Temir odam – Ilon Mask
Bolajonlar, barchangiz dunyoga mashhur “Qasoskorlar” filmidagi Toni Stark – “Temir odam”ni juda yaxshi bilasiz. Badavlat, aqlli, hozirjavob, dovyurak, daho va qahramon Toniga oʻxshashni istamaydigan bola boʻlmasa kerak. Uning aqlli kompyuter qurilmalari, avtomobillari, turli zamonaviy texnologiyalari odamning havasini keltiradi. Eng qiyin texnologik jumboqlarni ham bir zumda yechib tashlash qobiliyatini koʻrib, shu Stark deganlari juda koʻp kitob oʻqigan boʻlsa kerak, deb oʻylaysiz. Axir qancha koʻp oʻqisang, shuncha koʻp bilasan, deyishadi-ku.
Nima? Toni Stark film qahramoni, oʻylab topilgan personaj-ku, deysizmi? I-ya, nahotki “Temir odam” hayotda mavjud insonning prototipi ekanini bilmasangiz?!
Unda diqqat qiling, bugun sizlarga zamonamizning haqiqiy qahramoni, dunyoning eng badavlat kishisi, “Tesla” elektromobillari ixtirochisi, “SPICE X” (butun dunyoni yuqori sifatli tekin internet bilan taʼminlash) loyihasi asoschisi, oʻzining avtomobilini yer orbitasiga olib chiqqan inson, xullas, sanayversak oxiri koʻrinmaydigan ixtiro-yu, yangiliklar muallifi Ilon Mask haqida soʻzlab beramiz.
Yaqinda, aniqrogʻi shu yilning bahor oylarida yurtimiz osmonida ham bir toʻda uchar jismlarning harakatlanganiga guvoh boʻldik. Ommaviy axborot vositalarida bu voqeaga nisbatan “Ilon Mask oʻzining “SPICE X” loyihasi doirasida 30 ta dronni kosmosga uchirdi”, – degan mazmunda izoh berildi. Darhaqiqat, Mask butun dunyoni bepul internet bilan taʼminlash, atmosferaga zararli gazlar chiqarilishining oldini olish, insoniyatning hayotini yana-da yaxshilash, salomatligini mustahkamlash borasida bir qator loyihalar tashabbuskori sifatida bugungi kunimizning haqiqiy qahramonlaridan biridir. Bugungi maqolamizda ana shu daho Ilon Maskning bolaligi haqida hikoya qilamiz.
Orzularga eltgan ishtiyoq
Ilon Mask 1971-yilda Janubiy Afrika Respublikasining Pretoriya shahrida tugʻildi. Uning otasi Errol ancha obroʻli oila farzandi, uchuvchi muhandis, onasi Mey Mask dietolog edi. Oilada Ilonning bir ukasi va bir singlisi bor edi. Ilon yetti yoshga toʻlganda ota-onasi ajrashib ketadi. Bolalar onalari bilan qolishadi. Koʻp oʻtmay uning taʼsiri Ilonga, nafaqat unga, butun oilaga seziladi. Ular moddiy jihatdan qiynalib qolishadi va tirikchilik uchun zarur boʻlgan narsalardan ham iqtisod qilishga majbur boʻlishadi. Mey bolalariga kiyimlarni eski liboslar doʻkonidan xarid qilardi. Hatto dasturxonni ham eng arzon yeguliklar bilan toʻldirardi.
“Baxtimga bolalarim yeryongʻoq moyidan tayyorlangan buterbrod hamda loviyalarni yaxshi koʻrardi. Bu ancha arzonga tushardi. Yana men guruch va nondan tayyorlangan oddiygina taom pishirib berardim. Bu taomlar arzon boʻlsa-da, foydali edi. Tabiiy, kimyoviy ishlov berilmagan mahsulotlar sotib olishga qurbimiz yetmasdi. Ammo, mavsumiy sabzavot va hoʻl mevalar bilan bolalarimni tez-tez mehmon qilardim”, – deydi Ilonning onasi. Mey xonim xohlagan taqdirda ham bolalarini restoran, kinoteatr, sartaroshxonalarga olib borish imkoniga ega emasdi. Bolalari uchun, hatto oʻzi uchun ham sartaroshlik qilardi. U dietolog sifatida ishlab topgan pulini ijara haqi va roʻzgʻorga sarflagan. Meyni hursand qilgan narsa bolalarining oʻqishga jon-dillari bilan berilgani edi. Ana shu narsa onaning kelajakka umid bilan qarashiga kuch boʻlardi. Ilon fizikani oʻrganib biznesmen boʻlishni, Kimbal restoran biznesi bilan, qizi Toska kinematograf boʻlishni orzu qilardi (Aytib qoʻyaylik – ular bu orzulariga erishdi). Ilon xayolparst emasdi. U bolaligidan astronomiyaga qiziqardi. Lekin kun kelib oʻgʻlining raketa yaratishi, u bilan Marsga uchishi mushtipar onaning yetti uxlab tushiga ham kirmagan edi. “Ona, avval Marsda turar-joy binolari quramiz, keyin odamlarni koʻchirib olib boramiz”, – degandi Ilon bolaligida. “Ehtimol Marsga chiqish nabiralarimga nasib qilar, shunday boʻlsa men ham albatta ular bilan boraman”, – degandi ona oʻgʻlini quvvatlab.
Bolalar otalari bilan ham tez-tez uchrashib turishardi. Navbatdagi uchrashuvda Ilon otasini juda mungʻayib qolganini his qildi. Ilonning unga rahmi keldi va otasi yoniga ketdi. Koʻp oʻtmay ukasi ham ularga qoʻshildi. Otasi Errol oʻta qattiqqoʻl, talabchan boʻlsa-da, bolalariga yaxshi tarbiya berdi. Ular qalbida aniq fanlarga muhabbat uygʻotdi.
Ilon bolaligidan fantastika va elektronikaga qiziqardi. U maktabdagi muammolar, oilaviy tashvishlardan qochib, juda erta kitob oʻqishga berilib ketdi. Oʻz davrining mashhur fantast yozuvchilari Ayzek Azimov, Jyul Vern, Xayilayn asarlarini diqqat bilan oʻrgandi. “Akademiya”, “Oy – suronli beka” romanlari Ilonni samoga qiziqishini kuchaytirgan boʻlsa, Duglas Adamsning “Avtostop bilan galaktika boʻylab” romani uni oʻn toʻrt yoshidayoq shaxsiy buhrondan qutilishiga yordam berdi. Oʻshandan buyon u “maqsadga erishish uchun avvalo savolni toʻgʻri qoʻya bilish kerak”, degan shiorga amal qiladi. Ilon boshqalarga oʻxshamas, tengdoshlariga qaraganda ancha aqlli edi. Sportga ham, koʻngilxushliklarga ham qiziqmasdi. Uning oʻz olami bor edi. Ilon oʻrtoqlari bilan chiqisholmas, tez-tez maktabini almashtirardi. Shuning uchun u haqiqiy doʻst topmadi. Birinchi qiziqishi kitoblar boʻlsa, ikkinchisi kompyuter edi. U bu moʻjizani koʻrishi bilan otasidan oʻzining ilk kompyuteri – 80-yillar boshidagi eng mashhur 5 kilobaytli Commodor VIC-20 ni olib berishini soʻradi. Bu kompyuterda dasturlashni mustaqil oʻrganib oldi. 20 yoshida “Blestir” video oʻyinini yaratdi va mahalliy jurnallardan biriga sotdi. Garchi Errol oʻgʻlini aytganini qilib kompyuter olib bergan boʻlsa-da, bunga jiddiy qaramadi. U kompyuterni shunchaki bir qimmatbaho oʻyinchoq deb bilardi. Errol oʻgʻlini oʻzi singari muhandis boʻlishini xohlardi.
Ilon rejalarini amalga oshirishga bu yerda homiy yoʻqligini bilgach, isteʼdodlar qadrlanadigan Amerikaga ketishga qaror qildi. Baxtiga onasi kanadalik edi. Maks ona yurt fuqaroligini olib 17 yoshida goʻyo unga shon-sharaf eshigini ochib turgan Kanadaga ketdi. Biroq bu yerda ham yashash oson boʻlmadi. To qarindoshlari fermasida qoʻnim topguncha, duch kelgan qora ishlarni bajarishga majbur boʻldi. Bu orada ukasi va singlisi ham Kanadaga kelishdi. Ilon Ontariodagi Kuins universitetiga oʻqishga kirib dasturlashni oʻrgandi. Keyin Pensilvaniya universitetining fizika-iqtisod fakultetining magistranti boʻldi. Oʻqish jarayonida u kosmosga qiziqib qoldi. Soʻng doktorlik darajasini olish uchun ilmiy ishga qoʻl urdi. Ammo negadir bu fikridan qaytib, ukasi bilan Kremniy vodiysida oʻz shaxsiy biznesini boshladi.
Irodaning tantanasi
90-yillarning oʻrtasiga kelib internet kompaniyalarining aksiyalari xamirdek koʻpchib ketdi. Ilon bunga befarq qarab tura olmas edi. Ilonning koʻnglida “Zip-2” – “Sariq sahifa” raqamli analogini yaratish gʻoyasi tugʻildi.
Ammo, hech kim bu gʻayri oddiy rejaga pul tikishni istamasdi. Ayrim kompaniyalar bu rejaning mohiyatini yaxshi anglamadi ham. Shaxsiy sayt sotish uchun internetda reklama berish nega kerak, deb oʻylashdi. Yigitlarning muammosini otalari hal qildi. Ularga 28 ming dollar yubordi. Bu mablagʻ kichikroq ofis ijarasi, jihozlar va litsenziya olishga yetdi. Ilon dastur ustida bosh koʻtarmay ishladi. Ukasi okrugma okrug yurib sartaroshxona, avtosalon, restoranlarga oʻz xizmatini taklif qilishdan, uning biznes uchun qanchalik foydali ekanligini tushuntirishdan charchamadi. Shu tariqa kompaniyaning investorlari paydo boʻldi. Ish yurisha boshladi. Lekin ularni oldinda qattiq sinovlar, talafotlar kutardi. Ammo irodali, oʻz ishi istiqboliga ishongan aka-ukalar maqsad yoʻlida izlanishdan charchamadi. Va bugun aql-zakovati, insoniyatni lol qoldirgan hadsiz boyligi bilan Ilon Mask va Tesla kompaniyasi boʻlib dunyoga tanilishdi.
Ushbu maqoladan kelib chiqadigan xulosa: Ilon Mask bolaligidanoq kitobga mehr qoʻygan. U hatto kattalar oʻqishga qiynalgan Britaniya qomusini diqqat bilan oʻqib chiqqan. U hanuzgacha kitoblarga oʻzining eng yaqin doʻsti deb qaraydi. Demak, inson hayotda muvaffaqiyatga erishishi uchun hamisha izlanishi, oʻqishi, dunyoqarashini kengaytirib borishi kerak. Bu yoʻlda uchraydigan har qanday mushkulliklarni yengishga oʻzida kuch va iroda topa bilishi shart.
Muhabbat HAMIDOVA