Qo‘shimch dars – bu…
Qadrli o‘quvchilar! Ko‘pchiligingiz maktabda a’lo baholarga o‘qisangiz-da, yanada bilimdon, zukko bo‘lish maqsadida qo‘shimcha darslarga, turli to‘garaklarga qatnashasiz. O‘zingizdagi qobiliyatni yuzaga chiqarib darslarni yaxshi o‘zlashtirayotganingizdan sevinasiz. Ammo, ba’zan o‘rtog‘ingiz qo‘shimcha darslarda toliqayotgani, o‘zi istamagan mashg‘ulotlarga ota-onasi ixtiyori bilan borayotgani haqida gapirib qoladi.
Tabiiyki, har bir ota-ona farzandining yaxshi o‘qishini, fanlarni chuqur, mukammal o‘rganishini xohlaydi. Buning uchun kerakli sharoitlarni muhayyo qilishga intiladi. Sizning yutuqlaringiz, darsda faolligingiz, vaqtingizni behudaga sarflamayotganingiz ularni yanada quvontiradi. Biroq, qo‘shimcha dars va to‘garaklarga borishning ham me’yori borligini unutmasligimiz kerak. Aslida, qanday o‘quvchi qo‘shimcha dars olishi kerak va nima uchun? Bu borada Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 44-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Zebo G‘oibnazarova shunday fikrlarni bildirdi:
– Bilasizmi, bolalar! Maktabga kelgan kuningizdayoq biz sizlarning fe’l-atvoringizni o‘rganamiz. Darsda faol qatnashishingiz, fikringizni aniq aytishingizni kuzatamiz. Orangizda 7 yoshga to‘lmay chiqqan sinfdoshlaringiz bo‘lsa, ma’lum muddat ularning darslarni o‘zlashtirishi qiyin kechadi. Shuning uchun bunday o‘quvchilar bilan darsdan keyin shug‘ullanib, o‘qish tezligini oshirib, husnixati va imlosi ustida mashg‘ulotlar olib boramiz. Dars jarayonida qiziqishlaringizni kuzatib turli to‘garaklarga jalb qilamiz. Ba’zi bolalar belgilangan dars soatlaridan tashqari qo‘shimcha darslarga ham qatnaydi. Albatta, bu usul bilan yaxshi natijalarga erishilsa-da, bolani vaqtida o‘ynab dam olishi va do‘stlari bilan suhbatlashishi uchun ham vaqt qolishi lozim.
Har doim o‘quvchilarimga asosiy fanlardan tashqari musiqa va san’at maktablariga borishni tavsiya qilaman. Sababi, bola barmoqlarini harakatlantirganda miya faoliyati dam oladi va sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanish unga zavq bag‘ishlaydi. Me’yorida bo‘lsa o‘quvchi toliqmaydi.
Yuqoridagi savolga Avazbekning onasi Shahlo opa Hasanova shunday javob berdi:
– Farzandlarim har kuni maktabdan tashqari qo‘shimcha darslarga, mashg‘ulotlarga boradi. Ular bilan dars tayyorlayotganimizda matematik amallarni bajarishga, ingliz tilidan o‘zlashtirishga qiynalayotganini sezdim. Shundan so‘ng ustozidan ular bilan alohida shug‘ullanishini iltimos qildim. O‘zim ham ular bilan mashg‘ulotlarga qatnadim. O‘qituvchi mavzularni qiziqarli o‘yinlar orqali tushuntirgani sabab, bolamning darsga qiziqishi kundan-kunga ortdi. Uy vazifalarini mening yordamimsiz bajara olmaydigan o‘g‘lim, hozirda mustaqil dars tayyorlayapti. Ingliz tilidan ham so‘z boyligi ortib, sinfning a’lochi o‘quvchilari safidan joy oldi.
Bo‘sh vaqtlarida esa uyimiz yaqinidagi bolalar musiqa va san’at maktabining rassomlik to‘garagiga qatnaydi. Maktabdan kelib uy vazifalarini bajargach, do‘stlari bilan o‘ynashga ham vaqt topyapti.
Bu haqida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi psixolog Nargiza Mirasirovaning fikrlari bilan qiziqdik.
Qo‘shimcha mashg‘ulotlar, fan to‘garaklari – bular iqtidoringizni nomoyon qilib, bilimingizni boyitadi. Ammo, ba’zi tengdoshlaringiz ota-onasining tavsiyasi bilan o‘zi xohlamagan fanlarga qatnaganda, ularning miya faoliyatida toliqish, xotiraning pasayishi, loqaydlik, darslarga bormaslik uchun turli bahonalar o‘ylab topishi ham kuzatiladi. Shuning uchun, siz bilan mashg‘ulot o‘tadigan o‘qituvchi o‘rtasida munosabat yaxshi bo‘lishi kerak. Vazifani sizga oson, sodda va qiziqarli usulda tushuntirsa, darsga bo‘lgan qiziqishingiz ortadi. Agar orangizda ko‘rish qobilyati past, umurtqa qiyshayishi (skalioz) kabi salomatligi bilan bog‘liq muommolari bor o‘quvchilar bo‘lsa, ularga ko‘p o‘tirish, uzoq vaqt kitob o‘qish chegaralanadi. Bunday bolalarga ko‘proq suzish bilan shug‘ullanishni tavsiya qilamiz.
Bolalar, maktabingizdagi to‘garaklarga siz o‘z qiziqishingiz, imkoniyatingizdan kelib chiqib, qatnashasizmi? Yoki... Bu haqidagi fikr mulohazalaringizni kutib qolamiz.
Iroda UMAROVA