Gʻafur Gʻulom Erkin Vohidov haqida
Gʻafur akaning shogird tanlashda oʻziga xos usullari boʻlardi.
Yoshlarning gazeta va jurnallarda bosilgan sheʼrlarini diqqat bilan oʻqirdi. Oʻz taʼbiri bilan aytganda, boqsa odam boʻladiganlarni uyga chaqirib sheʼr oʻqitib koʻrar, gapga solib, bilimi, odobi, yurish-turishi, fahm-farosati qanaqaligini obdan kuzatardi. Didiga oʻtirib qolganlarini safarga oʻzi bilan olib ketardi. Qaytib kelgandan keyin u bilan bordi-keldi qilmay qoʻydimi, bilingki nimasidir yoqmagan yoki adabiyot yukini koʻtarishga chogʻi kelmaydi. Mabodo, maʼqul boʻlgan boʻlsa, u bilan ota-bola boʻlib ketardi.
Biz tengi shogirdlarning hammasi shu imtihondan oʻtgan. Hamid Gʻulom, Shuhrat, Turob Toʻla, Vahob Roʻzimatov va men u bilan koʻp safarlarga borib, unga bir umr bogʻlanib qolgan edik.
Keyingi paytlarda u yangigina paydo boʻlgan Erkin Vohidovni koʻp gapiradigan boʻlib qolgandi. Erkinning aruzdagi muvaffaqiyatlari uni quvontirardi.
– Bilasanmi, bu bola mudragan aruzni uygʻotib yubordi. Ivirsiq shoirlar aruzni adoyi tamom qilgan edilar. Aruz baayni pati yulingan tovuq boʻlib qolgandi. Erkin uni arab, fors soʻzlaridan tozalayapti. Sof oʻzbek gʻazalini yaratyapti. Yaqinda bir papka gʻazallarini olib keldi. Juda chiroyli, maʼnoli, mahorat bilan yozilgan gʻazallari koʻp ekan. Bu bolani yozgan narsalarini eʼlon qilishga shoshilmasligi menga maʼqul boʻldi. Olib kelgan gʻazallarini koʻpi bir-ikki yil oldin yozilgan. Haligacha qayta-qayta ishlab, tuzatib, yana tashlab qoʻyyapti.
Doʻst bilan obod uying,
Gar boʻlsa u vayrona ham.
Doʻst qadam qoʻymas esa,
Vayronadir koshona ham.
Intizor har uy qadrdon
Dilkusholar bazmiga,
Gar oyoq qoʻysa qabohat
Yigʻlagay ostona ham...
Buni qara, qayta-qayta tuzatilgan bu gʻazalda bironta tushunarsiz soʻz yoʻq.
Mana shu gʻazallar daftar qatida yotibdi. Qachon bostirasan, desam “yana ozroq turatursin”, – deydi. Mana buni chinakam shoir desa boʻladi. Shu bolaga ixlosim oshib ketdi. Bilasanmi, Erkin sheʼriyatda taqlid davridan sakrab oʻtib ketdi. Navoiyga ham, Mashrabga ham taqlid qilmadi. Ularga asir boʻlib qolmadi ham. Oʻsha mumtoz shoirlarning sheʼr sanʼati sirlarini oʻrgandi. Oʻrganganda ham qayta-qayta oʻrgandi. Nihoyat oʻz yoʻlini topdi. Sheʼr ham kuy, ham fikr, ham suvrat, ham tuygʻu. U yigʻi, u faryod, u quvonch, u nur...
Gʻafur aka toʻlib-toshib gapirardi.
– Domla, bu gaplaringiz ogʻzaki maqola boʻlib ketdi-ku. Qogʻozga tushirib qoʻya qolmaysizmi?
– Sen yoz, mana, tayyor fikr!
Bir kuni Gʻafur akanikiga borsam, ayvonda chamadoniga tirsagini qoʻyib, oʻy oʻylab oʻtiribdi.
– Tojikcha gaplashishni sogʻinib qoldim. Dushanbega borib, tojik ogʻaynilarim bilan “gujo-gujo” qilib kelay.
– Bir oʻzingiz ketyapsizmi?
– Yoʻq, Erkinni olib ketyapman. Unga mashina yubordim, hozir keladi. Tojikistondagi aruz ustalari bilan bir hamsuhbat boʻlsin.
Gʻafur aka Dushanbedan Erkinga boʻlgan bir hurmati oʻn hurmat boʻlib qaytib keldi. Umrini oxirigacha unga rahnamolik qildi.
Said Ahmad,
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi