Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dunyolarni zabt etgan ovoz

Sahifamiz mehmoni – O‘zbekiston xalq artisti, opera xonandasi, dramatik tenor ovoz sohibi Ismoil JALILOV. U Italiya musiqa Akademiyasining faxriy professori. Ayni paytda O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining badiiy rahbari. Shuningdek, O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasida talabalarga opera sirlaridan ta’lim bermoqda. O‘zbek va Yevropa operalarida asosiy rollarni mahorat bilan ijro etgan. AQSH, Osiyo va Yevropa mamlakatlarida gastrolda bo‘lgan. Rio de Janeyro xalqaro tanlovi oltin medal sohibi. 

 

DARAXT BAG‘RIDAGI MUTOLAA

Men, 1948-yil Toshkent shahrida  tug‘ilganman. Oilada ikki o‘g‘il va ikki qiz edik. Otam To‘lagan aka va onam Omina opa savdo sohasida ishlardi.

Haddan ortiq sho‘x bo‘lganman. Bir kuni xurmacha qiliqlarimdan bezgan qo‘shnilarimiz oyimning ishdan kelishlarini kutib turishadi.  “Shikoyat” eshitgan oyim darvozadan “Ismoil, qayerdasan?” deb kiradilar. Men tomga chiqib qochaman.  Bu mahoratimni nihoyasini ko‘rmagan otam zora tiyilib qolsa, deb shahardagi 1-maktab-internatga berdi. Internatning kutubxonasida badiiy asarlar ko‘p edi. Maktab yonida o‘rikzor, undan naryog‘i  jarlik.  Katta o‘rik daraxtiga chiqib, mahkam o‘rnashib olaman-da, mazza qilib dovuchcha yeyman, kitob o‘qiyman. Hech kim xalaqit bermaydi. Shu tarzda mutolaa sevimli mashg‘ulotimga aylandi. Ana shu daraxtlar bag‘rida Jyul Vern, Jek London, Mayn Rid asarlarini goh rus, goh o‘zbek tilida berilib o‘qidim.

UXLAGANI QO‘YASANMI, YO‘QMI?

Amakimning o‘g‘li non zavodida ishlaydi. Sakkizinchi sinfni bitirgach, “Aka, men ham ishlamoqchiman”, dedim. Uning tavsiyasi bilan  shogird qilib olishdi. Ishim shundan iborat: birin-ketin qoliplarda zuvalalar kelaveradi. Men esa maxsus pichoq yordamida xamirning ortiqchasini kesaman. Ertalabdan kechgacha kesaveraman, kesaveraman...  Kesishdan shunchalik zerikdimki, “dod” deb yuboray dedim. O‘ylab ko‘rib, maoshimga kichkina magnitofon sotib oldim. Mashhur xonandalar Muslim Magomayev qo‘shiqlarini eshitaman, xirgoyi qilaman, zuvalalarni kesaveraman... Magnitofon mo‘jaz do‘stimga aylandi.

Hovlimiz katta edi. Dam olish kunlari azonda ukam va singillarimni uyg‘otaman. Birga uzum uzamiz, hovlini tozalaymiz, tartibga solamiz. Men esa har doimgidek yurgan yo‘limda qo‘shiq xirgoyi qilaman. Ayniqsa, vannada ovozim jaranglab chiqadi. Shu desangiz, ilhom qurmag‘ur naq tunda keladi. Televizordagi filmlardan birida aktyor va xonanda Mario Lansaning qo‘shiqlarini eshitib, unga rom bo‘lib qoldim. Sevimli san’atkorimning plastinkasini qo‘yaman-da, unga qo‘shilib opera aytaman. Qo‘shnilarimiz bilan o‘rtamizdagi devorlarimiz past. Qo‘sh­nimiz Mamlakat opa devor tagiga kelib, “Ismoil, Ismoil... Bo‘ldi qil endi... Uxlagani qo‘yasanmi-yo‘qmi?” deb noliydilar. 3-4 kun so‘zga kirgan bo‘laman. Keyin yana ahvol odatdagidek. “Ismoil, endi shu yerdan ko‘chib ketaylikmi?!” baland ovozda kesatadi Mamalakat opa.

“QUVNOQ TOSHKENT”DAN “YALLA”GA

Kunlarning birida zavodga qarashli “Quvnoq Toshkent” ansambli qo‘shiq aytish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Men bilan bir bo‘limda ishlaydigan do‘stlarim “Ismoil, sen yaxshi xirgoyi qilasan, omadingni sinab ko‘r, bizni bo‘lim g‘olib bo‘lsin”, deyishdi. Ilk marta kichik sahnada Muslim Magomayevning “Quyosh xiyobon bo‘ylab yuradi” nomli qo‘shig‘ini aytdim. Qarasam, ovozim mikrofonda bip-binoyi chiqyapti. Qo‘shiq tugagach, atrofni qarsak tutdi. “Barakalla!”, “Yaxshi kuylading!”, “Ovozing yaxshi ekan!” degan maqtovlar yangradi. Tanlovda g‘olib bo‘ldim. Shundan so‘ng ansambl rahbari Mixail Belinskiy:

– Bizga xonanda bo‘lib ishga kelasanmi, – deb so‘radi.

–   Shunda hozirgi ishimdan bo‘shasam bo‘ladimi?

–   Ha, albatta bo‘shashing mumkin.

Bu aynan men xohlagan imkoniyat edi. Guruhga o‘tib, turli tadbirlarda qo‘shiq kuylay boshladim. Keyinchalik “Sintez” guruhiga taklif qilishdi. Bu paytda “Yalla” ansambli ham endigina shakllanayotgan edi. Tadbirlarning birida guruhning badiiy rahbari Yevgeniy Sheryayev ovozimni eshitib, “Bizga o‘tmaysizmi?” deb so‘radi. “Jamoa bilan qadrdonlashib qolgan bo‘lsam, qanday o‘taman?” deb o‘yladim. Oradan bir yil o‘tdi. “Yalla”dan yana taklif bo‘lgach, o‘tishga qaror qildim. Uch yildan ortiq ular bilan ishladim. Bu vaqt ichida turli davlatlarda ijodiy safarlarda bo‘ldik.

MUVAFFAQQIYAT SARI

San’at – sehrli dunyo. Ijod qilganing sari yangi qirralaring kashf etilaveradi. Bir kuni Tbilisida o‘tkaziladigan tanlovga qatnashadigan bo‘ldim. Mashhur rus operachisi Irina Arxipova tanlov hay’ati a’zosi edi. Tanlovdan so‘ng jurnalda Arxipovaning maqolasi bosilib chiqdi. Maqolada u “Jalilov tenor ovozi bilan kelajakda dunyo sahnalarini bezashi mumkin” deya fikr bildirdi. Bu munosabat Moskva konservatoriyasiga o‘qishga kirishimga go‘yo oq yo‘l bo‘ldi. 1976-yilda konservatoriyaga, mashhur san’atkor Zurab Sotkilovning guruhiga talabalikka qabul qilindim. Talabalikda professor ustozlardan musiqa ilmini, opera sirlarini o‘rgandim, o‘z ustimda ishladim. Uchinchi kursda Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida opera bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro festivalda  qatnashib, oltin medalni qo‘lga kiritdim. Bu O‘zbekiston va men uchun, qolaversa, Moskva konservatoriyasi, opera teatri uchun katta sharaf edi. Festivaldan so‘ng Toshkentga kelganimda aeroportda katta tantana bilan kutib olishdi. O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov “O‘qishni bitirgach, Toshkentga qayting. Barcha sharoitni yaratib beramiz, siz kabi iste’dodlar bizga kerak”, dedilar. Shundan keyin 1981-yildan Alisher Navoiy nomidagi katta akademik teatrida ish boshladim. U yerda “Maysaraning ishi” operasida Cho‘pon, “Zebiniso”da Roziy, “Rigoletto”da Gersog kabi ko‘plab obrazlarni ijro qildim. Ayni paytda O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasida talabalarga dars beraman.

NOYOB OVOZ QADR TOPSIN

Bir kuni Qarshi shahrida yosh operachilar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda hakamlik qildim. Ishtirokchilar orasidan andijonlik  Barno Ismatullayeva degan o‘quvchi qizning ovozi e’tiborimni tortdi. Qarasam, operani yaxshi ijro etyapti, ammo ayrim joylarida nimadir yetishmayotgandek. “Sen konservatoriyaga hujjat topshirasanmi?” so‘radim undan. “Ha, topshiraman”, dedi u. “Agar kirsang, menga albatta uchrash”. Barno o‘qishga kirib, italyan tilini o‘rgana boshladi. U  bilan shug‘ullandim. Sekin-asta O‘zbekiston va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda Gran-prilarni qo‘lga kirita boshladi. Bugun Barno Yevropada, umuman dunyo sahnasida ijod qilayotgan birinchi raqamli operachilardan. Hozirda Germaniyada yashaydi.  Shogirdimni Vatanimizga tezroq qaytishini, shu yerda ijodini davom ettirishini judayam xohlayman. Iste’dodlar yurtimizda opera san’atini rivojlanishiga hissa qo‘shishi, shu yerda qadr topishi kerak.

Konservatoriyada noyob ovozlar talaygina. Pedagog sifatida ularni shakllantirib, qirralarini ochishga ko‘mak bermoqdaman.

 

Dilafro‘z  ZAYNIYEVA suhbatlashdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.