Oqlangan ishonch
Sizga Muhammadali Rahimov nomi tanishmi? Nahotki, eshitmagan boʻlsangiz! Axir, sportning erkin kurash turi boʻyicha dovrugʻ qozongan oʻquvchi, 9-”B” sinfdan chiqqan chempion-ku!
– Polvonlik Muhammadalining qonida bor. Otasi Saidakbar ham Sariosiyoning dovrugʻli polvoni boʻlgan, – deydi Muhammadalining sinf rahbari Inobat opa Hamroyeva, – Muhammadali barcha fanlardan “aʼlo” va yaxshi baholarga oʻqiydi. Ustozlarga hurmati cheksiz. U bilan faxrlanaman.
Chindan ham ustozlar Muhammadali bilan faxrlansa arziydi. Mana 4 yildirki u sportning erkin kurash turi bilan shugʻullanadi. Dastlab 2-son bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga qatnadi, soʻngra Yashnoboddagi 1-BOʻSMda sport sirlarini oʻrganishda davom etdi. Sport ustasi Komil Soliyev unga murabbiylik qildi. Shogirdidagi tirishqoqlik Komil akaning unga boʻlgan ishonchini yanada oshirdi. Koʻp oʻtmay mashgʻulotlar oʻz samarasini koʻrsatdi. 2017-yil Toʻytepa shahrida boʻlib oʻtgan respublika musobaqasida Muhammadali 3-oʻrinni egalladi. Bu uning ilk gʻalabasi edi.
Yosh sportchi 2019-yil erkin kurash boʻyicha Toshkent shahar chempionatining 52 kg vaznli oʻsmirlar oʻrtasidagi bellashuvida 1-darajali diplom bilan taqdirlandi. Muhammadalidagi shijoat, gʻayrat murabbiyni ham ruhlantirdi. Ular keyingi musobaqalarga puxta tayyorlanib, ketma-ket yutuqlarga ega boʻlishdi.
2020-yil erkin kurash turi boʻyicha 2006–2007-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida 75 kg vazn toifasida Muhammadali Rahimov 1-oʻrinni egalladi. 2021-yilda esa Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 83 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan ochiq chempionatda 2006–2008-yillarda tugʻilgan sportchilar oʻrtasida oʻz vazn toifasida gʻolib boʻldi.
Bu hali boshlanishi. Umid qilamizki, oʻzbek sporti dovrugʻini dunyoga taratishga astoydil bel bogʻlagan maktabdoshimiz, Muhammadali Rahimov, hali bundan-da ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritadi.
Nigora Turdibekova,
Toshkent shahar Sergeli tumanidagi
300-DIUM oʻqituvchisi