Orzular yo‘lidan
Sho‘x-shodon bolaligi Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi Norin qishlog‘ida o‘tgan Bahodir ko‘zga tez tashlanuvchi, tirishqoq edi. U borliqqa mehr bilan boqib, atrofdagi har bir jonzotning harakatini zimdan kuzatar, qushlarning sayrashiga, ayniqsa, bedanalarning ovoziga butun vujudi bilan quloq tutardi. Maktabda ham faol va a’lochi o‘quvchi sanalgan. Turli bayram, badiiy kechalar Bahodirsiz o‘tmasdi. Ana shunday tadbirlarda kichik sahna ko‘rinishidagi rollar ijrosi unga zavq bag‘ishlardi.
1956-yil. Bahodir endigina boshlang‘ich sinfga borgan paytlar. Qishloqda “odamni ko‘rsatadigan mo‘jizali quti chiqibdi” degan mish-mish tarqaladi. O‘shanda bu “mo‘jizali quti” dadasi qishloq raisi bo‘lgani bois eng avval Bahodirlarnikiga kirib keladi va har oqshom bu xonadon mahalla ahli bilan gavjumlashadi. O‘sha paytlari har kuni axborot dasturidan so‘ng hind filmidan lavhalar efirga uzatilardi. Bahodir ularni berilib tomosha qilardi. O‘shanda uning dilida san’atga mehr paydo bo‘ladi. Kino uni butkul sehrlab qo‘yadi.
Bahodir bitiruvchi sinfga o‘tganda dadasining ishi poytaxtga ko‘chiriladi. Shu sabab ular Toshkentga ketish harakatiga tushadilar. Shunda maktab direktori Haydar aka Bahodirni qo‘yib yubormaslikka urinadi.
– Eson aka, o‘g‘lingizni olib ketmang. Uni o‘z o‘g‘limdek ko‘raman. Uyimizda qolib, o‘qishni bitirib olsin. Axir u maktabimiz faxri, – deydi dadasiga. Biroq Eson akaning o‘g‘lini qoldirishga ko‘zi qiymaydi. Bahodir maktabni Toshkentda tamomlaydi. Shunda dadasi o‘g‘liga: “Men Qishloq xo‘jaligi institutida o‘qidim. Onang ham shu sohada agronom bo‘lib ishladi, kam bo‘lmadik. Men bu kasbda o‘sdim-undim. Onang va men O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan agronom bo‘ldik. Sen ham shu Qishloq xo‘jaligi institutida o‘qi”, deydi. Dadasining fikriga qarshi so‘z aytishga andisha qilgan Bahodir bazo‘rgina “xo‘p”, deb javob beradi. Kutilmagan gapdan nima qilishni bilmay qolgan Bahodir orzusi ro‘yobiga yo‘l izlab “O‘zbekfilm” kinostudiyasi qoshidagi “Aktyorlik mahorati” o‘quv studiyasiga o‘qishga kiradi. Bu yerda u Afzal Rafiqov, Rajab Adashev singari hozirda elimiz ardog‘idagi mashhur san’atkorlar bilan birga tahsil oladi.
O‘qishni bitirib diplom olganda, yolg‘onning oxiri voy bo‘ladi, deb bor gapni dadasiga aytishga qaror qiladi. O‘g‘lidagi qat’iyatni ko‘rgan ota uni kinostudiyaga yetaklab boradi. Bahodir u yerda chiroq yorituvchi bo‘lib ishlay boshlaydi. Keyinchalik bilsa, studiyadagi Ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Vahob Abdullayev uning dadasi bilan qadrdon do‘st ekan. Bu yerga kelishidan avval dadasi u kishiga qo‘ng‘iroq qilib: “Vahob, do‘stim, o‘g‘limni yoningga olib boraman. Unga san’atning qanchalik og‘ir ekani, uning noni qattiqligini ko‘rsatib qo‘y. Yaxshilab burnini yerga ishqala!” deb tayinlagan ekan. Qiyinchiliklar ham ko‘ziga ko‘rinmagan yosh yigit jon-jahdi bilan ishga kirishadi. Ekranlashtiruvchi rejissorlar unga, chehrang, qiyofang ekranga mos, kelajaging porloq, deyishib kichik rollarga taklif qila boshlashadi.
Aktyor bo‘lishni astoydil orzu qilgan Bahodir 1970-yili Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutiga o‘qishga kirdi. Bu dargohda u zabardast ustozlar qo‘lida tahsil oldi. 1975-yil o‘qishni bitirib, hozirgi O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatriga ishga keladi.
Unga dastlab teatr sahnasida Sergey Mixalkovning “Chiranchoq quyon” asaridagi bosh qahramon roli topshiriladi. San’at institutining aktyorlik bo‘limiga o‘qishga kirgan talaba borki, mutaxassislik fanida birinchi kursda o‘tiladigan hayvonlarga taqlid qilish va ular asosidagi etyudlar ijrosi bilan shug‘ullanishadi. Keyingi kurslarda katta asarlarga o‘tiladi. Demak, Bahodir teatrga ishga kirguniga qadar o‘tgan 3-4 yil ichida hayvonlarga taqlid qilishni ancha unutayozgandi. Rejissor ko‘zlagan obrazini Bahodirda ko‘ra olmagach, uni “Hayvonot bog‘i”ga borib hayvonlarni, aynan quyonni kuzatishini aytadi. U qariyb bir oy mobaynida “Hayvonot bog‘i”ga qatnab, bu jonivorning xatti-harakatlarini to‘liq o‘rganadi va ko‘zlagan natijaga erishadi. Ya’ni quyon obrazi orqali tomoshabinga qo‘lidan hech ish kelmay maqtanib yuradigan kishilar qiyofasini ko‘rsatib beradi.
Shundan keyin Bahodirga bir qancha asarlardagi bosh qahramonlar obrazini yaratish nasib etadi. Shubhasiz, uning ijrosidagi Po‘lat Mo‘minning “Suqatoy – Konfetvoy” asaridagi Konfetvoy, xalq ertaklari asosida sahnalashtirilgan “Zumrad va Qimmat”dagi ota, “Mushuk ila Sichqon”dagi Mushuk sizning sevimli qahramoningizga aylangan. O‘tgan yillar mobaynida u bir qancha telenovellalar va badiiy filmlarda ham rang-barang rollar ijro etib keldi. Iste’dodli aktyor dublyaj borasida ham muxlislar ko‘nglidan joy ola bildi.
2016-yil Bahodir Nishonov uchun esdan chiqmaydigan yil bo‘ldi. U xalqimiz va o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirishga qo‘shgan hissasi uchun davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlandi. Biz ham san’atkorimizning ijodiga ulkan zafarlar tilab qolamiz.
Bekmurod ABDURAIMOV