Har qatrasi dur
Ushbu kun birinchi bo‘lib Rio de Janeyro shahrida o‘tgan konferensiyada qabul qilingan. 1993-yilda O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinishi ham yurtimizda bu borada samarali ishlar olib borilayotganligidan dalolat beradi.
2002-yildan boshlab shu kunga qadar mamlakatimiz hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo, Zarafshon, Chirchiq, Surxondaryo, Qoradaryo, Norin, Sirdaryo va Amudaryolarda muhofaza qilish mintaqalari va qirg‘oqbo‘yi hududlarini belgilash ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, suv tansiqligi muammosini hal etish maqsadida turli xil islohotlar olib borilmoqda. Buni Qoraqalpog‘istonning qishloq xo‘jaligi sohasida suv resurslarini tejash texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risidagi ishlar misolida ko‘rsak bo‘ladi. U yerda lazer niveliri yordamida ekin yerlarini tekislash texnologiyasini tatbiq etish bo‘yicha Fermerlar kengashi bilan hamkorlikda turli ishlar amalga oshirilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurtimizda yiliga 2,9 milliard kubdan ortiq suv ishlatiladi. Uning 92% qishloq xo‘jaligiga, qolgani esa sanoat, energetika va boshqa sohalarga sarflanadi. Bizning Jizzax viloyatida ham 2000–2005–yillarda 7 milliard so‘m kapital mablag‘ sarflanib, Zomin-Dashtobod-Zarbdor ichimlik suv tarmog‘i ishga tushirildi.
Odamning suvga bo‘lgan ehtiyoji iqlim sharoitiga qarab har xil bo‘ladi. Masalan, issiq o‘lkalarda bir kishi kuniga 6 litr suvga ehtiyoj sezadi. Biroq odamlarning ehtiyojidan tashqari isrof qilinayotgan suv miqdori benihoya ko‘p. Shunday ekan har birimiz suvni tejash, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, suvga munosabat madaniyatini yuksaltirishimiz, mamlakatimiz iqtisodiyotini ortiqcha sarf-xarajatlardan asrashdek ezgu va savob maqsadlarga xizmat qilmog‘imiz darkor.
Maftuna QO‘SHBOQOVA,
Jizzax viloyati