Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ernest Hemingueyning yosh yozuvchiga maslahati

 

* * *

Qaysidir hikoya ustida ishlar ekanman, odatda, tongda yozishga kirishaman. Agar yozishga ishtiyoqim kuchli bo‘lsa, hech kim, hech narsa menga xalaqit berolmaydi. Xonaning iliq yo sovuqligi ham ahamiyatli emas. Butun diqqatimni asarga jamlab, shavq bilan yozaman. Odatda, kelasi sahifalarda nimalar bo‘lishini sezgan paytimda yozishni to‘xtataman va keyingi kungacha o‘ylayman.

 

* * *

Agar ertalabdan yozishga kirishsangiz, tungacha davom etishingiz mumkin. Bordi-yu ishni tez tugatsangiz, bo‘sh qolgan vaqtingizni qanday o‘tkazishni bilmay qolasiz. So‘ngra keyingi kunga qadar istalgan mashg‘ulot sizga ma’nisiz ko‘rinadi.

 

* * *

Asaringizni qisqa jumlalar bilan boshlang. Tili ham maromida bo‘lishiga jiddiy e’tibor qarating.

 

* * *

Hamisha yorug‘likka intiling, tushkunlikdan iloji boricha uzoqlashing.

 

* * *

Asar tili va uslubi yashayotgan davringizga mos bo‘lsin, aks holda u umuman o‘qilmaydi.

 

 * * *

“Buyuk”, “muhtasham”, “favqulodda”, “aqlbovarqilmas” kabi ifodalardan kamroq foydalanishga harakat qiling.

 

* * *

Yozuvchi ijod jarayonida yolg‘iz bo‘lgani yaxshi.

                                                    

* * *

Ba’zida yozishga qiynalsam, darhol kitoblarimni qo‘limga olaman. O‘sha kitoblarni yozish qachondir menga qanchalik qiyin bo‘lgani, hatto ba’zan imkonsiz ko‘ringanini eslayman.

 

 * * *

Yaxshi yozuvchi ko‘rganini tasvirlashdan qochgani ma’qul. U o‘z tasavvuridan foydalangan holda asar yaratishni bilishi zarur.

 

Tarjimon: Rahmat BOBOJON

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.