Taʼtildan taʼlim
Aslida, yozni yoqtirmayman. Chunki koʻproq maktabda boʻlishni, oʻrtoqlarim bilan bellashib bilim olishni istayman.
Ammo bu yilgi yozgi taʼtilni intiqlik bilan kutdim. Negaki, bu oʻquvchilikdagi soʻnggi taʼtil edi. Buning ustiga yozga juda katta rejalar tuzib qoʻygandim. Taʼtilga chiqib ikki hafta oromgohda dam oldim. Keyin ingliz tili kursidagi mashgʻulotni davom ettirdim. Oʻzimcha hammasiga ulguraman, soʻnggi taʼtilni yodda qoladigan qilib oʻtkazaman, deb oʻyladim. Chunki, keyingi yozgi taʼtilda abituriyent boʻlaman. Kirish imtihonlari esa puxta tayyorgarlikni talab qiladi.
Nihoyat, men kutgan hordiq kunlari boshlandi. Biroq dam oli-i-i-b, yostiqqa yonboshlab yotish qoʻlimdan kelmas ekan, zerikib ketdim. Buyogʻiga hech boʻsh kelish yoʻq. Ingliz tili bilan birga sevimli tillarimdan boʻlgan koreys tilini onlayn oʻrganishni boshladim. Bu ham yetmaganday, buvijonim orzu qilgan qoʻligul chevar boʻlgim ham kelib qoldi. Keyin bir mahoratimni ishga solib kashta tikishga kirishdim. Toʻgʻrisi, bu men oʻylaganimdan ancha qiyin ekan. Koʻpchilik, bu ish qoʻlingdan kelmaydi, sharmanda boʻlmasdan yigʻishtirib qoʻya qol, deb ustimdan kuldi. Ammo men oʻzimga yetguncha oʻjarman, oʻylaganimni qilmasdan qoʻymayman. Baʼzan ish jonimga tegib barchasini uloqtirib uxlagim kelar, ammo bugungi mehnatim ertangi rohat, kelajagimga poydevor boʻlishini oʻylab qiyinchiliklarga chidadim. Qolaversa, doʻstim aytganidek: “Damni qariganda olaveramiz”.
Chekkan zahmatim zoye ketmadi. Kashta tikishni, zardoʻzlikni, koreys tilini oʻzlashtirdim. Oʻquv yilini koʻtarinki kayfiyatda boshladim. Birinchi chorakni muvaffaqiyatli yakunladim.
Laziza YUNUSXOʻJAYEVA,
Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 1-maktab oʻquvchisi