Dadil qadamlar
Hash-pash deguncha, yozgi ta’til ham o‘tib ketdi. O‘tgan yili ta’til boshida buvim, onam, opam va ukam bilan Marg‘ilon shahrida joylashgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabiga borgandik. Maktab Ijodkorlar bog‘iga ulangan bo‘lib, uning markazida yurtimizning sevimli farzandi, O‘zbekiston qahramoni shoir Erkin Vohidovning haykali o‘rnatilgan. Nimagadir o‘shanda maktab o‘quvchilariga juda havas qildim va shu maktabda o‘qishni dilimga tugib qaytdim.
Yoz oyida ijod maktabi imtihonlarini topshirdim. Imtihon paytida ustozlar xushmuomalalik bilan “Xush kelibsiz, bolajonlar! Astoydil harakat qiling. Albatta, imtihondan o‘tasiz, asosiysi, hayajonlanib o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymang. Barchangizga omad!” deb dalda berishdi. Talabgorlar va ularning yaqinlari uchun juda katta imkoniyat va qulayliklar yaratilgandi. Oxirgi 3-bosqich imtihonini topshirib chiqqanimdan keyin har tong o‘zimga o‘zim “Sinovlardan o‘ta oldimmikan?” degan savol berardim. Ustiga-ustak ustozlarim va do‘stlarim “Natijalar chiqibdimi?” deb so‘rashardi. “Yo‘q, hali chiqmadi, kutyapman”, derdim hayajon bilan.
Va nihoyat, 19-avgust kuni kechki payt telefonimga: “Tabriklaymiz. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabiga qabul qilindingiz!” degan xabar keldi. Bu so‘zlarni o‘qib, ko‘zlarimga ishonmadim. Eng katta orzularimdan biri ushaldi – xursand bo‘lganimni ko‘rganingizda edi!
Sirdaryolik ustozim Ahmadali Shernazarovga, jizzaxlik ustozim Ro‘zimurod Bolqiyevga, “Tong yulduzi” gazetasi muharriri Nodira Nazarovaga, Respublika bolalar kutubxonasi xodimi, Ijodkor bolalar to‘garagining rahbari Dilnoza Kamolovnaga, “Yangiyer tongi” gazetasi bosh muharriri Jamila Yunusovaga xushxabarni aytib, xursandchiligimni ular bilan baham ko‘rdim.
Endi maktabda a’lo baholarga o‘qib, o‘z ustimda ishlashdan to‘xtamayman. Mashqlarimni yanada boyitib, ko‘proq badiiy asarlar mutolaa qilaman. Biz yoshlarga shunday sharoitlar yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdorman. Bu imkoniyatlardan foydalanib, nufuzli oliygohlarda tahsil olib, Vatanimizning yanada gullab-yashnashiga o‘z hissamni qo‘shaman, degan umiddaman.
Farzona HOSHIMOVA,
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri Erkin Vohidov nomidagi
ijod maktabining 7-sinf o‘quvchisi