Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sinovlarda sinalgan sabr

Aziz oʻquvchilar! Siz har bir kuningiz samarali oʻtishini nazorat qila olasizmi?! Qimmatli vaqtingizni behuda ishlarga sarflamay, foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishga harakat qilasizmi?! Bu savollarga koʻpchiligingiz javob berishga qiynalishingiz tabiiy. Sababi, oʻquvchilarning aksariyati bebaho vaqtini nimalarga sarf qilayotganiga umuman ahamiyat bermaydi. Ammo tengdoshingiz Anastasiya ANDROSOVAning bir-biridan ajoyib ishlarini koʻrib, oʻtayotgan har bir vaqtini behudaga sarflamasligiga amin boʻldik.

Anastasiya 2009-yil 28-fevralda Toshkent shahrida tugʻilgan. Endigina 2 yoshga toʻlganida unga autizm kasalligi tashxisi qoʻyilgan. U bugungi kunda Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 33-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olmoqda. Uning oʻz qoʻllari bilan tayyorlagan ishlarini kuzatar ekansiz, barchasi ulkan sabr-toqat natijasida yaralganiga ishonch hosil qilasiz.

 

Autizm – grekcha “autos” – “oʻzim” degan maʼnoni anglatib, bu ruhiyatning oʻziga xos holati boʻlib, bemor tashqi olam va atrofdagilar bilan muloqot qilishni istamaydi. U yolgʻizlikni yoqtiradi. Yana bir xil hatti-harakat va soʻzlarni takrorlaydi. Fikrlashi boshqalarnikiga oʻxshamaydi. Autizm kasalligi yoshga qarab quyidagilarga boʻlinadi:

Erta bolalik autizmi – 2 yoshgacha;

Bolalik autizmi – 2–11 yoshgacha;

Oʻsmirlik autizmi – 11–18 yoshgacha.

Maʼlumotlarga koʻra, hozirda dunyodagi har 88 bolaning birida autizm kasalligi uchraydi.

 

– Anastasiya boshqalarga qaraganda onasi bilan buvisini tez tanib oladi. Xursand boʻlsa, chapak chalib, quvonadi. Xafa boʻlsa, jimgina oʻtirib yigʻlaydi, – deydi sinf rahbari Zilola Doʻstxoʻjayeva. – U uch yildan beri “Olmosli pazllar” yigʻish bilan mashgʻul. Gohida uning sabr-toqatiga qoyil qolaman. Bir qarashda osondek koʻringan bu mashgʻulot oʻquvchidan anchagina qunt va diqqatni talab qiladi. Anastasiya bularning barchasini erinmay, mehr bilan bajaradi. Shuning uchun ham uning barcha ishlari chiroyli va bejirim chiqadi.

– Qizimga ilk bor autizm tashxisi qoʻyilganida qattiq tushkunlikka tushib qolgan edim. Keyin bu biz uchun bir sinov, deya oʻzimni qoʻlga oldim. Farzandimga bor mehrimni berib, parvarish qila boshladim. Anastasiya xiyobonda sayr qilishni, kuy xirgoyi qilishni, multfilmlarni yaxshi koʻradi. Mevalarni, suyuq taomlarni, ayniqsa, chuchvarani juda yoqtiradi. Qizim gapira olmaydi. Lekin men uning har bir qarashidan nima xohlayotganini tez anglab olaman, – deydi onasi Nadya Androsova. – Gohida kichik eʼtibor ham, bir ogʻiz yaxshi gap ham koʻnglingizni togʻdek koʻtarib yuboradi. Qizimni ilk bor shu maktabga olib kelganimda, ustozlarning iliq munosabati, daldasi, qoʻllab-quvvatlashlari menga kuch, ishonch berdi. Nasib etsa, qizim bilan birgalikda hali koʻp yutuqlarga erishamiz, deya niyat qildim. Menga, qizimga doim yordam berib kelayotgan direktor Aziza Muqimova, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Maʼmura Gazieva, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Roza Imashevalardan juda minnatdorman.

– Anastasiyaning uyiga tez-tez boraman, – deydi yoshlar yetakchisi, defektolog Saida Zufarxoʻjayeva. – U bilan koʻproq shugʻullanib, fikrlarini uqishga, intilishlarini aniqlashga harakat qilaman. Anastasiya “Olmosli pazllar”ni katta ishtiyoq bilan tayyorlaydi. Bu mashgʻulotga shunchalik kirishib ketadiki, ayrim ishlarini 3–4 kunda bitirib qoʻyadi. U tabiatni kuzatishni yaxshi koʻradi. Shuning uchun boʻlsa kerak, uning koʻpgina ishlarida tabiat tasvirlangan.

Qizaloq juda mehribon, yoqimtoy. Quvonganida ustozlarini mehr bilan quchoqlab oladi. Uning oʻziga yoqqan kartinalarini hech kimga koʻrsatgisi, bergisi kelmay, qizgʻanishlarini maroq bilan kuzataman...

Suratlarda tengdoshingiz Anastasiyaning ishlaridan namunalar berilgan. Bunday sanʼat asarlari unda talaygina. Siz ham uning ijodini koʻrib, ichingizda tahsin aytayotgan boʻlsangiz, ajabmas. Axir barchangizda vaqtingizni mazmunli oʻtkazishingiz uchun imkoniyat yetarli-ku. Shunday ekan, sizlardan ham bir-biridan ajoyib, tengdoshlaringizni lol qoldiradigan xabar va yangiliklarni kutib qolamiz.

Robiya XUDOYBERDIYEVA,

Toshkent shahri Sergeli tumanidagi 33-sonli ICHBUI maktabining ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.