Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yillar o‘tib…

Manzura maktabdan kelgach, xonasiga kirib ketganicha hadeganda chiqavermadi. Ishdan kelib oshxonada kuymalanayotgan onasi qizidan xavotirlanib oldiga kirganida u kiyimlarini ham almashtirmay o‘rnida yig‘lab yotardi.

– Nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan? – dedi onasi qizining yelkasidan tutib.

– Oyijon, men endi u maktabda o‘qimayman. Iltimos, meni boshqa maktabga o‘tkazing, – dedi Manzura ko‘z yoshlarini artar ekan.

– Yana masxara qilishdimi?

– Ha, biri “bo‘g‘irsoq” deydi, biri “do‘mboq”, yana biri “dumaloq”, deydi. Laqablarim ham ko‘payib ketdi. Nega men xushbichim emasman?

Manzura shu paytgacha onasiga aytolmagan gaplarini ham aytib yubordi. U ezilib yig‘lar, dilida yig‘ilib yotgan alamlarini ko‘z yoshi bilan chiqarib yuborayotgandek edi.

– Qo‘y, unday dema. Boshqa maktabda masxara qiluvchi o‘g‘il bolalar yo‘q, deb o‘ylaysanmi? Uch-to‘rt yildan keyin shunday xushbichim qiz bo‘lginki, o‘zlari uyalib qolishsin. Mana, qo‘l to‘pi to‘garagiga qatnayapsan. U ham senga yaxshi yordam beradi.

Ona qizining hozirgi holatida unga gap uqtirish qiyinligini sezib xonadan chiqdi. O‘sha kuni Manzura kechki ovqatga ham chiqmadi, uy vazifalarini ham bajarmadi.

Mehri opa nima qilishni bilmasdi. Shifokorlar Manzuraning bolaligida hayotini saqlab qolishganida organizmda vaqtinchalik gormonal o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligi haqida onasini ogohlantirishgan edi. Mana o‘smirlik davrida bu o‘zgarishlar o‘zini namoyon qilyapti. Ortiqcha vazni, bo‘yi, boshqa qizlardan balandligi uchun uni beo‘xshov qilib ko‘rsatyapti. Balog‘atga yetgach, ular yaxshi tomonga o‘zgarishi tabiiy. Biroq ona qizining hozirgi ruhiy holatidan xavotirda.

Ertasi kuni Manzura maktabga bormadi. Har kuni hammayoqni saranjom qilib o‘qishga ketadigan qiz bugun hatto o‘rnini ham yig‘ishtirmagan edi. Mehri opaning bundan jahli chiqqan bo‘lsa-da, qiziga hech narsa demadi. Kechki ovqatni ham tayinli yemagan Manzura yana kirib joyiga cho‘zildi. U maktabga bormaslikka qat’iy qaror qilgan edi.

Onasi Mehri opa ham kun bo‘yi qizi haqida o‘yladi. Ishdan qaytar ekan, fotostudiya oldida suratga tikilib jilmayib turgan qiz suratini ko‘rib, savoliga javob topgandek bo‘ldi.

– Manzura, men seni o‘zimning sinfdoshlarim bilan tanishtirmoqchiman. Qara, yigirma yillik uchrashuvda tushgan suratimizni, o‘gil bolalarimizning hammasi savlatli kishilar bo‘lib ketishgan. Ularning oldida sinfdosh qizlarning bo‘yi pastroq, jussamiz ham nozikroq. Maktab davrida tushgan suratda, aksincha, qizlar balandroq, o‘g‘il bolalar pastroq. Mana bu Saidani qara, maktabni bitirayotganimizda qanday do‘mboq qiz bo‘lgan. Bu suratda esa uning yigirma yildan keyingi ko‘rinishi. Ko‘ryapsanmi, juda kelishgan, chiroyli, to‘lishib ham ketmagan.

Ona ikkita suratdagi sinfdoshlarini bir-biriga taqqoslab ko‘rsatar, qiziga ular haqida soatlab gapirishga tayyor edi.

– Saidaning otasi vafot etgan, onasi yolg‘iz o‘zi ro‘zg‘or tebratardi. Katta tanaffusda maktabimiz darvozasi oldida turib “xonim” sotardi. Kechqurun bir idorada qizlari bilan farroshlik qilishardi. Saida oilada katta farzand bo‘lgani uchun onasiga yordamlashar, erta turib xamir qorib kelardi. U tinib-tinchimasa-da, do‘mboqqina edi. O‘g‘il bolalar uni kalaka qilishar, ismini ham aytmay “xonimchining qizi”, deb chaqirishardi. U bu gapga xafa ham bo‘lmasdi. Saidaning dars qilishga imkoniyati bo‘lmagani uchun uy vazifalarini maktabda bajarib ketardi. Bir kuni bolalar uning sumkasiga tosh solib qo‘yishibdi. O‘sha kuni Saida uyda sumkasini ochmagan ekan, ertasiga toshni ko‘rib yig‘lab yuborgan edi. Men o‘shanda dugonamni himoya qilolmaganimdan hali ham afsuslanaman.

Manzura oyisining gaplarini yaxshiroq tinglash uchun boshini ko‘tardi va cho‘kkalab o‘tirib oldi.

– Men maktabni bitirib institutga o‘qishga kirdim. O‘qishdan qaytayotganimda Saidani bekatda “xonim” sotib o‘tirganini ko‘rardim. U juda odmi kiyinar, topganini uka-singillariga ilinardi. Qishga borib u bir tikuvchiga shogirdlikka tushdi. Oradan uch yil o‘tib Saidaning o‘qishga kirgani haqida eshitdim, biroq ishonmadim.

Men uni o‘n sakkiz yildan so‘ng o‘sha uchrashuvda ko‘rdim. Uni hech kim tanimadi. Did bilan kiyingan Saida juda go‘zal ko‘rinardi. Sinfdosh yigitlar bizni qayerga olib borib mehmon qilishni o‘ylab turganlarida Saida bunga hojat yo‘qligini aytib, o‘z oshxonasiga taklif qildi. Uning taklifini rad etmagan bo‘lsak-da, istar-istamas aytilgan manzilga yo‘l oldik. Biz kelgan joy, ko‘rkamgina oshxona edi. Bizni uning turmush o‘rtog‘i, uka-singillari, farzandlari quchoq ochib kutib olishdi.

– Bu pardalarni, stul yopinchiqlari, dasturxonlarni dugonangizning o‘zi tikkan. Taomnomamizga ham uning mehri qo‘shilgan, – dedi bosh oshpaz bo‘lib ishlaydigan turmush o‘rtog‘i.

Keyin bilsak, Saidaning tikuvchilik sexi ham bor ekan. U uka-singillari bilan tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yibdi. Mashaqqatli yillar sinovida toblangan Saidaning muvaffaqiyatlariga havasimiz keldi. O‘sha kuni uni hech kim “xonimchining qizi” deb chaqirmadi. U endi tadbirkor ayollar uyushmasi a’zosi Saida Kamolova edi. Uning hayotidan mamnunligi chehrasidan sezilib turardi.

Onasi hikoyasini tugatgach, xonadan chiqib ketdi. Manzura o‘rnidan turdi-da, dars tayyorlash uchun sumkasini ochdi.

Hayot davom etadi. Uning sinovlarini hamma sabr-bardosh bilan yengmog‘i kerak. Kimdir o‘ylamay aytilgan gapi uchun bir kun kelib mulzam bo‘lishi hayot haqiqati.

 

Hilola HAMDAMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.