Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dunyoga ochilgan eshiklar

Kasb tanlash ostonasida

Axborot asrida g‘oya, fikr, innovatsion loyiha oltindan qimmat baholanmoqda. O‘zining biznes rejalari, tadbirkorlik harakati bilan yangilik yaratishga intilayotgan tengdoshlaringizga banklar tomonidan foizsiz kreditlar ajratilmoqda. Hali o‘quvchi bo‘la turib, stipendiya olayotgan yoshlarimiz bor. Bugun sizlarga tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan “Mustaqillikka mening hissam” shiori ostidagi yosh tadbirkorlar va fermerlar ko‘rgazmasi hamda “Ishbilarmon talaba – 2016” stipendiyasi g‘oliblari haqida hikoya qilmoqchiman. Tanishing va havas qiling!

 

“Chashma” dagi shamdonlar

Nurotaga borib “Istamtosh boboning hovlisi qaysi?” deb so‘rasangiz, darrov ko‘rsatib yuborishadi. Chunki bu xonadonni nafaqat Buxoro va Samarqand shaharlaridagi hunarmandlar, balki rossiyalik, germaniyalik sayyohlar ham tez-tez yo‘qlab turishadi. Lagan, guldon, shamdon haykalchalar, xum va ko‘zachalar chet eldagi muzeylar uchun shu hovlidan olib ketiladi. Qolganlari esa “Chashma” savdo majmuasidagi do‘konchada sotiladi. Ra’no kulollar avlodining kenja vakili. U har doim bobosi bilan faxrlanib yuradi. Bir paytlar Istamtosh bobodan o‘rganib loydan o‘ziga o‘yinchoqlar yasab olgan bo‘lsa, endilikda u tadbirkor. Xonadonida sex tashkil qilib, guruhdoshlaridan 8 nafarini ish bilan ta’minlagan.

– Bajarilgan ishga qarab, ishbay hisobida haq to‘lanadi. Agar ish sifatli va tez bajarilsa, kuniga 10-15 ming so‘mgacha pul topish mumkin, – deydi Nurota iqtisodiyot kolleji 3-bosqich o‘quvchisi Ra’no Istamtosheva.

Ra’nolarning sexi Navoiy viloyatidagi ta’lim muassasalariga yiliga 500-600 dona gultuvak yetkazib beradi. Bundan tashqari kafe, oshxonalarga buyurtma asosida haykalchalar yasashadi. Ularni haykalcha, deb ham bo‘lmaydi, chunki ba’zilarining kattaligi Ra’noning o‘ziday keladi. Gultuvaklar ham 1 metrgacha kattalikda bo‘lishi mumkin. Bunday gultuvakda bemalol daraxt o‘stirsa bo‘ladi.

Qahramonimiz o‘z ishlari bilan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovida, “Qadriyatlarimizni qadrlaymiz”, “Biz buyuk yurt farzandlarimiz”, “Ipak va ziravorlar” festivallarida ishtirok etdi.

– Ba’zan tengdoshlarim “qiz kulol ham bo‘larkanmi?! Loyga qorishaverib, o‘g‘il bolaga o‘xshab qolgansan”, – deb ustimdan kulishadi. Men esa erishgan yutuqlarim bilan ularga javob qaytaraman, – deydi kulol qiz. – Do‘stlarimning xulosasini o‘zgartirish uchun kelinlarga buyurtma asosida elita pardalari tikyapman. Jamoaviy tadbirlarga tortlar pishirib beraman, – deydi Ra’no. Tinib-tinchimagan qahramonimiz jamg‘armasining bir qismiga kitoblar sotib olarkan. Hozir ham “Kamolot” YIHning “Yoshlarni kitobxonlik madaniyatiga yo‘naltirish” mavzusidagi Respublika seminaridan kelayotgan ekan. Tarix g‘ildiragining aylanishini qarang, endi Istamtosh bobo nabirasi bilan faxrlanib yuribdi.

 

 

“Qumli ko‘zyoshlar”

Yuqoridagi sarlavhaga ajablanmang. Bu navbatdagi qahramonimizning senariylar va pyesalar to‘plami nomi. Ushbu ssenariy asosida yoshlar orasidagi muammolar va ularning salbiy oqibatlari ifodalangan film suratga olingan. Dilnoza Zokirova Guliston san’at kollejining aktyorlik san’ati va xalq ijodiyoti yo‘nalishi qo‘g‘irchoq aktyorligi bo‘limida o‘qiydi. Oilaviy “Ishonch” yoshlar teatrini tashkil qilishgan. Teatrda Dilnozaning guruhdosh do‘stlari havaskor yosh aktyorlar sifatida ishtirok etishadi. U 5 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ertak spektakllarga ssenariylar yozadi, o‘zi ham rollar ijro etadi. “Oqbuloq suvi”, “Jodugarning hiylasi”, “So‘ngan yulduz” filmlari tomoshabinlar tomonidan yuqori baholandi.

Teatr direktori, Dilnozaning onasi Dilorom opa Nishonova boshchiligida “Sog‘lom avlod” jamg‘armasi bilan birga Mehribonlik va Muruvvat uylarida xayriya konsertlari o‘tkazishadi. Dilnozaning keyingi filmi hozircha sir. Ammo ssenariysi mazmunidan dolzarb muammo qalamga olingani aniq.

 

“Husbudun” ning mazasi

Qish va bahor fasllarida organizmimiz vitaminlarga ehtiyoj sezadi. Aksiga olib bu paytda ho‘l mevalar ombori ancha bo‘shab qoladi. Nurshoda esa, quritilgan mevalar foydali xususiyatini to‘liq saqlab qoladi, deya hisoblaydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish va qayta ishlash biznes rejasi bo‘yicha bankdan imtiyozli kredit oldi. O‘rik, uzum, olma, qorag‘at, anjir mevalarini quritib, qadoqlab, savdo rastalariga topshirishadi. Hozir bu mahsulotlar Rossiya bozorlaridan ham munosib joy egallagan. 5 nafar ishchi xodim Nurshodaga yaqindan yordam beradi. U bankdan olgan kreditiga mevalarni sun’iy quritish sexi ochmoqchi. Bunda ish jarayoni tezlashadi, hashorat tushmaydi, qo‘shimcha ishchi o‘rinlari tashkil qilinadi. Nurshoda ishchilari sonini 20 taga ko‘paytirmoqchi. Qurigan mevalardan sharbat tayyorlash rejalarini ham o‘ylab qo‘ygan. Nurshoda Keldiyorova Qiziltepa qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida tahsil olmoqda. Bundan tashqari u “Eng yosh Navoiyxon”, “Orasta qizlar” ko‘rik-tanlovi, “Yuksak ma’naviyatli avlod” festivallarida ishtirok etgan. Tadbirkor qiz Qiziltepaning noyob Husbudun o‘rigidan qilingan turshagining mazasini Hamdo‘stlik mamlakatlariga ham ulashmoqchi.

 

O‘ringul momoning sovkelesi

Qoraqalpog‘iston qizlarini bodom qovoqlari-yu, qiyiq ko‘zlaridangina ajratib olaman, desangiz xato qilasiz. Chunki ular boshidagi sovkelesi, naqshinkor ko‘kko‘ylagi va hoshiyali taxiyasi bilan ham mashhur. Zahidaning buvisi O‘ringul momo yoshligidan quroq ko‘rpachalar, o‘tov bezaklari, sovkelelar tikardi. Bu hunarni nabirasiga o‘rgatdi. Zahida esa milliy liboslarni zamonaviy bezaklar bilan boyitib, takomillashtirib dizayn yo‘nalishida tanlovlarda qatnashib, “Ishbilarmon talaba” stipendiyasiga ega bo‘ldi. “Yurt kelajagi” tanlovi respublika bosqichi ishtirokchisi. Zahida hozirda tikuv sexi ochish ishlarini boshlab yuborgan.

Bugungi kichkina biznes g‘oya ertaga ulkan tadbirkorlik ishlariga yo‘l ochadi. Bizning eshiklarimiz dunyo minbarlariga qarata ochilgan. Maqsadni katta oling. Sizni qo‘llovchi Vatan bor!

 

Umida SADATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.