Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dam shu damdir…

Kattalar hayotini bi-i-i-r kuzatsak unda insonlar asosan 3 toifaga bo‘linishini ko‘ramiz. Birinchisi hayot oqimi bo‘ylab suzuvchilar. Bunday odamlar odatda real hayotda nima foydali bo‘lsa, shu ishni qilishni ma’qul ko‘radilar. Ikkinchi toifa odamlar oqimga qarshi suzuvchilar. Ular birinchi turdagidan farqli ravishda o‘ziga “Nima uchun?” degan savolni bera oladigan odamlardir. Undaylar bizning oramizda ham bor: “Nima uchun men matematikaga yoki ingliz tiliga qiziqmasam ham uni o‘qishim kerak? Hamma o‘qiyotgan bo‘lsa nima qilibdi? Men yapon tilini o‘rganaman”, – deya hech kim qilmagan ishlarni qilib, boshqalardan ajralib turishni istaydilar. Va nihoyat, uchinchi turdagilar hayotda o‘zi oqim bo‘la oladiganlardir. Bundaylar hammaning fikriga ergashmaydi, boshqacha bo‘lish, hurmat qozonish uchun harakat qilmaydi, ular aniq maqsad sari intiladilar. Hech kimning xayoliga kelmagan, boshqalar buni qilish imkonsiz deb o‘ylagan narsalarni amalga oshirishga urinadilar va ertami-kechmi maqsadga erishadilar.

Aziz tengdoshim, siz bu toifadan qay biriga mansubsiz? Men atrofdagi o‘rtoqlarimizni kuzatdim. Aksariyati bir kasallikka duchor bo‘lishibdi – maqsadsizlik!!! Maqsadlari borlarning ham oliy maqsadi – universitetga kirish!!! Bir amallab universitetga kirib olgach esa nima qilishini, qayoqqa borishini bilmay hayron. Aniq maqsadli odam esa ertaga kim bo‘lishini, buning uchun hozirdan nima qilishi kerakligini, unga qanday bilimlar zarurligini va buning uchun qanday kitoblar o‘qishi, qayerda o‘qishi kerakligini aniq biladi. Ko‘r-ko‘rona nimadir o‘rganib, endi kim bo‘lsam ekan, demaydi. Lekin aniq maqsadni, kim bo‘lishimizni aniqlab olish jarayoni ham oson kechmaydi-da. Buning uchun ishni nimadan boshlasak ekan? Keling, yaxshisi,  bugungi suhbatimiz qahramonining tajribalari bilan yaqindan tanishamiz. Ularning maslahatlari, ehtimol, hayotdagi o‘rnimizni topib olishimizda asqotar.

 

Jahongir Matkarimov, Turizm va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim boshqarmasi boshlig‘i

Inson o‘zini anglashida, o‘zidan qoniqishida, hayot tarzida, moddiy hayotida, oilaviy munosabatlarning kelgusida qanday bo‘lishida u tanlagan karyera muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham inson o‘z kelajagi haqida o‘ylarkan, kasbni shunchaki tanlab, maqsadni yo‘l-yo‘lakay qo‘ymasligi lozim. Menimcha, har bir inson karyera tanlashdan oldin o‘ziga quyidagi savollarni berib ko‘rishi kerak.

1.Men nimalarga qiziqaman?

Inson hayotining uchdan bir qismi xohlaydimi-yo‘qmi kasbi, ishi bilan bog‘liq holda o‘tadi. Shunday ekan, nima uchun biz o‘zimiz qiziqmagan sohada ishlashimiz kerak? Aqlli odam maoshi ko‘pligi uchungina o‘ziga yoqmagan sohani tanlamaydi, balki qilayotgan ishidan rohatlanib, mazza qilib bajarish uchun ham o‘zi uchun qiziq bo‘lgan kasbning etagidan tutadi. Deylik, sizga yozish yoqadi. Bunda yozish bilan bog‘liq kasblarni o‘rganib chiqishga to‘g‘ri keladi: jurnalist, kopirayter, SMM menejer, PR menejer, muharrir, kontent marketing menejer, tashkilotlardagi matbuot xizmatida ishlovchilar kabi ko‘plab sohalar shular jumlasidandir. Lekin bu sohalar uchun ham bilim va tajriba kerak. Demak, kasb tanlashda birinchi bosqich qiziqishlarni aniqlab olish, ularga mos kasblarni izlash va shunga yarasha bilimlarni o‘rganishdan boshlagan ma’qul.

2. Men nimalar qila olaman?

O‘z qobiliyatini to‘g‘ri baholay olish eng yaxshi fazilatlardan biri. Kimdir, aytaylik, yaxshigina oshpazlik qila oladi, kimdir gapga chechan va odamlar bilan darrov chiqishib ketadi, kimdir vazmin bo‘lsa-da ishlarini tartib bilan, vaqtida bajarishni, kimdir jamoani boshqarishni yoqtiradi. Gap shundaki, bu kabi qobiliyatlarimiz kasb tanlash jarayonida yaxshigina qo‘l keladi. Buni bilib olish uchun “Gulxan” jurnali o‘quvchilari, avvalo, bir qog‘oz olib, unga o‘zlarining nimalarda kuchli ekanini yozishsin. Agar buni bilish qiyin bo‘lsa, ota-onalari, do‘stlari, ustozlaridan so‘rashi mumkin.

3. Men qanday fe’l-atvor egasiman?

Hattoki, bizning xarakterimiz ham to‘g‘ri kasbni tanlashimizga yordam beradi. Avvalo, o‘zingizdan so‘rang. Menga yolg‘iz ishlash yoqadimi, yoki jamoa bilan? Menga jamoani boshqarish ma’qulmi, yoki jamoa tarkibida o‘z ishimning ustasi bo‘lish? Menga odamlar bilan hamjihatlikda ishlash ko‘proq to‘g‘ri keladimi, yoki sog‘lom raqobat bo‘lgani durustmi? Menga g‘oyalar bilan ishlash qiziqroqmi yoki amaliy ishlar qilish? Men ijodkormanmi, yoki oddiylikni sevuvchi odam?

Bu savollarga berilgan javoblar sizni qaysi soha odami ekaningizni ko‘rsatadi. Va yana bir narsani unutmaslik kerak. Pulni kasb emas, odam topadi. O‘z ishining ustasi bo‘lmagan dasturchidan ko‘ra, mutaxassis tikuvchi yoki dizayner ko‘proq daromad oladi. Demak, qaysi kasb egasi bo‘lishdan qat’i nazar uning miridan-sirigacha bilib olishga harakat qiling.

Men uchun hayotda nima muhim?

Kim uchundir puli ko‘p bo‘lishi, oilasini moddiy jihatdan yaxshi ta’minlab qo‘yishi muhim. Kim uchundir hayot va oilani teng olib ketish, ishni deb oilaga vaqti yetmay qolmasligi, farzandlar tarbiyasi, oilaga, vaqtida dam olishga vaqt ajrata olishi zarur. Siz uchun muhim bo‘lgan narsalar kasbni to‘g‘ri tanlashga yordam beradi.

Nimani o‘rganishim kerak?

Har bir kasb o‘ziga xos bilim va malaka talab qiladi. Bilim uchun esa ma’lum miqdorda  vaqt va pul sarflaymiz. Masalan, shifokor bo‘lishni istaganlar kamida 6 yillik oliy ta’limni o‘qishsa, ba’zi mutaxassisliklar bakalavrda 3 yil o‘qishadi. Siz ta’limga qancha vaqt va pul ajrata olasiz? Buni chamalab olish kerak. Tanlagan kasbingizdada siz o‘qishni bitirguningizcha ish bo‘ladimi? Ba’zi kasblar vaqt o‘tishi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Masalan, o‘ziyurar mashinalarning sinovdan o‘tkazilyotgani, yirik tarjimon dasturlari yaratilyotgani sabab kelajakda haydovchilar yoki tarjimonlarning bozori kasod bo‘lishi mumkin degan ehtimol bor. Aslida, zo‘r mutaxassis har qanday muhitda ham ishini topib ketadi. Lekin  ishning ko‘zini bilib kasb tanlash zarar qilmaydi.

Men qancha pul topishni istayman?

Inson daromadi kasbiga va qayerda yashashiga qarab turlicha bo‘ladi. Maosh miqdori inson baxtining asosiy o‘lchovi bo‘lmasa ham, u insonning turmush tarzi, qayerda va qanday yashashiga ta’sir qiladi.

Qayerda yashamoqchiman?

Insonning qayerda yashashi ham uning kasbiga ta’sir qiladi, yoki aksincha, kasbimiz yashash joyimizni belgilaydi. Masalan, yaxshi fermer bo‘lmoqchi bo‘lgan inson yeri unumdor bo‘lgan qishloqqa  yaqin joyni tanlagani ma’qul. Iqtisodchi, menejerlik kasblari shahardagi kompaniyalarda ishlash va shaharda yashashni talab qiladi.

 

 

Nima bilan shug‘ullanmoqchiman?

Yoshlikda odam bilimsiz va tajribasiz bo‘ladi. Shuning uchun ham har kim boshqalardan so‘rash, bilish, o‘rganish huquqiga ega. Kasblar haqida ham boshqalardan o‘rganing, kuzating, kim, nima ish qiladi bilib oling. Lekin, tanlovni o‘zingizga qoldiring. Kelajakda qilmoqchi bo‘lgan ishingizni boshqalarning emas, o‘zingizning xohish-irodangizga qarab tanlang. Boshqalarning sizdan nimadir umid qilishi, sizning o‘rningizga orzu qilishi to‘g‘ri emas. Lekin, ota-onangizning maqsad va orzulari sizniki bilan hamohang bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur. Hayot sizniki! Undagi maqsadlar o‘zingizniki bo‘lib qolishi uchun harakat qiling.

Mana do‘stlar, qachondir biz kabi o‘smir bo‘lgan, biz kabi Kim bo‘lsam ekan? – deb o‘ylagan va bugun o‘z o‘rnini topib, kasbi va ishidan mamnun bo‘lib ishlayotgan bir inson hikoyasi bilan tanishdik. Bir necha o‘n yildan keyin sizdan ham bu haqda so‘rashsa, siz qanday javob bergan bo‘lardingiz? Yoshlik – umrimizning eng chiroyli, rangli damlari va hayotimizning keyingi qismlarini yana-da rangliroq, go‘zalroq qila olishimiz uchun tamal toshi qo‘yadigan davrimizdir. “Alpomish” dostonidagi bir gap menga juda yoqadi:

Dam shu damdir o‘zga damni dema,

Boshing eson davlatingni kam dema!

 

Mana shu damlarimizdan unumli foydalanaylik deya, siz uchun Dilnavoz NAJIMOVA maxsus tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.