Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Buxoro varnet” mo‘jizalari

Issiqxonada  o‘quv  markazi  faoliyat  yuritishi  mumkinligini tasavvur  qila olasizmi?  Dastlab  men  ham  bu haqida  eshitganimda hayron  qoldim. Va  bunday   g‘aroyib markazni  o‘z ko‘zim bilan  ko‘rishga  oshiqdim.

Hammaga ma’lum, Buxoro viloyati hududi  sho‘rxok  tuproq  va  qumloqdan  iborat.  Suv  esa  tanqis. Biroq, odamzot xohlasa va astoydil harakat qilsa,  yantoq  o‘smaydigan yerda gul ham  ko‘kartira  olar  ekan.  Buning  isbotini  Buxoro  tumanidagi “Buxoro Varnet” korxonasida  yaratilgan mo‘jizada  ko‘rdim.

     “Buxoro Varnet”  issiqxona  klasteri  uchun   beshta  tumandan 3000  gektar  yer  ajratilgan  bo‘lib,  bugungi  kungacha 120 gektar yerda qurilish  ishlari davom etayotgan  ekan.  Issiqxonaga  kirar  ekansiz,  o‘zingizni  xuddi tropik o‘rmonlarda yurganday his qilasiz. Maxsus “kokos tuprog‘i” to‘shalgan egatlarda o‘zini  qadrdon vatanidagiday  his  qilib yayrab o‘sgan limon, banan, apelsin, kivilarning shoxlaridagi shig‘il  mevalari  “Buxoroliklar   mahoratiga  qoyilmiz,   ularga  rahmat” deganday egilib turishibdi. Egatlardagi bodring  va  sabzavotlar  ham kim  o‘zarga o‘ynaganday mo‘l-ko‘l  hosil solishibdi.  Bilasizmi,  bu yerda  meni  nima  eng  ko‘p  hayratga soldi?! Pomidor!  E,  pomidordan ham hayratga  tushasizmi,  yoki  pomidor  ko‘rmaganmisiz, deysizmi?! Ko‘rmaganman! Chunki men ko‘rgan  pomidor qizil  ham,  pushti  ham  emas  –  qop-qora.  Qora  bo‘lsa  ham  juda  sersuv,  ship-shirin, ishtahani  ochadigan buxorolik  pomidor  ekan. Nega  buxorolik  deganimni  tushungandirsiz.  Chunki  u O‘zbekistonda ilk  marotaba shu  yerda – Buxoro   tuprog‘ida   yetishgan-da! Uni yetishtirishda   o‘quvchilarning ham hissasi  bor.  Qoravoy  pomidor  juda  shifobaxsh bo‘lib,  uning   tarkibi   inson   organizmini  turli  xil zararli moddalardan  tozalaydigan,   miya  va  yurak   faoliyatini  yaxshilaydigan   aminokislotalarga  boy  ekan. 

Lavhamiz   boshida  aytgandim-ku!  Bu yerda  o‘quv  markazi,  Botanika  bog‘i, “Varnet”  issiqxona  akademiyasi ishlab turibdi. O‘quv  markazida    talabalar  –   bo‘lajak   agronomlarga amaliyot darslari  o‘tiladi.  Ya’ni, talabalar  universitetda  olgan  nazariy  bilimlarini bu yerda amalda sinovdan  o‘tkazishadi.   O‘quvchi    ukalariga  o‘rganganlarini  o‘rgatishadi.  Issiqxonadagi   suv  havzasida  bilakday-bilakday  keladigan losos  baliqlarini hayrat  bilan  tomosha   qilayotganimda,  qushlarning chug‘ur-chug‘uri   qulog‘imga   chalindi.  Bunday qarasam, boshim  ustida rang-barang noyob qushlar    charx   urib uchayapti.

– Issiqxonamiz  yoqdimi,– so‘radi holatimni   sezgan  mazkur  MChJ   ijrochi  direktori Beshim   aka  Hamroyev.  –Mamlakatimiz   agrar tarmog‘idagi so‘nggi  yangiliklardan bo‘lgan “Buxoro Varnet”  MChJ”   hozirgi davr issiqxona  xo‘jaligining eng zamonaviy  moduli  hisoblanadi. Nider­landiya andozasi asosida qurilgan mo‘jizaxona  respublikamizda  yagonadir. Issiqxonamiz  xorijiy sayyohlarni  ham   maftun qilmoqda, – deydi   Beshim aka faxr  bilan.

Ha, birinchi bo‘lish, mamlakat qishloq  xo‘jaligi  rivojiga  katta  hissa  qo‘shish,  o‘z  yangiligi bilan  nafaqat  xalqimizni,  xorijliklarni  ham  hayratga  solish   – faxrlansa,  g‘ururlansa  arziydigan ish.

Asosiysi, o‘quvchilar bu yerda hayvonot va nabotot olamiga  sayr qilib,  ularni  o‘rganib,  o‘zlaridagi  yaratuvchanlik, mehnatsevarlik qobiliyatlarini shakl­lantirishyapti.   Kelajaklarini  aniqlab olishyapti.

 

Azim  AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.