusufjon HAMDAMOV,

filologiya fanlari nomzodi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.