Uyqusiz tunlar, telefonsiz kunlar mukofoti
Mana besh yildirki, mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan o‘quvchi yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovida shu kungacha respublika bo‘yicha 3 milliondan ortiq kitobxon ishtirok etdi. Ulardan bolalar va o‘smirlar toifasidan 154 nafar o‘quvchi viloyat bosqichlariga, 42 nafar kitobxon esa poytaxtda o‘tkazilgan final bellashuvlariga yetib keldi.
Sizga ma’lumki, bu tanlov O‘zbekiston respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Yoshlar” telekanali bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. G‘olibga Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi taqdim etiladi. Ushbu tanlovga bo‘lgan qiziqish yildan yilga ortib bormoqda. Bu degani, yurtimizda kitobxonlar safi ko‘paymoqda.
Bugungi suhbatdoshimiz – bu yilgi “Yosh kitobxon” tanlovi respublika bosqichining 10-14 yosh toifasi bellashuvida 2-o‘ringa sazovor bo‘lgan Xorazm viloyati Urganch shahridagi 30-IDUMning 8-sinf o‘quvchisi Niginabonu Hajiqurbonova. O‘ylaymizki, Niginabonuning kitobga bo‘lgan munosabati, tanlovdan olgan taassurotlari hamda savollarimizga bergan javoblari kelgusida ushbu tanlovlarda ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilgan o‘quvchi-yoshlar uchun ibrat bo‘ladi.
– Bu ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ilk marotaba ishtirok etishim. Avval tajribasizligim sababli viloyat bosqichida 4-o‘rinda qolib ketgandim. Tanlovga bo‘lgan ishtiyoqim so‘nib bo‘lgan edi. Chunki xayollarga juda berilib ketib, asosiy maqsadimni unutgan ekanman. Tanlovda qatnashish taklifini menga onajonim berdilar. Bu tanlovni faqat televizorga termulib guvohi bo‘lardim. Onam esa g‘oliblar taqdirlanayotgan lahzalarda televizor oldida o‘tirgancha ko‘zlariga yosh olardilar. Mening qizim ham shunday tanlovlarda qatnashib g‘olib bo‘larmikan, derdilar menga qarab. Men rus maktabida o‘qiganim uchun osmon uzilib yerga tushadigandek norozi edim. Lekin onamning orzusi menga o‘zligimni yo‘qotmaslikni, milliy qadriyatlarimiz, adabiyotimiz, ona tilimni unutmaslikni o‘rgatdi. Ilk urinishimda tanlov tayyorgarligi uchun qattiq bel bog‘lab, o‘z ustimda ishlaganim yo‘q edi. Adabiy tilda gapirishga no‘noq edim. Ustiga ustak 2 daqiqada butun bir asarning mazmunini qisqa va lo‘nda qilib kichik bir matnga sig‘dira olish, ravon so‘zlash men uchun amri mahol edi. Xudoga shukr, mehnatlarim besamar ketmadi. Bu yilgi urinishimda viloyatda g‘olib bo‘lib, respublika bosqichiga o‘ta oldim. Buning uchun qancha uyqusiz tunlar, telefonsiz, o‘yinlarsiz, multfilmlarsiz kunlar kechirdim. Maqsadimni aniqlab olganimdan so‘ng yangi orzu-xayollar paydo bo‘ldi: minbarda turib asarni haddi a’losiga chiqarib gapirish, hakamlarni lol qoldirib, zo‘r ballar olish, turli viloyatdan kelgan eng bilimdon kitobxonlar bilan do‘stlashib olish, aloqani uzmasdan Telegramm tarmog‘ida guruh tuzish, boshlovchilar bilan qiziq va qisqa suhbat qurish... Eh-he sanab sanog‘iga yetolmaysiz. Tanlovga tayyorlanish mobaynida menga sharoit yaratib bergan onajonimga rahmat aytaman. Ular bilan har bir o‘qigan kitobim haqida suhbatlashdik, tahlil qildik, o‘rni kelganda bahslashdik. Ular har doim meni nutqimdagi kamchiliklarimni tuzatib turdilar.
Men uchun eng unutilmas shart – she’riyat bo‘ldi. Bu shartgacha men bolalar bo‘yicha 4-o‘rinda turgandim. Sahnaga meni chaqirgunlarigacha Abdulla Oripovning “Mitti yulduz” to‘plamini varaqlay boshladim. Navbat menga keldi... Va men kutish zalidan chiqar ekanman, bitta to‘rtlikka ko‘zim tushdi. She’r qalam haqida edi. Uni o‘qidim-u sahna tomon yugurdim. Raqam tanlandi, raqam ostidagi she’r ekranda paydo bo‘ldi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qarshimdagi monitorda 5 soniya oldin o‘qigan misralarim turibdi! Yuragim hapqirib ketdi. Sevinchimdan xayollarim chalkashib ketdi. Darrov xayolimni bir joyga to‘plab, tushirib qoldirilgan so‘zlarni topdim va she’rning ma’nosini tahlil qildim. Yuqori ballni olib, sahnadan chiqib kelar ekanman, Yaratgan shuncha qilgan mehnatlarimni zoye qilmaganiga amin bo‘ldim. Yo‘qsa mening ko‘zlarim o‘sha to‘rt satrga tusharmidi?!
Hozirda ingliz tilini puxta o‘zlashtirishga harakat qilyapman: koreys tilini ham o‘rganyapman. “Yosh kitobxon” tanlovi menga raqobatga bardoshli bo‘lishni o‘rgatdi. Bu tanlovni tashkil etgan mehribon Prezidentimga rahmat aytaman. Prezidentimning qalbiga shunday ezgu o‘yni jo aylagan Yaratganga shukr deyman.
Menda Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, A.Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar”, Oybekning “Bolalik xotiralarim”, Ilhom Zoirning “Holva yemagan bola”, dunyo adabiyotidan Jyul Vernning “Kapitan Grant bolalari, Ernest Tompsonning “Yovvoyi yo‘rg‘a” kitobidagi hikoyalar ayniqsa katta taassurot qoldirdi.
Badiiy kitoblar orqali men xalqimizning tarixini, taniqli yozuvchi va shoirlarimizning hayoti va ijodini puxta o‘zlashtirdim.
Tanlov tufayli qalbimda adabiyotga nisbatan cheksiz mehr uyg‘ondi. Bundan buyon badiiy asarlar o‘qish men uchun eng yoqimli mashg‘ulot, hayotiy zaruratga aylanishi, shubhasiz.
Z.HASANOVA