Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eʼtirof

Men – Boysunda oʻzicha sheʼr pichirlab yurgan bola – tirik ruh bilan toʻlgʻonib turgan sheʼriyatning, jumladan, Erkin Vohidov sheʼriyatining mavjlarida adabiyotga yaqinlashdim. Adabiyotning ilk haqiqiy darslarini ularning sheʼriyatidan ham oldim.

Esimda, oʻsha paytlar yoshlar nashriyoti oʻnta shoirning moʻjaz kitobchalarini bir qutiga jamlab, nashr etdi. Bu kitobchalarni jonsaraklik bilan, sogʻingan odamimni uchratganday orziqib oʻqib chiqqanim yodimda. Biroq faqat ikki kitob: Abdulla Oripovning “Mitti yulduz” va Erkin Vohidovning “Lirika” toʻplamlaridangina izlayotganim sheʼriyat ekanligini, ular boshlagan yoʻldan ketsam, adashmasligimni gʻira-shira anglaganman...

Bu orada yana bir kitobcha – Sergey Yeseninning Erkin aka tarjimasidagi sheʼriy toʻplami qoʻlimga tushdi. Bu kitob men uchun oʻsha paytda baxt bilan uchrashuvning oʻzi edi. Albatta, bu rus shoiri haqida nimalardir eshitgan edim. Ammo Erkin akaning tarjimalari tufayli Yesenin sheʼriyati nihoyatda yurakka yaqin, mangulikka daxldor – dilbar qoʻshiqlarga aylangan edikim, ushbu tarjimalarsiz oʻzbek sheʼrxoniga Yesenin bu qadar qadrdon boʻlmas edi.

Menga bu kitobcha ham yod boʻlib ketdi. Biz, sheʼriyatni yaxshi koʻradigan yigitlar bir-birimizga bu sheʼrlarni hayqirib oʻqiganmiz. Keyinchalik oʻrischa sheʼrlarni originalda oʻqiy boshlaganimda, Yeseninning sheʼrlari naqadar mutanosib tarzda oʻzbekcha jaranglaganiga qoyil qolganman.

 

Usmon Azim,

Oʻzbekiston xalq shoiri

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.