Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Toshkent – televideniye vatani

Insonlar juda qadim zamondan buyon yer yuzidagi olis joylarni, samodagi yulduzlar olami-yu, dengizlar tubidagi ajoyibotlarni yaqindan koʻrsatuvchi vositalarni orzu qilib kelganlar. “Oynayijahon”, “Jomi Jamshid”, “Iskandar koʻzgusi” haqidagi afsona, rivoyatlar Sharq xalqlari oʻrtasida keng tarqalgan edi. Shunga oʻxshash afsona, rivoyat, qissalar Osiyo, Afrika, Ovropa xalqlari ogʻzaki ijodida, yozma adabiyotida ham uchraydi.

Uzoqdan turib koʻrishga imkon beradigan asbobni yaratish gʻoyasi asrlar mobaynida insonlarni tark etmadi. Oʻtgan asrning ikkinchi yarmida fan-texnika sohasida amalga oshirilgan buyuk kashfiyotlar, ayniqsa, tashqi foto-effekt hodisasi va radioning ixtiro etilishi oynayijahon sohasidagi ilmiy tajribalarni yana-da jonlantirdi. Rus olimi B. L. Rozing elektron televideniyaga ilmiy nazariy asos soldi. U birinchi boʻlib tasvirni tarqatishda elektron nurdan foydalanish gʻoyasini ilgari surdi. Uni Oʻzbekistonlik ixtirochilar B. P. Grabovskiy hamda I. F. Belyanskiylar amalda sinashga kirishib, elektron televideniyani birinchi marta Toshkentda muvaffaqiyatli sinab koʻrgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. 1928-yilda respublikamiz tarixiga ajoyib sahifa bitildi. Oʻsha yili 26-iyul kuni Toshkentdagi Oʻrta Osiyo aloqa okrugi binosida hamyurtlarimiz yaratgan hamda harakatlanuvchi tasvirlarni elektron nur yordamida uzoq masofaga uzatib va qabul qilib oladigan apparat – “Radiotelefot” muvaffaqiyatli sinovdan oʻtdi. Apparat taxt qilinib, qoq peshinda elektron tokiga ulanganda moʻjazgina I. Belinskiyning yurib turgani hamda bir necha marta bosh kiyimini yechib-kiygani ham ravshan koʻrindi. Shundan keyin ixtirochilar va komissiya aʼzolari oʻrinlarini almashtirib, bir-birlarini ekranda koʻrishdi. Shu tariqa jahonda eng birinchi televideniya ish boshlab, afsonalar haqiqatga aylandi. B. Grabovskiy va I. Belyanskiy bajargan ishlar ilmiy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham qimmatli ekani eʼtirof etildi.

1956-yilning 5-noyabr kuni Oʻzbekistondagi toʻngʻich Toshkent televideniyasi oʻz dasturi bilan ilk bor rasman faoliyat boshladi. Oʻsha kuni televideniya oʻzbek xonadonlariga birinchi marta kirib keldi.

Bu yil Oʻzbekiston televideniyasi tashkil topganiga 65 yil toʻldi. Oʻtgan davr orasida yuksak marralarni egalladi. Maʼlumki, bugungi kunda televideniya aholining xolis axborotga boʻlgan ehtiyojini qondirish, dam olishga koʻmaklashish kabi asosiy vazifalardan tashqari inson psixologiyasiga taʼsir koʻrsatish, uning dunyoqarashini kuchaytirish, ongini oʻzgartirish qudratiga ega kuchli vositalardan biriga aylandi. Shu bois Oʻzbekiston milliy televideniyasida xilma-xil kanallar koʻpayib bormoqda. Elimizga manzur boʻladigan koʻrsatuvlar tomoshabin qalbiga ezgulik xislatlarini singdirmoqda.

Har bir kanalda bolalar uchun koʻrsatuvlar tahririyati faoliyat koʻrsatmoqda. Ular yoshlarni barkamol boʻlib oʻsishlariga yaqindan yordam beryapti. Birgina “Bolajon” kanali haqida fikr yuritsak, uning asosiy vazifasi oʻsib kelayotgan yosh avlodni mamlakatimiz kelajagining haqiqiy egalari etib tarbiyalashdek ulugʻ maqsadga munosib hissa qoʻshishdir. Buni amalga oshirishda telekanalning “Maʼrifiy rivojlantiruvchi oʻyinli va intellektual teledasturlar”, musiqiy va maʼrifiy oʻyinli teledasturlar, chet tillarni oʻrgatuvchi maxsus teledasturlar, tabiatshunoslik va atrof-muhitga oid teledasturlar, kino, videomahsulotlar va tezkor dublyaj tahririyatlari hamda “Bola tarbiyasi uslubiyati boʻyicha ekspertlar” boʻlimi faoliyat olib bormoqda. Ushbu koʻrsatuvlarni tayyorlashda xizmat qilayotgan Shavqiddin Joʻrayev, Botir Ergashev, Baxtiyor Mansurov, Hamidulla Sobirjonovlarning xizmati katta. Biz Oʻzbekiston televideniyasining 65 yillik toʻyini nishonlayotgan “zangori ekran” xodimlarining ishlariga yutuqlar tilab, koʻrsatuvlar mundarijasi bundan-da boyib borishini tilab qolamiz.

 

Tohir MULLABOYEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.