Ortda qolgan savollar
Mana jurnalimizning so‘nggi – dekabr soni qo‘lingizga yetib bordi. O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf “Yurtimizning bayramlari ko‘p” deb yozgan edi she’rlaridan birida. Darhaqiqat, bu oyda 8-dekabr – O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni, 10-dekabr – O‘zbekiston Davlat madhiyasi qabul qilingan kun va yana bir qancha muhim sanalar nishonlanadi. Ayniqsa, 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan mamlakatimizdagi bir millionga yaqin nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga Prezidentimiz o‘zining samimiy hurmat va ehtiromini izhor qilib murojaat etgani katta-yu kichikni quvontirdi. Aynan shu kuni tahririyatimiz xodimlari ham bir qancha maktablarda bo‘lib, bolalarga “Gulxan”ning yangi sonlaridan sovg‘a qildilar.
2022-yilni kuzatar ekanmiz, biz bilan iliq munosabatda bo‘lgan barcha muxlislarimizga rahmat aytamiz! Yil davomida jurnalning qiziqarli, mazmunli chiqishiga, o‘quvchilarning ma’naviy fazilatlarini shakllantirishga munosib hissa qo‘shgan bolajon yozuvchi va shoirlarga alohida minnatdorchilik bildiramiz. Shu qatorda o‘quvchilarni hamisha zukkolik, topqirlik va bilimdonlikka undagan betakror boshqotirmalar muallifi Foziljon Oripovning nomini hamisha mehr bilan tilga olamiz.
Jurnal sahifalarini mazmunan boyitish orqali sizning fikrlashingizni o‘stirishga o‘z hissasini qo‘shgan, vazifasiga fidoyilik bilan yondashgan tahririyat xodimlariga tashakkur aytaman. Ular “Gulxan” sahifalariga material tayyorlabgina qolmay, maktablardagi uchrashuv va tadbirlarda qatnashdilar. Elektron manzilimizga kelayotgan maktublarni o‘rgandilar. Munosiblarini jurnalga tayyorlab, nomunosiblariga javob yozib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdilar. Tahririyatga kelayotgan yosh ijodkorlarning chizgan rasmlari, yozgan she’r va hikoyalarini o‘qib birgalikda yutuq va kamchiliklarini tahlil qildilar.
Hademay eshiklarni taqillatib yangi – 2023-yil ham kirib keladi. Aziz muxlislar, siz o‘tib borayotgan 2022-yilni shunchaki qo‘yib yubormang! Ortingizga boqib o‘zingizga savol berib ko‘ring: bu yil qanday natijalarga erishdim, qancha vaqtimni behudaga sovurib yubordim, qanday badiiy kitoblar o‘qidim, ota-onam va ustozlarimni qaysi yutuqlarim bilan quvontirdim? Savollarga javobning boshlanishi mana bunday bo‘ladi: bir yoshga ulg‘aydim, bir sinf yuqoriladim... Yil mobaynida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklaringizni aniqlab olgan bo‘lsangiz, kirib kelayotgan yangi yilda ularni takrorlamaslikka so‘z bering. Yangi yilni yaxshi tilak va orzular bilan kutib oling.
Ushbu satrlarni qog‘ozga tushirar ekanman, tahririyat derazasidan tashqariga qaradim. Tun bo‘yi atrofni oqlikka burkagan qor yog‘ishda davom etyapti. Biz kutgan, biz sog‘ingan qor yog‘yapti. Yaratgandan kirib kelayotgan Yangi yil oppoq orzularimizga qanot berishini, yurtimizda hamisha tinchlik, to‘kinlik bo‘lishini, muxlislarimiz esa biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘payishini so‘radim.