Isteʼdodlar beshigi
Minglab oʻquvchilarning haqiqiy sirdoshi, maʼnaviy doʻstiga aylangan Gulxanjon yoʻl yurishdan, yoʻl yursa ham moʻl yurishdan hech qachon erinmagan. Negaki, u oʻz muxlislarini juda yaxshi koʻradi, ularning yutuq va natijalaridan quvonadi. Zaruriyat tugʻilganda ularga yordam qoʻlini uzatadi. Isteʼdod uchqunini payqasa, uni tarbiyalab, parvarishlab respublikaga koʻz-koʻz qilishga oshiqadi. Shu kunlarda u ijodiy targʻibotchilar taklifi bilan yuzdan ortiq maktablarda oʻquvchilar, ota-onalar va ustozlar davrasida. Qaysiki maktab oʻquvchilari “Gulxan” bilan yaqindan doʻstlashgan boʻlsalar, oʻsha yerda savol-javoblar, davra suhbatlari qizgʻin tus olmoqda. Jurnaldan uzoqlashgan, uni oʻqimay qoʻygan maktab bolalari esa oʻz soʻzini aytolmay bir-birlariga qarab qizarib qolishmoqda. Hatto, ularning sinf rahbari va kutubxonachi opalari ham biroz mulzam tortmoqdalar. Bolalik davrida “Gulxan” oʻqib ulgʻaygan ustozlar esa biz sovgʻa sifatida oʻquvchilarga olib borgan jurnallarni qoʻlimizdan olib, hech kimga bergisi kelmay, bagʻriga bosishmoqda.
2021-yilning soʻnggi 12-sonini tayyorlar ekanmiz, siz muxlislarga aytadigan gaplarimiz juda koʻp ekanligini yana bir bor his etdik. Shunday boʻlsa-da, biz eng muhimlari haqida toʻxtalib oʻtamiz.
Dekabr oyida qutlugʻ ayyom – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligini nishonladik. Shu munosabat bilan mamlakatimiz rahbarining xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigida quyidagi soʻzlar borligi barchamizni quvontirdi: “... farzandlarimiz Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, oʻgʻil-qizlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada oʻz aksini topishi kerak.”
Ushbu kunga juda katta tayyorgarlik koʻrgan Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 193-maktab oʻquvchilarining bayram tadbiri aks etgan foto-suratlariga diqqat qiling. Ular qonunlarimiz orqali oʻz huquq va burchlarini juda yaxshi oʻqib-oʻrgangan oʻquvchilar. Shu bois tadbir davomida berilgan tezkor savollarga hech ikkilanmay aniq javob qaytardilar. Yurtimizning barcha viloyat va tumanlaridagi shahar va qishloqlarda yuzlab, minglab bunday bilimdon, zukko va iqtidorli bolalar borligiga ishonchimiz komil. Faqat ular oʻz faoliyatlari haqida “Gulxan”ga yozib yoki qoʻngʻiroq orqali xabardor qilib qoʻysalar bas. Biz ular haqida albatta, jurnalning kelgusi sonlarida hikoya qilamiz.
Yaqinlashib kelayotgan yangi 2022-yil barchangizga muborak boʻlsin. Yangi yil hammaga yutuqlar va yuksak natijalar yili boʻlsin!