Sinovlarda toblangan sanʼat
Sahifamiz mehmoni – O‘zbekiston xalq artisti, Zokirovlar sulolasining yorqin vakili, “Yalla” ansambli badiiy rahbari, o‘zbek xalqining sevimli san’atkori Farrux Zokirov. Mayin va shirali ovoz sohibi “Toshkanim – onam”, “Musiqiy choyxona”, “Uchquduq”, “Shahrisabz” kabi ko‘plab benazir qo‘shiqlar muallifidir. San’atkor jahonning deyarli barcha mintaqalarida “Yalla” ansambli bilan o‘zbek estrada san’atini targ‘ib qilgan. Shuningdek, “Temir xotin”, “Vodillik kelin”, “Maysaraning ishi”, “To‘ylar muborak”, “Orzular og‘ushida” badiiy filmlaridagi qo‘shiqlar muallifi va ijrochisi.
Yorqin sulola
Otam, O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokiriy Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrining yetakchi xonandasi bo‘lganlar. Musiqali dramalarda Farhod, Majnun, Tohir, Mahmud Torobiy kabi obrazlarni yaratganlar. Onam, Shohista Saidova aktrisa, xonanda bo‘lib, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida ishlaganlar. Ular o‘zbek xalq qo‘shiqlari, lapar va yallalarning ajoyib ijrochisi edilar.
Maktabga borganimda Zokiriyning o‘g‘li, Botir Zokirovning ukasi, degan qarashlar o‘zimni shu sharafga munosib tutishga undardi. Akalarim Botir, Navfal va opam Luiza Zokirovadan keyin men – to‘rtinchi farzand edim. Mendan keyin ukalarim Jamshid va Ravshan Zokirovlar.
Ota-onamning san’atga muhabbati, bu boradagi fikr-qarashlari bir-biriga o‘xshab ketardi. Ammo tabiatan ular ikki xil dunyo edi. Otam og‘ir tabiatli, kamgap inson bo‘lsalar, onam dovyurak, so‘zamol ayol edilar. Ro‘zg‘or, xo‘jalik ishlarini oyim zimmalariga olgan edilar. Qolaversa, mahalladagi oilaviy muammolar ham oyimning aralashuvlari bilan hal bo‘lar edi. Mahallamizda ichkilik ichadigan Toyir qozoq laqabli kishi bo‘lardi. Oyim “Hoy Toyir, o‘zinga qarab yur, bu yurishing nimasi – uyat bo‘ladi-ya”, – deb qo‘shnimizga dashnom berib turardilar.
Botir akam kasalxonada davolanayotganida tez-tez ko‘rgani borar edik. Oyim: “Salom berish yodingdan chiqmasin, albatta o‘zingdan kattalarga salom ber!” – deb tergab turardilar. Dadam esa ishdan bo‘sh vaqtlarida bog‘imizdagi yumushlar bilan band bo‘lardilar. Agar biror ishimiz yoqmasa, judayam jahllari chiqib ketsa, so‘kib-urmasdilar, “ahmoq” deb koyirdilar, xolos.
Jon koyitmay ish bitmas
Toshkentning eski shahar qismida bobolarimizdan qolgan katta yer bor edi. 1950-yilning boshida o‘sha yerga ko‘chib o‘tganmiz. O‘shanda mahalla men uchun eng oliy tarbiya maktabi vazifasini o‘tadi. Dadam juda mehnatkash edilar. Dam olish kunlari, ishdan bo‘sh paytlarida ertalabdan kechgacha bog‘imizdagi daraxtlarni parvarishlash, yer chopish, turli ko‘chatlar ekish – sevimli, mehr berib bajaradigan yumushlari edi. U paytda gaz yo‘q, uylar ko‘mir bilan isitilardi. Ko‘mir olib kelinsa, uni tashish ko‘pincha dadam bilan menga qolardi. Bir voqea yodimdan chiqmaydi. Bir para o‘qigach, bilim yurtidagi o‘qishimdan javob oldim. Uyga borib, dam olaman deb xayol qildim o‘zimcha. Mahallaga kelib, ko‘chaga burilsam, uyimiz yoniga har doimgidek ko‘mir to‘kilgan. “Yaratganning o‘zi kechirsin”, – dedim-u, ortimga qaytib ketdim. Shom payti go‘yo o‘qishdan charchab kelayotgandek uyga keldim. Bilsam, ko‘mir yonma-yon qo‘shnimiznikiga kelgan ekan. Ustiga ustak dadam qo‘shnimizga: “Ertaga biznikiga ham ko‘mir olib kelishsin”, – degan ekanlar. Ertasiga kelgan ko‘mirni baribir o‘zim tashishimga to‘g‘ri kelgan. Bejiz “Jon koyitmay ish bitmas”, – degan maqolni aytishmagan ekan.
Ulg‘aygach, do‘stlarim bilan kinoteatrga, konsertga boradigan bo‘ldim. Kunlarning birida yasanib chiqib ketayotsam, dadam bog‘da ishlayaptilar. Ming xijolat bilan dadamni ishlayotganlarini go‘yo ko‘rmagandek ko‘chaga chiqib ketdim. Inson vaqt o‘tishi bilan xatolarini tushunar ekan. Ba’zan, qani edi dadam hayot bo‘lsalar-u barcha yumushlarda yonlarida turib ko‘maklashsam deb o‘ylab qolaman.
Musibat
Dadamda farzandlarga nisbatan ulkan mehr bor edi. Oilamiz boshiga tushgan fojialar hech yodimdan ko‘tarilmaydi. Rahmatli Navfal akam 35 yoshida dunyodan ko‘z yumganlar. Juda kelishgan, ko‘rkam yigit edilar. Akamning vafoti dadamga juda qattiq ta’sir qildi, ba’zan qabristonga borib, qabri tepasida dodlab yig‘lab turganlarida do‘stlari olib kelishar va “Karim aka, bunaqa qilib bo‘lmaydi, Allohning irodasi ekan-da, bandasining qo‘lidan nima ham kelardi”, deb dalda berishardi. Oradan bir oy o‘tib, dadam betob bo‘lib qoldilar. Shifokorlar “o‘tkir yurak xuruji”, deb tashxis qo‘yishdi. Har gal shifoxonaga borganimizda “o‘tkir yurak xuruji” jumlasini takror eshitaverdik. “Nima degani o‘zi o‘tkir yurak xuruji?!”, dedim bir kuni siqilib. Shunda dadamning do‘stlari, taniqli shoir Turob To‘la: “Eh Farrux, yurak tilka-pora degan gapni eshitganmisan? Otangning yuragi pora-pora bo‘lib ketgan”, dedilar. Ikki oydan keyin ayriliqqa dosh berolmay, olamdan o‘tdilar.
Maktabdan haydalish…
Yoshlikka xos qiziqishlar, orzu – havaslar har kimda turlicha kechadi. Sakkizinchi sinfda o‘qiyotganimda juda xayolparast edim. Sinfdoshlarim biror qizni yoqtirib qolsa, unga xat yozib berishni mendan iltimos qilishardi. Navbatdagi xatni yozish matematika darsiga to‘g‘ri keldi. O‘qituvchimiz juda talabchan, jiddiy inson edi. Doskaga masalani yozishni boshlaganlarida men ham paytdan foydalanib, xat yozishga kirishdim. “Buyurtma noma”ni yozar ekanman, o‘qituvchim bo‘rni sekin joyiga qo‘ydilar. Go‘yo orqada bo‘layotgan ishni kuzatib turgandek, men tomon kela boshladilar. Shosha-pisha qog‘ozni buklab, qo‘limni parta ostiga yashirdim.
– Nima u?! – dedilar.
– Hech narsa, – dedim men.
– Menga ber.
Ishonasizmi, sinfda haqiqiy drama boshlandi. Qo‘rqqanimdan qog‘ozni g‘ijimlab, og‘zimga tiqdim. O‘qituvchim qo‘lini og‘zimga tiqib, qog‘ozni olmoqchi bo‘lar, men esa bor kuchim bilan og‘zimni berkitib, qarshilik qilardim. Urinishlaridan foyda bo‘lmagach, qo‘limdan sudrab o‘qituvchilar xonasiga olib bordilar. U yerda tortishuv yana davom etdi. Shu payt o‘qituvchimning barmog‘ini tishlab olibman deng. Alamdan shunday shapaloq tushirdilar-ki, muvozanatni saqlolmay, orqaga tisarilib, yiqildim. O‘qituvchim: “Shuni bilib qo‘y, seni maktabdan ketishing uchun qo‘limdan kelganini qilaman!” dedi jahl bilan. Shu voqea sabab, aniqrog‘i, qaysarligim bois 8-sinfda maktabdan haydalganman.
“Yalla”ning yaralishi
1966-yildan havaskorlik dastalarida qatnashib turardim. 1969-yil ukam Ravshan bilan ikkimizni Toshkent teatr va rassomlik instituti qoshida ochilgan havaskor vokal-cholg‘u ansambliga taklif qilishdi. Kompozitor Enmark Salixovning “Qiz bola” nomli asari ansamblimizning ilk qo‘shig‘i edi. Kunlarning birida repetitsiyamizga rus teleboshlovchisi Aleksandr Maslyakov keldi. Uning taklifi bilan Sverdlovsk shahridagi xalqaro tanlovga qatnashadigan bo‘ldik. Tanlovga rus tilidagi qo‘shiq bilan ishtirok etdik. Shunda hay’at a’zosi, ukrainalik mashhur kompozitor Yan Frenkel: “Rus tilida qanday kuylash kerakligini o‘zbeklardan o‘rganing”, degani hamon esimda.
Tanlovda yutib chiqdik. Finalga tayyorlanyapmiz, ammo ansamblga mos nom topilmagan. Rahmatli Anatoliy Qobulov bizga rejissyorlik qilardilar. Bir kuni repetitsiya vaqtida “Qiz bola” qo‘shig‘ini aytar ekanmiz, “yallola-la-la-la-la-la, yallola-la-la-la-la-la” deya xonish qila boshladik. Shunda zaldan turib, “stop” deya baqirdilar. Hamma hayron. “Nom topdim – Yalla!” Buni qarangki, soddagina, oddiygina “Yalla” degan nom bizning xayolimizga kelmagan edi...
“Qilpillama”, “Oq terakmi, ko‘k terak”, “Yallama yorim”, “Tom boshida tog‘ora” – bular xalq qo‘shiqlari bo‘lib, zamonaviy soz va musiqaga moslab ijro qilgan dastlabki asarlarimizdir. Shu o‘rinda aytishim kerakki, rahmatli onam milliy musiqa san’atini yaxshi tushunardilar. Ba’zida: “O‘g‘lim, mana bu qo‘shig‘ing uncha yaxshi chiqmadi, mana shu nuqtalarga e’tibor bersang, yanayam ajoyib bo‘lardi, falon qo‘shig‘ing esa juda ma’qul”, deb fikr bildirardilar. “Onamning “badiiy kengash”laridan o‘tdimi, demak, hammasi joyida”, der edim hazillashib.
Asrga tatigulik meros
Akam, Botir Zokirov, yonib yashadilar. Hikoya, she’r yozardilar, aktyor va rassom edilar. San’at, adabiyot, madaniyat bilan bog‘liq mavzularda har doim o‘zlarining qat’iy fikr-qarashlari bo‘lib, o‘ta kuyunchak inson edilar. Bu sohalar tarixini yaxshi bilganlari uchun talabni ham shunga yarasha qo‘yardilar. Qo‘shiq yaratishda birinchi o‘rinda she’rning mazmuniga e’tibor berish zarurligini Botir akamdan o‘rganganman.
Akam og‘ir operatsiyalarni boshlaridan o‘tkazdilar, bitta o‘pka bilan tik oyoqda turib ijod qilardilar, ammo hech qachon sog‘liqlaridan nolimadilar. Ijoddan to‘xtamadilar, doimo hayotga muhabbat bilan yashadilar. 1979-yilda Botir akamga birgalikda ijod qilishni taklif qildim. “Qo‘shiqlaringizni kuylab yuravering, bitta jamoa bo‘lib ishlaymiz”, dedim. Umrlarining oxirigacha birga ishladik. Hamkorlikda ishlaganimiz men uchun bir umrga katta maktab vazifasini o‘tadi.
So‘nggi qo‘shiqlari yaratilayotgan pallada ham shifoxonada muolaja olishlariga to‘g‘ri keldi. Repetitsiyaga shifoxonadan tez yordam mashinasida olib kelishardi. 1984-yil dekabr oyida sahnada so‘nggi bor aytgan qo‘shiqlari Sharof Rashidov qalamiga mansub “O‘lkam, omon bo‘l” nomli she’r bo‘lib, musiqasini men bastalagan edim. Yanvar oyida Botir akam hayotdan ko‘z yumdilar. 49 yoshda olamdan o‘tgan bo‘lsalar-da, asrlarga tatigulik san’atni meros qilib qoldirdilar.
Professional ijod – choʻqqi demak
Biz – olti farzandning san’at yo‘lini tanlaganimiz ba‘zan ota-onamizda e’tiroz uyg‘otar edi. Dadam “Eh, hech bo‘lmasa bittalaring tuzukroq kasb egasi bo‘lmadinglar-da”... der edilar gohida. “Masalan, sendan yaxshi jarroh chiqishi mumkin edi”, dedilar bir kuni menga. “Nima uchun, dada?” – dedim ajablanib. “Barmoqlaring nozik, uzun. Jarrohning barmoqlari uzun bo‘lsa, operatsiya qilishda qiynalmaydi”, dedilar.
Keyinchalik tushundimki, ko‘zga ko‘ringan, yetuk san’atkor bo‘lish uchun ko‘p mashaqqat va ulkan sinovlarni yengib o‘tish kerak ekan.
Dadam: “San’atkorning saviyasi yuqori, didi nozik bo‘lishi kerak, o‘rtamiyona san’atkor bo‘lgandan ko‘ra boshqa ish bilan shug‘ullangan durustroq”, deb ko‘p aytardilar. Akalarimdan kasbiga nisbatan mas’uliyatli, o‘zlariga nisbatan talabchan bo‘lishni, fe’l-atvori, yurish-turishi, madaniyati bilan atrofdagilarga ibrat bo‘lishi kerakligini ko‘p ta’kidlardilar. Yorqin nomga ega bo‘lgan ota-onam, akamning maslahatlari, shuningdek, musiqa bilim yurtida o‘qiganim, hozirgi O’zbekiston davlat konservatoriyasining xor-dirijyorlik fakultetida olgan ta’limim sabab, ijodda bugunga qadar professionallikni asosiy o‘ringa qo‘yib kelmoqdaman. Ijodim orqali ko‘p unvon, e’tiroflarga sazovor bo‘ldim. Ammo, men uchun eng oliy mukofot bu Karim Zokiriyning o‘g‘li, degan sharafdir.
Internet manbalari asosida Dilafro‘z ZAYNIYEVA tayyorladi.