Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Elimda alyorim qolur

“Koinot qachonlardir bir nuqtaning, bir zarraning portlashidan paydo bo‘lgan deyiladi. Àgar shu fikr to‘g‘ri bo‘lsa, poetik so‘z, ya’ni she’riyatning mohiyatida lohududga sochilib ketgan koinotni to‘plab, sidirib, yana o‘sha nuqtaning ichiga sig‘dirish istagi yotadi”, – deydi Ramiz Ravshan.  Mana shu istak aro umr kechirgan Muhammad Yusuf haqida gap ketganda kimdir erka shoir, kimdir kuychi edi, deb ta’rif beradi va har kim bu borada o‘zicha haq.

Muhammad Yusuf yoshligidanoq badiiy ijodga, so‘z san’atiga o‘zgacha mehr qo‘ydi. She’rlaridagi ohangdorlik, musiqiylik, oson va ravon o‘qilishi hamda mazmun-mohiyat jihatdan xalq dardini kuylay olishi uning o‘ziga xos uslubiga aylandi. Uning ko‘plab she’rlari kuyga solingan va xalq orasida juda mashhur.

Bejiz, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 2002-yil shoirga bag‘ishlangan qo‘shig‘ida:

Zor-zor yig‘lab turar Andijon,

Yetmasmidi Bobur -u Cho‘lpon.

Topolmasdan axtarib makon,

Muhammadsiz kuylarim qoldi, – deya kuylamaydi.

Muhammad Yusuf o‘z o‘rni va ovoziga ega ijodkor edi. Shoir yozmalarini o‘qir ekanmiz, ularda xuddi o‘zining hayotini kuylagandek go‘yo. Misol uchun shoirning  “Lolaqizg‘aldoq” she’ri Shavkat Rahmonga atab yozilgan bo‘lsa-da, she’rda shoirning o‘z taqdiri, kelajagi bashorat qilingandek. Umrining oxirida yozilgan boshqa bir she’rida  ham “Taqdirim bo‘ldimi lolaqizg‘aldoq” deya nola qilib, bunga ishora qilayotgandek. Shoir she’riyati xotiramiz, qalbimizda yoqimli qo‘shiq kabi qoladi. Chunki  Muhammad Yusufning o‘zi noyob iste’dod egasi, odamlarga mehribon, sofdil, mard va kamtarin inson edi. Shoirning “Mehr qolur” she’rini eslang-a:

O‘tar inson yaxshi-yomoni,

Mehr qolur, muhabbat qolur...

Ehtimol shuning uchun ham bugun Muhammad Yusuf oramizda bo‘lmasa-da, she’rlari mehr bo‘lib, muhabbat bo‘lib jarang sochib turgani uchun ham hamon sevimli va dilga yaqindir. Axir, inson uchun mehrdan, muhabbatdan-da suyukliroq his bormi?

Yaqinda  Sobir O‘narning “Kibrsiz odam” maqolasini o‘qib qoldim. Unda yozuvchi shoir haqida “Esimda, 1997-yilning bahori. Akademiyadagi hamkasbimiz Dashtobodlik Ma’rufjonning tug‘ilgan kuni ekanligini bilib qoldi va uni tabrikladi. Uning uyiga Dashtobodga 7-8 kishi bordik. Ma’rufjonning otasi juda xursand bo‘ldi. Zomin tog‘lariga sayohatga olib chiqishdi. Muhammad aka Zominda Boburga o‘xshab yalangoyoq holda, oyoqlarini kerib she’rlar o‘qigani hamon yodimda” – deya xotirlaydi. Bizning tumanimizga ham Muhammad Yusufning qadami yetgan ekan-da, deb negadir quvonib ketdim. Muhammad Yusuf ijodini o‘rganish biz uchun ham farz, ham qarz deb bilaman. Bunday buyuk shoirlar yillar, asrlar davomida Ramiz Ravshan aytganidek, koinot zarralar portlashidan dunyoga keladi. Muhammad Yusuf xalq ong-u tafakkurida sevimli shoir, chin ma’noda el shoiri bo‘lib yashayveradi.

 

Dostonbek ABDURAHMONOV,

Zomin tumanidagi

56-IDUMning 10-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.