Til – maʼnaviyat koʻrki
Husni jamolsiz kishi shirin kalom esa,
Sayd aylar elni nukta fasohat birla desa.
Haqiqatdan ham Alisher Navoiy hazratlari aytganlaridek, shirin kalom, muloyim ohang har qanday yuzga chiroy baxsh etib, oʻrni kelganda muammolarga ham yechim topib bera olishi mumkin. Shunday ekan, bir-birimizga aytayotgan har bir soʻzimizga eʼtibor qaratmogʻimiz zarur.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 34-maktabda oʻtkazilgan “Til – millat maʼnaviyatining koʻrki” nomli maʼnaviy-marifiy tadbir nafaqat oʻquvchilarning, balki oʻqituvchilarning ham aytayotgan har bir soʻzi qanchalar ahamiyatli ekanligi haqida boʻldi. Tadbirda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi, shoira Kavsar Turdiyeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Umida Abduazimova, Toshkent shahar Xalq taʼlimi bosh boshqarmasi Maʼnaviy-axloqiy tarbiya boʻlimi boshligʻi Farogʻat Ahmadjonovalar ishtirok etib, ustozlar va oʻquvchilarga oʻzbek tilimizning qanchalar chiroyli, ravon ekanligini soʻzlab berishdi:
– Oʻquvchilarning odobiga qarab shuni aytishim mumkinki, bu maktabda haqiqiy pedagoglar ishlashar ekan. Tadbir oʻtkazilayotgan zalning bezatilishi va bolalarning har bir chiqishilari bunga yaqqol misoldir... – dedi Farogʻat Ahmadjonova.
– Maktabga yaqinlashar ekanmiz, nogʻora sadolari eʼtiborimizni tortdi. Eshikdan kiraverishda qoʻllarini koʻksiga qoʻyganicha, taʼzim qilayotgan, mehmonlarga tabassum bilan non, mayiz ulashayotgan milliy libosdagi qizlarimizni koʻrganimda, kayfiyatim osmon qadar koʻtarildi. Chunki, hozirda bunday milliy urf-odatlarimiz namunasini juda kam maktablarda uchratyapmiz, – dedi Umida Abduazimova. Ayniqsa, Kavsar Turdiyevaning aytgan bir-biridan qiziq voqealari tadbir ishtirokchilariga oʻzgacha kayfiyat ulashdi:
– Bir kuni Abdulla Oripov Koreyaga festivalga boradilar. Festivaldan soʻng bir qator ijodkorlar Koreya bozorlarini aylanishadi. Shunda Abdulla aka yelkasiga bir juft botinka ilib olgan koreysning yoniga borib: “Bu nechchi pul?” deb soʻrabdi. Shu payt koreys jahl bilan Abdulla Oripovni urmoqchi boʻlibdi. Darhol tarjimonlar yetib kelishibdi. Koreys: “Nega bu oʻz tilimizda gapirmay, boshqa tilda soʻzlayapti?” debdi jahl bilan. Chunki Abdulla akani koʻzlari qisiqroq boʻlgani uchun u kishini koreys deb oʻylagan ekan-da. Shunda Abudulla aka: “Oʻz tilini hurmat qilishni mana shunday vatanparvar insonlardan oʻrganishimiz kerak. Har bir millat oʻz tilining sofligini saqlagan holda faxr bilan soʻzlashi kerak”, deb unga oʻz sharfini sovgʻa qilgan ekanlar...
Tadbir davomida shoiralarning oʻz tilimizni qadrlash, har daqiqada eʼzozlashga undovchi sheʼrlari zalda oʻtirganlarda katta taassurot qoldirdi.
Nilufar JABBOROVA