Haydar Muhammad
Haydar Muhammad 1936-yil Toshkentda tugʻildi. Toshkent davlat pedagogika institutini tugatib (1966), ish faoliyatini Oʻzbekiston teleradiokomitetida (1965–1976) muharrirlikdan boshladi. Koʻp yillar hozirgi Milliy akademik drama teatrida adabiy maslahatchi boʻldi.
1975-yilda “Koʻnglim mening” nomli birinchi sheʼriy toʻplami nashr etildi. Shundan soʻng “Yoʻllaringga mushtoqman” (1979), “Ipak gilamlar” (1990), “Hazilkash shoh” kabi sheʼriy va dramatik asarlar toʻplamlari chop etildi. Koʻplab sheʼrlari asosida qoʻshiqlar yaratildi.
“Elyor botir” (1985), “Koʻngil chinni piyola” (1987), “Xotinlar “gap”idan chiqqan hangoma” (1990), “Sabʼai sayyor” (Navoiy dostoni asosida), “Kuyovlar konkursi” (1991), “Har kimki vafo qilsa...”, “Hazilkash shoh” (1994), “Jinoyat ustida ushlansin” (1996), “Toshkentning nozanin malikasi” (2006) kabi drama va komediyalari poytaxt va viloyat teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etildi. Bir qancha asarlari qoʻshni Tojikiston va Qirgʻiziston teatrlarida ham sahnaga qoʻyildi.
Haydar Muhammad tarjimasida Ozarbayjon dramaturgi Anorning “Zanjir yoki qiyofalar”, turkman dramaturgi H. Muxtorning “Nevarali kelin”, boshqird dramaturgi Farid Bogdanovning “Tungi mehmon” kabi asarlari oʻzbek sahnasiga chiqdi.
Istiqlol yillarida Haydar Muhammadning “Men seni sevdim” sheʼriy toʻplami (2006), “Amir Temurning tugʻilishi” ertaklar, pyesalar majmui (2008), “Hikmatlar oʻyladim” nomli toʻplami (2009), “Baxt eshigi” kichik dramalar toʻplami (2009), “Mulla tabassum Shoshiy” kitobi (2012), “Boburning yigitligi” dramatik qissalari (2013) nashr etildi.
Haydar Muhammad 2014-yili “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.