Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sen bahorni sog‘inmadingmi?

Yodnoma

 

ABDULLA ORIPOV! Biz sevgan benazir shoir! Ulug‘likning yana bir yorqin namunasi...

Yuzlab, minglab muxlislari hamisha shoirning maftunkor she’riyati shaydosi bo‘ldi.

Shoirning kitoblari, she’r va dostonlari kirib bormagan xonadon, turli mavzuda yozilgan o‘tli she’rlarini o‘qib, “voh” demagan kishining o‘zi bo‘lmasa kerak.

Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda adabiyotni juda sevar, shoir va yozuvchilarga ixlosim o‘ta baland edi. 9-10 yoshlarimda 50 taga yaqin she’rni yod bilardim. Ertak, hikoya, qissa va romanlar o‘qish sevimli mashg‘ulotim bo‘lib, qaysi asardan ta’sirlansam, o‘shani qayta-qayta o‘qiyverar edim. Ayniqsa, Abdulla Oripovning “Ruhim”, “Mitti yulduz” kitoblarini o‘zgacha bir mehr bilan yaxshi ko‘rar, ulardagi she’rlarning barchasini yoddan bilsam-da, ulardan ajralgim kelmas, qalbimda shoirni ko‘rish, suhbatida bo‘lish orzusi jo‘sh urardi.

U kishi sevimli “Gulxan” jurnalimizning bosh muharriri bo‘lgan yillari men hali o‘quvchi edim. Har gal jurnalda ism, familiyalariga ko‘zim tushsa, mag‘rurlanib quvonardim. Gohi-gohida kichik she’r va xandalarim bilan jurnalda ishtirok etib turardim.

Til bayramlarida uning “Ming yillarkim” deb boshlanuvchi she’rini jo‘shib, g‘urur bilan yoddan aytar edim:

...Ona tilim sen borsan, shaksiz,

Bulbul kuyin she’rga solaman.

Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.

Maktabni tugatib, talaba bo‘ldim, muallima bo‘ldim. Biroq shoir bilan yuzma-yuz uchrashishga imkon topmadim.

Nihoyat, adashmasam, 2016-yil fevral oyi bo‘lsa kerak, ulug‘ shoirni so‘roqlab, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasiga borishga o‘zimda imkon va jur’at topdim. Men xuddi otasi istiqboliga talpingan qizaloqday qattiq hayajonda edim. Mening hayajonlarimdan bexabar Shoir to‘rdagi stolda xotirjam o‘tirardi.

– Keling, singlim, marhamat o‘tiring, – dedilar, o‘sha yoshlikdan televizor, radiolarda eshitganim tanish ovozda, menga biroz hayrat bilan qarab. Men shoshib, “Abdulla aka, biz she’rlaringizni sevib o‘qirdik, siz bilan uchrashishni yoshligimdan orzu qilganman. Shunga muyassar bo‘lganimdan juda xursandman”, – dedim mukofot olgan odamday quvonch bilan. Shoir bilan suhbatimiz qisqa boldi. Chunki qiyofalaridan salomatliklari yaxshi emasligi bilinib turardi. Suhbat so‘ngida u kishi menga saylanma asarlarining birinchi kitobiga “Doimo sog‘ yuring”, deb dastxat yozib berdilar.

Men ichimda “Ilohim, yana bir marta shu odam suhbatida bo‘lay”, deb niyat qildim. Ammo, qayta ko‘rishish nasib qilmadi.

Jonajon o‘lkamizga yana go‘zal va fusunkor bahor faslini boshlab Navro‘z kirib keldi. Navro‘z har doim uni birinchi bo‘lib qarshi oladigan, unga atab go‘zal ash’orlar bitadigan shoirni topa olmay hayron bo‘ldi. Uni gulga kirayotgan bog‘lardan, maysalar qoplagan qirlardan axtardi. Nihoyat, u ham biz kabi erka farzandini har bir o‘zbek xonadonidagi javonlardan joy olgan, Vatanga, millatga mehri ufurib turgan umrboqiy, zavol topmas kitoblarida uchratdi. Ko‘ngli taskin topdi. Men ham ardoqli shoirni tabarruk dastxati bitgan kitobni bag‘rimga bosgancha Navro‘zga – demakki, Navro‘z farzandi, xalq shoiri Abdulla Oripov istiqboliga chiqdim. Zero, Navro‘z bor ekan, millat bor ekan, ulug‘ shoir ham bor. Uning nomi abadiyatga daxldor.

 

Zebiniso BO‘RIYEVA,

Surxondaryo viloyati Sherobod tumani

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.