Ertangi kunga ishonch bilan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi haqida televizor orqali ko‘p gapirildi, joylardagi tayyorgarliklar namoyish etib borildi.
Saylov beshta siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar o‘rtasida ochiqlik, oshkoralik, erkinlik, adolat kabi demokratik prinsiplarga, xalqaro me’yorlarga mos holda o‘tdi. Va nihoyat, saylovning yakuniy natijalari e’lon qilindi. Muqobillik asosida, qonuniylik tamoyillariga muvofiq o‘tgan saylovda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyevga saylovchilarning 80,12 foizi yoqlab ovoz bergan.
Saylovning ertasi kuni poytaxtimizdagi “Humo” arenasida Markaziy saylov komissiyasining yakuniy natijalari, ya’ni tarixiy e’lon yangradi. Qarsaklar, hayajonli so‘zlar, hilpirayotgan sonsiz bayroqlar – xalqning qudratli quvonchiga aylandi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo ana shu hayajonli lahzalar haqida “Yangi O‘zbekiston” gazetasida dildagi gaplarini quyidagicha ifodalagan: “Shu kuni men “Mustaqillik”, “Prezident”, “Xalq”, “Millat”, “Qadr”, “Mehr” degan ulug‘ so‘zlar birlashib, “Yangi O‘zbekiston” degan qadriyatga aylanganini ko‘rdim. Dunyoda Prezidentlar ko‘p. Lekin ko‘pchiligining tuflisi yillar davomida chang ko‘rmaydi. O‘zbekiston rahbari esa, hamisha xalqning ichida. Uning uchun har kuni oliy vazifaga boradigan yo‘l xalq qalbi, yuragi, hayoti orqali o‘tadi.
Prezidentimizning har bir so‘zi mohiyatida men: “Ey millat, uyg‘on, uyg‘onish zamoning keldi, dunyoga o‘zingni ko‘rsat, so‘zingni ayt, ilm-u shuuring, qudratingni namoyon et!” degan xitoblarini uqqanday bo‘laman.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv so‘nggida aytgan so‘zlarini eslab bir hayratimga o‘n hayrat qo‘shildi: “Biz to‘xtamasligimiz kerak, to‘xtasak o‘tirib qolamiz, o‘tirsak yotgimiz keladi, yotsak uxlab qolamiz!” Bu – chinakam uyg‘onishga da’vat, bu – shiddat otiga mingan chavandozning so‘zi.
Albatta, bu so‘zlar har birimizning ko‘nglimizdan kechgan so‘zlardir. Xalqimiz kelajakka juda katta ishonch bilan mamlakat Prezidentini sayladi. Xalqaro maydonda o‘z o‘rnimizni topishimiz uchun bugun barchamiz yurtimiz rahbariga baholi qudrat ko‘mak berishni o‘ylab saylovda ovoz berdik. Kelgusi besh yilda ham yangi O‘zbekiston taraqqiyotning eng baland pog‘onalarini zabt etadi. Bu degani, bugun 10-sinfda o‘qiyotgan o‘quvchi besh yildan so‘ng oliy o‘quv yurtini tamomlaydi. Shu vaqt davomida u xalqaro fan olimpiadasida qatnashib, dunyo birinchiligini qo‘lga kiritadi. Sport maktabining qaysi bir o‘quvchisi ana shunday xalqaro maydonda oltin medal sohibi bo‘lib, shohsupaning yuksak pog‘onasiga ko‘tariladi, O‘zbekiston bayrog‘i va nomini butun dunyoga ko‘z-ko‘z etadi. Ishonamizki, o‘tgan besh yildagi shiddatli o‘zgarishlarning davomi sifatida yana ko‘plab ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritamiz. Qadriyatlarimiz, ma’naviyat va ma’rifatimiz qanotga aylanadi va bizni yuksak parvozlar sari yetaklaydi.