Poklik qoʻshigʻi
Ertalab turib qarasam, garchi hali noyabr tugamagan boʻlsa ham hovlimizni oppoq qor qoplabdi. Allaqachon barglarini toʻkkan boʻlsa-da, hosili ogʻirligidan qaddini koʻtarib ololmagan xurmo daraxti shoxlari yanayam yerga egilib qolibdi. Daraxt tepasida aylanib uchayotgan qargʻa qoʻnishga joy topolmadi shekilli, xunuk qagʻillab tomorqa tomonga oʻtib ketdi. Qor yogʻishdan toʻxtagan boʻlsa-da osmon qilgan ishidan koʻngli toʻlmaganday qovogʻini solib olgan. Hammadan birinchi mening derazamdan moʻralaydigan quyosh ham koʻrinmaydi. Ammo, birinchi qor quvonchidan havoning bu tundligiga parvo qilmadim. Issiq xalatimni, oyogʻimga issiq paypogʻimni ildim-u, hovliga, undan buvimning hay-haylashiga qaramay tomorqaga yugurdim.
Tomorqa deganim – hovlimiz devoriga oʻrnatilgan pastak eshikdan chiqiladigan kattagina bogʻ. Voy, u yerdagi daraxtlar – bargi chalakam-chatti toʻkilgan behi, uch-uchlaridagi tars-tars yorilib ketgan mevalari terilmay qolgan anor, yalangʻoch novdalarida yakkam-dukkam qizgʻish-sariq yaproqlari arang osilib qolgan ulkan oʻrik ustlariga yopilgan qor koʻrpaning sirgʻalib ketishidan choʻchiganday qimir etmay turishardi. Shundanmi, bogʻga nihoyatda chiroyli sukunat choʻkkan... Men bu sukunatni buzib qoʻyishdan choʻchib bogʻ chekkasida toʻxtadim. Biroq shu payt qulogʻimga shu qadar chiroyli, shu qadar yoqimli chuldirash eshitildiki, ovoz egasini qidirib atrofga diqqat bilan quloq tutdim. Ovoz bogʻ etagidagi ariqchadan kelayotgan ekan. Kalishimga qor kirishini ham unutib oʻsha tomonga yugurdim. Yaqinginada kelganimda ariq yuzi qirgʻogʻida oʻsgan dov-daraxtlarning xazonlari, qurigan yalpiz, otquloqlarning shox va urugʻi bilan qoplangan, suv bu yoqimsiz yukni tashishdan or qilganday jim oqar, hatto oqayotgani ham sezilmas edi. Bugun garchi ariqdagi suv avvalgidan ancha kamaygan boʻlsa-da, yuzi top-toza, quvnoq shildirab olgʻa chopayotgandi. Qarasam, ariqning ikki qirgʻogʻi ham oppoq qor bilan qoplanibdi. Nazarimda suv turli iflosliklardan xalos boʻlib poklangani, atrofi oqlikka belanganidan shodlanib qoʻshiq kuylardi...
Rayhona ABDURAUPOVA,
Yashnobod tumanidagi 152-maktab oʻquvchisi