Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Doʻstlik davom etadi

Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 231-maktabda tuman miqyosida respublika taʼlim nashrlarining bir guruh xodimlari ishtirokida “Matbuot kunlari” boʻlib oʻtdi. Tuman maktablarining ijodkor oʻqituvchi, oʻquvchilari bolalar maʼnaviyatini oshirish, ular qalbida badiiy adabiyotga muhabbat uygʻotish uchun harakat qilayotgan maʼrifat ziyokorlari – kutubxonachilar bilan boʻlgan uchrashuv munozaraga boy oʻtdi. Uchrashuvni maktab direktori Nilufar Inamova ochib, gazeta-jurnallarning oʻqituvchi va oʻquvchilar hayotidagi oʻrni haqida gapirdi.

– Oʻquvchilarimiz “Gulxan” jurnalini sevib oʻqishadi. Uning har bir sonini orziqib kutishadi. Chunki maktabimizda ijodkor bolalar juda koʻp. Men kutubxonamizga aʼzo boʻlgan bolalar bilan birgalikda “Gulxan sahifalarida” degan adabiy kechalar oʻtkazaman. Ularning jurnal haqidagi fikrlarini oʻrganaman. “Gulxan”dagi hikoya, qissa, sheʼrlarni oʻqib, qalbida kitobga mehr uygʻongan oʻquvchilar kutubxonamizning faollariga aylanishadi. Men oʻquvchilar qalbida adabiyotga, badiiy kitoblarga muhabbat uygʻotishda yaqin koʻmakchimga aylangan “Gulxan” jurnalidan minnatdorman. Biz jurnal bilan kelgusi yilda ham hamkorlikni davom ettirishni maqsad qilganmiz. Shu bois oʻnga yaqin oʻquvchimiz jurnalning 2020-yil nashri uchun obuna boʻldi, – deydi maktab kutubxonachisi Farida Begayeva.

“Maʼrifat”, “Tong yulduzi” gazetalari, “Bolalar adabiyoti”, “Gulxan” jurnali ijodkorlari Zilola Madatova, Sayyora Qodirova, Muhabbat Hamidovalar uchrashuv ishtirokchilarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berishdi.

 

Shahrizoda SANAQULOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.