Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘rigimiz endi gullamaydi

Men “Gulxan” jurnalini sevib o‘qiyman. Uning har sahifasi men uchun qiziqarli. Jurnalda rasmi va she’rlari chiqayotgan tengqurlarimni ko‘rib havasim keladi. She’rlarim va suratim “Gulxan”da chiqsa juda xursand bo‘lar edim. Men she’r va ertaklarimni xuddi qadimdagi bobo-momolarimiz singari qorong‘u kechalarda sham yorug‘ida yozaman. Nega desangiz, bizning qishloqqa kuni bilan atigi bir yoki yarim soat chiroq beriladi. Ba’zida kuni bilan ham yonmaydi. Televizorda tengqurlarimiz yutuqlarini, yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rishni xohlayman. Lekin chiroq bo‘lmaydi. Kech tushishi bilan xonalar qorong‘u bo‘lib qoladi. Bir xonani temir pechkada o‘tin bilan isitib, sham yorug‘ida oilamiz bilan o‘tiramiz. Ballonli gazni ham sotib olamiz, navbatimiz kelmasa, oylab gazsiz qolamiz. Yaqinda dadam hovlimizdagi katta o‘rik daraxtini o‘tin uchun kesib tashladi. O‘rik juda serhosil, shirin edi-da, juda achindim. Biz, qishloq bolalari ham issiq maktabda o‘qishni va yorug‘ xonalarda yashashni xohlaymiz.

 

Shahlo KIMSANBOYEVA,

Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Bektemir qishlog‘i 20-maktab 6-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.