Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Osiyoni hayratga solgan qiz

Tanishing, Barnoxon Sayfullayeva. 2005-yilda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tug‘ilgan. Balandlikka sakrash bo‘yicha 30 marotaba O‘zbekiston, ikki marta Markaziy Osiyo chempioni bo‘lgan; bir nechta xalqaro turnirlar g‘olibi. 2022-yilda 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Quvaytda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 1,84 santimetr natija ko‘rsatib, oltin medalni qo‘lga kiritgan. Yaqinda yoshlar o‘rtasida Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ham barcha raqiblarini ortda qoldirib, oliy o‘ringa sazovor bo‘ldi.

“Ehhe... Shuncha yutuqqa qanday erishdi?” deysizmi? Keling, bu haqida Barnoning o‘zidan eshitamiz:

–   O‘sha paytda 5-sinfda o‘qir edim. Maktabimiz sport zalida yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi murabbiyi Xurshid aka Karimov  balandlikka sak­rash mashg‘ulotlarini o‘ta­yotgan edilar. Shogird­larining mashqlarini qiziqib kuzatdim. Ularga taqlid qilib, maydon chetida yugurib kelib, uzoqqa sakradim. Bo‘lajak murabbiyim meni kuzatib turgan ekanlar. Yonimga kelib, ismimni, nechanchi sinfda o‘qishimni so‘rab: “Yana sakrashni xohlaysanmi?” dedilar. Murabbiyning savoli yoqib tushdi. Ikkilanib o‘tirmasdan uzoqdan borib, yugurishga tushdim. Belgilangan balandlikdan sakrab o‘tdim. Ustozim  masofani o‘lchab ko‘rgach, hayron bo‘ldilar: “Yettinchi-sakkizinchi sinf o‘quvchilari uchun belgilangan me’yorni qiyinchiliksiz uddalading!” Eng qizig‘i, egnimda oddiy maktab formasi edi. “Agar mashg‘ulot uchun qulay sport kiyimida bo‘lganingda yanada yuqori natijaga erishishing mumkin ekan”, dedilar.

Shu kunning o‘zida Barnoxon yengil atletika to‘garagi mashg‘ulotlarida ishtirok eta boshladi. Ustozi uning qiziqishiga qarab, asosan, balandlikka sakrash sirlarini o‘rgatdi. Qisqa fursatda ustoz o‘gitlarini o‘zlashtirib borib, sport maktabida faollar qatoriga kirib oldi. Iqtidori,  tirishqoqligi uni marralar sari chorlayotganini u paytlarda ko‘pchilik anglamasdi. Faqatgina murabbiy va Barnoning onasi Nilufar opa ko‘zlari chaqnab turgan bu qizcha vaqti kelib, yuqori o‘rinlarni zabt etishiga umid  qilishardi. Oradan uch oy o‘tib, Toshkent shahrida yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma keldi. Xurshid Karimov chempionatga ikki yildan buyon yaxshi hozirlik ko‘rib kelayotgan to‘rt nafar shogirdi va yoshi kichik bo‘lsa-da, tajribasini oshirib kelishi uchun Barnoxonni ham olib ketdi.

Toshkent shahri, 2016-yil. Katta sport arenasida mamlakat chempionatiga start berildi. Bir chetda tomoshabin bo‘lib o‘tirgan Barnoxon ustozidan musobaqada ishtirok etishga ruxsat so‘radi. Yosh iqtidorning qiziqishini so‘ndirishni istamagan murabbiy chempionat ishtirokchilari safiga bir amallab uni kiritdi. Boisi, musobaqa ishtirokchilarining yoshi kattaroq edi. Shunday bo‘lsa-da, hakamlar rozilik bildirdi. Viloyat va shaharlardan saralanib kelgan kuchli atletlar qatnashayotgan bellashuvda hali biror marta ishtirok etmagan qizchaga hech kim e’tibor bermadi. Xurshid Karimov musobaqa davomida to‘rt nafar shogirdi aytarli natijaga erisholmagani bois, kayfiyati tushib, bir chetda tomoshabin bo‘lib o‘tirarkan, Barnoxonning musobaqada ishtirok etayotgani yodidan ham ko‘tarilgandi. Bir vaqt balandlikka sakrash bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash marosimi boshlanib, suxandon mikrofon orqali birinchi o‘rinni qashqadaryolik Barnoxon Sayfullayeva qo‘lga kiritgani haqida e’lon qildi. Murabbiy quloqlariga ishonmadi. Hakamlar unga shogirdini shohsupaning birinchi pog‘onasiga olib chiqishini so‘rashdi. Yosh qizaloqning bo‘yniga oltin medal taqisharkan, shu yoshida balandlikka sakrash bo‘yicha mamlakat rekordini yangilagani ham e’tirof etildi.

 — O‘shanda ustozi musobaqaga olib ketish uchun kelganida, rosa ikkilanib, rozilik bildirganman, — deydi Barnoxonning onasi Nilufar opa. — Ochig‘i, hech bo‘lmasa tomosha qilib kelar, degan umidda jo‘natgandim. Chempionat yakuniga yetib, qizimning oltin medalni qo‘lga kiritganini eshitganimda, ishonmadim. Ustozi shunchaki mening ko‘nglimni ko‘tarish uchun shunday deyapti, deb o‘yladim. Kelgach, ko‘rdimki, haqiqatan chempion bo‘libdi. Xursandligimdan boshim ko‘kka yetdi. Shunday farzand o‘stirganimga ko‘p bor rahmatlar aytishganida, mendan baxtli ona yo‘qligini his qilaman.

So‘ng uning g‘alabali onlari boshlandi. Yana to‘rt oydan so‘ng Buxoro shahrida o‘tkazilgan navbatdagi mamlakat birin­chiligida 1,70 santimetr natija bilan O‘zbekiston rekordini o‘z tengdoshlari o‘rtasida yangilab, sport ustaligiga nomzod bo‘ldi. Kasbilik atlet qizchaning g‘alabali odimlari shu bilan to‘xtab qolmadi. Aksincha, qaysi musobaqaga borsa, raqiblarini dog‘da qoldiradigan, g‘oliblikni qo‘lga kiritmasdan ortga qaytmaydigan bo‘ldi.  Ayni paytda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tahsil olayotgan Barnoxon kelgusi yili o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lish istagida.  

— Sport hayotimning mazmuniga aylandi, — deydi B.Sayfullayeva. — Shu bois, yengil atletikasiz yashashni tasavvur eta olmayman. Yuqori natijalarni qo‘lga kiritishimda birinchi galda ustozlarimning mehnati katta. Jumladan, O‘zbekiston yengil atletika terma jamoasi murabbiyi, ustozim Alim Ahmedjanovning xizmatlari beqiyos. Hali orzularim ko‘p. O‘z natijalarim orqali yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratish imkoniyati bor ekan, hech qachon ortga chekinmayman. Nasib etsa, Jahon olimpiadasi g‘olibi bo‘lib, mamlakatimizga oltin medal bilan qaytaman.

 

Dilafro‘z  ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.