Muhtarama Ulug‘ova
Muhtarama Ulug‘ova 1952-yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ildi. Shahardagi 2-maktabni oltin medal bilan bitirgach, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Farg‘ona Davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)ning o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil oldi (1968-1972).
1972-1977-yillarda Marg‘ilon shahar pedagogika bilim yurtida o‘qituvchilik qildi. Jurnalistik faoliyatini “Saodat” jurnalida boshlagan M.Ulug‘ova “Xalq so‘zi” gazetasida bo‘lim muharriri, bosh muharrir o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida katta muharrir, O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Movarounnahr” nashriyotida katta muharrir vazifalarida ishladi.
Hozirgi paytda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining maslahatchisi lavozimida mehnat qilmoqda.
Bo‘lg‘usi shoira o‘quvchilik yillaridanoq she’riy mashqlari bilan tuman, viloyat va respublika matbuotida ko‘rina boshladi. “Boychechakning tushlari” nomli birinchi she’riy to‘plami 1983-yilda bosilib chiqdi. Shundan so‘ng, uning “Muhabbatga to‘ymasman sira” (1985), “Kunlarning bag‘ri keng” (1987), “Ey dilim!” (2008) nomli she’riy to‘plamlari, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim va Hamid Olimjon xotirasiga bag‘ishlangan “Muhabbat saroyida mangu qolganlar” (2005), “Bahor keldi seni so‘roqlab” (2015) nomli badiiy-publitsistik kitoblari nashr etildi. 2022-yilda shoira “Oltin fasl ostonasi” nomli she’riy to‘plamini muxlislariga taqdim etdi.
Ijodkorning kamtarin mehnati hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.