Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yuvvoshning sarguzashti

“O‘zbekiston” NMIUda yozuvchi Muhabbat Hamidovaning “Hakka xolaning hangomalari” nomli kitobi bosmadan chiqdi. Hakka xolaning sarguzashlarga boy hangomalarini o‘qigach, qalbingizda ona tabiatga bo‘lgan mehringiz oshadi. Hovlingizdagi, bog‘ingizdagi daraxtlarda shoxdan shoxga sakrab, o‘zlaricha chug‘urlashayotgan turfa qushlarning ham o‘z hayoti borligini, ularga hamisha sizning ko‘magingiz va mehringiz zarurligini bilib olasiz. Quyida kitobdan parcha o‘qiysiz.

 

Yuvvoshtoy oldingi partada o‘tiradi. Ko‘zimni ochsam, yo‘q! Do‘mboqqina palapon edi, mushuk o‘lgur tortib ketgan bo‘lsa-ya, deb qo‘rqib ketdim. Sal uyqum tarqagach, Mushuk qayoqda-yu Mirzaterak qayoqda, buyoqlarga chiqishga unga yo‘l bo‘lsin, deb o‘zimga tasalli berdim. Musichaga ham hayronman. O‘zi bittagina bolasi bo‘lsa, qarab o‘tirmaydimi, uyda. “O‘g‘limiz bizga o‘xshagan bo‘shang bo‘lmasin, sal-pal tilli, jag‘li bo‘lsin. Iltimos, tarbiyalab, katta qilib bering”, deb bog‘chamga tashlab ketdi. Sazasi o‘lmasin, deb ko‘na qoluvdim. Mendan nima ketyapti, o‘ttizta palaponning ichida bor-yo‘qligi ham sezilmaydi. Nima desam shuni qiladi, jonimni qiynamasa, deb o‘ylagandim-da. Yo‘q, mana, undan ham qiliq chiqibdi. Endi qayerdan qidirsam ekan. Taomxonada uxlab qoldimikan? O‘ziyam uyquchigina. Balki boya onasi tashlab ketgan ninachini qidirayotgandir. Bekorga yeb qo‘yibman-da, deb o‘ylab turgandim, “Voy-dod, oyijon”, degan ovozdan cho‘chib tushdim.

Uchib borib darchadan pastga qaradim. Yuvvosh! Toshdek pastga sho‘ng‘ib ketyapti. O‘ylab o‘tirmay men ham ko‘zimni chirt yumgancha pastga otildim. “To‘p” etgan ovozdan ko‘zimni ochdim: Xayriyat! Yuvvosh Sardorning dadasi to‘plab qo‘ygan go‘ng uyimi ustiga “qo‘nibdi”. Yaxshiyam, go‘ng titayotgan Chiporbeka o‘zini chetga olib qoldi, bo‘lmasa bo‘yni uzilib ketarmidi.

– Bu nima qiliq, betamiz, o‘zingni tashlashga boshqa joy qurib qolganmidi? Chipor xolangni o‘takasini yording-ku. Tumshug‘ingga bir tepaymi! – Chipordan sal narida uyoq-buyoqda olazarak qarab turgan Dakang Yuvvoshning yoniga yugurib borib, o‘ng oyog‘ini ko‘tardi-yu, darrov tushirdi. – Voy-bo‘ akasi, hali qip-qizil jish ekansan-u. Terakning tepasida senga pishirib qo‘yibdimi! – deb Yuvvoshni sekingina turtib qo‘ydi.

Men Dakangni vajohatidan qo‘rqib, o‘zimni panaga oldim.

– Ota-onam ishdalar. Men bog‘chada edim, – ayanchli chug‘urladi Yuvvoshginam.

– Iya, hali tuzukroq qanot chiqarmagan bolani qaysi nodon bog‘chaga beradi?!

– Hay dadasi, bola sho‘rlikni hadeb urishavermay, birontasini yordamga chaqirsangiz-chi, – dedi chipor jilmayib.

Dakang kimni chaqirishni, nima deb chaqirishni bilmay, qichqirib yubordi. Menga jon kirdi, asta panadan chiqdim-u:

– Hoy qo‘shni, tinchlikmi, yo soatingiz buzilib qoldimi, bemahalda qichqiryapsiz? Sekinroq-da, bolalarimni uyg‘otib yuborasiz, – dedim.

– Uyg‘otib yuborasiz emish, sizdan boshqa hech kim uxlayotgani yo‘q. Sizga ishonib ketishgandan keyin, hushyorroq bo‘lmaysizmi?! Sho‘rlik palapon yomonlar qo‘liga tushib qolsa nima qilardingiz! – jahl bilan dedi Dakang.

– Nima gap bo‘pti, qaysi palaponni aytyapsiz? – so‘radim hech narsa bilmaganday.

– Men bog‘cha opa, Yuvvoshman. Uyimni qidirib chiquvdim, yiqilib ketdim, – ming‘irladi Yuvvosh.

– Voy sho‘rim, Yuvvoshjon, bu nima qilganing, palaponim. Hammayog‘ing bus-butunmi, lat yemadingmi, yaxshiyam Dakang janoblari ko‘rib qolibdilar, mushukni qo‘liga tushib qolganingdami...

– E, Dakang tog‘asi bor joyda Mushuk yaqinlasha olarmidi, – maqtandi Dakang.

Yaxshiligingizni unutmayman xo‘roz janoblari. Ilojini toprganimda jo‘jalaringizni o‘zim o‘qitib berardim.

– Rahmat, rahmat, bir saboq bo‘lsa o‘zimiz ham eplaymiz. Undan ko‘ra mana bu bosh og‘rig‘ingizni qanday qilib olib ketishni o‘ylang, – qaqilladi Chiporxon Dakangni panasiga turvolib.

– To‘g‘ri aytasiz qizim, men hozir kelaman, – dedim-u to‘g‘ri Sardor kitob o‘qib o‘tirgan chorpoya tomon uchdim. Chorpoyaga soya tashlab turgan o‘rik shoxiga qo‘nib chunonam sayradim-ki, Sardor cho‘chib boshini ko‘tardi. Men fursatdan foydalanib boshiga qo‘nay-qo‘nay deb uchib o‘tdim. U kitobni yopti-da, o‘rnidan turdi.

– Nima gap, nega sayrayapsan? Birorta mehmon kelyaptimi? – so‘radi u.

– Buyoqqa, buyoqqa yuring, ahvol chatoq, – dedim-u go‘ngtepaga qarab uchdim. Sardor menga ergashdi. Borsak, sho‘rlik Yuvvoshginamni gir atrofini Chipor bekaning jujuqlari qurshab olibdi.

– Ko‘rdingizmi, kattalarning gapiga kirmagan, o‘zboshimchalik qilgan jo‘janing ahvolini, – dedi Chipor bolalariga.

– Qani, bu yerda nimalar bo‘lyapti, – ularga yaqinlashdi Sardor. Dakang, Chipor, ularga qo‘shilib jo‘jalar ham Sardorga salom berib, o‘zlarini chetga olishdi. Sho‘rlik Yuvvoshginam esa gavdasini ko‘tarolmay, sal-pal qimirlab qo‘ya qoldi.

– Voy baqaloq, nima qilib qo‘yding? – Sardor Yuvvoshni avaylabgina qo‘liga oldi. – Hech qayering lat yemadimi? – deb qanotlari ostini ko‘tarib ko‘rdi, oyoqchalarini siladi. – Hammayog‘i butun, faqat qo‘rqib ketibdi. Hozir ozgina suv beramiz-u bog‘chasiga qaytaramiz. – Bog‘chaga borgim kelmayapti, oyimni sog‘indim. Uyga ketaman, – dedi Yuvvosh sal tetiklashib.

– Ha, ha. Uyiga borgani tuzuk. Onasiga o‘zim tushuntiraman, – dedim Sardorga yaqinlashib.

Sardor Yuvvoshni ishkomlar orasidagi inga qo‘yib tushdi. Men ungacha bitta so‘na pashsha tutib berdim. – Oying qaytgunicha yana bir xabar olaman, sen jimgina ovqatingni yeb o‘tir, – dedim. – Qanotlaring mustahkam bo‘lib, kuchga kirgach, o‘zim daryo bo‘yiga, Laylak xolangni yoniga olib boraman. U yerdagi qamishzorda yemish ko‘p bo‘ladi. Bir mazza qilamiz, – dedim-u ko‘kka parvoz qildim. Bu paytda qosh qoraya boshlagan edi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.