Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aqling ishlatar chunon senga doʻst oʻnta polvon

Aziz oʻquvchilar, darslarni yaxshi oʻzlashtira olmaslik har doim ham qobiliyatning pastligidan dalolat bermaydi. Bunga sabab, miya uchun kerakli moddalarning yetishmovchiligini keltirib chiqaruvchi notoʻgʻri ovqatlanish boʻlishi ham mumkin. Tanangiz oʻsayotgan davrda miyangiz katta miqdorda ozuqa moddalarini talab qiladi. Shunday ekan, tana yaxshi rivojlanishi uchun toʻgʻri ovqatlanishingiz kerak. Quyida miya faoliyatini yaxshilashga xizmat qiluvchi va taomnomangizga kiritilishi shart boʻlgan 10 ta foydali mahsulot haqida maʼlumotlar keltiramiz.

 

 

Baliq

Dengiz mahsulotlari tarkibida miya faoliyati uchun juda zarur boʻlgan yogʻli omega-3 kislotasi mavjud boʻlib, uni isteʼmol qilish aqliy qobiliyatingizni yaxshilaydi. Baliqni qovurilgan, qaynatilgan va dimlab pishirilgan holda sabzavotlar bilan birga isteʼmol qilishingiz mumkin.

 

Tuxum

Tuxum sarigʻidagi xolin moddasi xotirani yaxshilashga xizmat qiladi. Maktab oʻquvchisi tushlikka non va bir dona tuxumni qaynatilgan, qovurilgan yoki omlet holida yeyishi kerak.

 

Don mahsulotlari

Miyaning yaxshi ishlashi uchun glyukoza zarur. Donda glyukoza moddasi, uning qonga soʻrilishini taʼminlovchi kletchatka, shuningdek miyaga ozuqa beruvchi B vitamini bor. Koʻproq birinchi nav undan tayyorlangan mahsulotlarni isteʼmol qiling.

 

Yeryongʻoq

Yeryongʻoq miyadagi asab hujayralarini himoya qiluvchi E vitaminiga boy.

 

Suli yormasi

Suli yormasidan tayyorlangan boʻtqalar siz uchun eng foydali ozuqa. Chunki suli yormasi E, V vitamini hamda kaliy va rux kabi minerallarga boy. Bu foydali element va vitaminlar aqliy qobiliyatingizni yaxshilashga yordam beradi. Sulini istagan taomga: pishiriq, yogurt va hattoki sharbatga qoʻshish mumkin.

 

Rezavor meva

Qulupnay, kishmish, maymunjon, olcha, olxoʻri va boshqa rezavor mevalar saraton kasalligining oldini oluvchi antioksidantlarga boydir. Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, qulupnay va chernika xotirani yaxshilaydi, maymunjon esa omega-3 kislotasiga toʻyingan. Ushbu rezavorlarni salatlarga qoʻshib yoki oʻzini isteʼmol qilishingiz mumkin.

 

 

Dukkakli mahsulotlar

Dukkakli mahsulotlar ichida eng foydalisi – loviya, noʻxat, chechevitsa (yasmiq). Ular oqsil, murakkab uglevodlar, kletchatka, vitamin va minerallarga boydir. Dukkakli mahsulotlarni salatlarga qoʻshish mumkin yoki garnir sifatida isteʼmol qilgan maʼqul.

 

Rangli sabzavotlar

Rangli sabzavotlar – pomidor, brokkoli, qovoq, sabzi, bulgʻor qalampiri, makkajoʻxori va ismaloq zararlangan hujayralarni tiklovchi xususiyatga ega boʻlgan antioksidantlarga boydir. Bu sabzavotlardan salat tayyorlab, ovqat bilan qoʻshib yeyishni oʻrganing.

 

Sut va sut mahsulotlari

Sutli mahsulotlar oqsil va B guruhi vitaminlariga boy. Bu moddalar miya hujayrasining oʻsishida juda zarur hamda bosh miyaning hayot uchun muhim jarayonlarida ishtirok etadi. Aziz muxlis, hamisha sogʻlom yurishni istasangiz, yogurt, yogʻsiz qaymoq, sut, qatiq va kefir kabi mahsulotlardan uyda borini ertalab – maktabga ketish oldidan isteʼmol qilishga odatlaning.

 

Yogʻsiz mol goʻshti

Yogʻsiz goʻsht – miyaning fikrlash qobiliyatini yaxshilanishiga xizmat qiluvchi temir va rux moddasining manbaidir. Yogʻsiz goʻshtni S vitaminiga boy mahsulotlar (pomidor, bulgʻor qalampiri, apelsin, qulupnay) bilan birgalikda isteʼmol qilish temir moddasining organizmga singishini taʼminlaydi.

 

Dilafroʻz ZAYNIYEVA tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.