“Temir”general
Vatan muqaddas va aziz. Uning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, ajdodlarimizga munosib davomchi bo‘lish har birimizning muqaddas burchimiz. Bugungi tinch va farovon kunlarga yetib kelishimizga qo‘shgan hissasi, ularning Ikkinchi jahon urushi davrida Vatan oldida bajargan farzandlik burchi, Ona vatanga bo‘lgan sadoqati, mardligi va ko‘rsatgan qahramonliklarini eslash – har birimizning insoniy burchimiz.
Ikkinchi jahon urushi davrida “Temir general” deya tillarda doston bo‘lgan birinchi o‘zbek generali Sobir Rahimovning metin irodasi, o‘z Vatani va xalqi uchun ko‘rsatgan fidoyiligi haqiqiy vatanparvar inson ekanligini anglatadi. Xalqimiz bu yil jasur farzandi tavalludining 120 yilligini keng nishonlaydi.
Sobir Rahimov 1902-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
1922-1925-yillarda Boku Birlashgan harbiy maktabida ta’lim oladi va harbiy mutaxassis bo‘lib yetishadi. Vatanga qaytishi bilan “Alohida o‘zbek otliq askarlar polki”da kapitan unvonida faoliyat yurita boshlaydi. 1930-yil zobitlar malakasini oshirish kursida o‘qiydi. 1932-yildan boshlab Qo‘mondon Mirkomil Mirsharopovning shuhrati va harbiy salohiyati dovrug‘ qozongan O‘zbek tog‘-otliq diviziyasida xizmat qiladi. 1936-yilda 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasi tarkibidagi 42-o‘zbek tog‘ otliq polki shtab boshlig‘i etib tayinlangandi. Sobir Rahimov “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlanadi.
Mayor Sobir Rahimov 1940-yilda O‘rta Osiyo harbiy okrugiga qarashli 9-tank diviziyasi tarkibidagi 9-o‘qchilar polkining komandir o‘rinbosari etib tayinlanadi.
1941-yil iyun oyida u xizmat qilayotgan diviziya 27-mexanizatsiyalashgan korpus tarkibida frontga safarbar qilinib, Smolensk yo‘nalishidagi janglarda ishtirok etadi. Noyabr oyi so‘ngida shiddatli janglarda o‘z polki bilan Rostov shahrini birinchi bo‘lib ishg‘ol qiladi va bu jasorati uchun “Qizil bayroq” ordeni bilan taqdirlanadi.
1942-yilning yozida Vermaxt Qizil armiyani Volgaga taqab qo‘ygan paytda polkovnik Sobir Rahimov Shimoliy Kavkaz mudofaasiga mas’ul bo‘ladi. Sentyabr oyidan diviziya qo‘mondoni etib tayinlanib, dushmanni Qora dengizga chiqishiga imkon qoldirmaydi. 1943-yil Shimoliy Kavkazdagi ayovsiz janglarda polkovnik Sobir Rahimov diviziyasi haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi va Sobir Rahimovga General-mayor harbiy unvoni berildi.
General Sobir Rahimov qadim turkiy qo‘mondonlar an’anasiga amal qilib, jangda hamisha oldingi safda turdi. Oddiy askarlar bilan hamsuhbat va hamfikr bo‘ldi. 1943-yil 8-aprelda General-mayor Rahimov Moskvaga Bosh shtab harbiy akademiyasiga o‘qishga yuborildi. Bosh shtab harbiy akademiyasining jadallashtirilgan kursini tugatgach, frontga qaytdi va o‘qchilar diviziyasiga komandir etib tayinlandi.
Sobir Rahimov 65-armiya tarkibida Sharqiy Prussiyaga hujum operatsiyasida ham jonbozlik ko‘rsatadi. U Janubiy frontdagi motorlashtirilgan polk komandiri, Zakavkazye frontida o‘qchi diviziya komandiri sifatida eng og‘ir nuqtalardagi janglarga shaxsan o‘zi boshchilik qildi. General Sobir Rahimov 1-Belorussiya fronti qo‘shinlari tarkibida Baranovich, Slonim, Belostok, Graudens va boshqa shaharlarni, Belorussiya va Polshani ozod qilishda qatnashdi. Gdansk ko‘chalariga birinchi bo‘lib kirib keldi.
1945-yil 26-mart kuni Gdansk shahrini ozod qilish uchun bo‘lgan jangda hujumga o‘tgan dushman kemalari artilleriyasidan otilgan katta kalibrli to‘plardan diviziyaning kuzatuv punkti yo‘q qilindi. Kuzatuv postida bo‘lgan general-mayor S.Rahimovning boshi snaryad parchasidan og‘ir yaralandi va sakkiz soatdan keyin kasalxonada vafot etdi. Mohir sarkardaga buyuk g‘alabani ko‘rish nasib qilmadi. Lekin uning jasorati qalblarda abadiy yashamoqda.
Birinchi o‘zbek generali, 37-gvardiyachi diviziya qo‘mondoni Sobir Rahimov jang qilgan har bir yeri, jumladan, Polshada ham o‘chmas xotira qoldirdi. U Polshaning Grudzyandz, Gnev, Starograd, Dzyaddovo shaharlarini ozod etish uchun bo‘lgan janglarda buyuk sarkardalarga xos mahoratini namoyish etdi. O‘zbek generalidan minnatdor bo‘lgan polshalik kemasozlar 1965-yilda “General Rahimov” nomli traulerni qurib suvga tushirdilar. Gdansk shahridagi ko‘chalar, maktablarga Sobir Rahimov nomi berilgan.
O‘zbek shoir va yozuvchilari Sobir Rahimovning Ikkinchi jahon urushidagi qahramonliklariga bag‘ishlangan she’rlar, balladalar, pyesalar yozdi, dramalar sahnalashtirildi, 1967-yili “O‘zbekfilm” kinostudiyasida uning hayoti va qo‘mondonlik mahoratiga bag‘ishlangan “General Rahimov” badiiy filmi suratga olindi.
Vatanimiz jasur farzandlari yodini unutmaydi. 2018-yil 9-may kuni general Sobir Rahimovning haykali Toshkent shahar Olmazor tumanidagi xiyobonda, o‘z joyiga qayta tiklandi.
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining ko‘zga tashlanadigan joyi, ya’ni majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyining ust qismida g‘alaba ramzini ifodalovchi kompozitsiya, yurtimizning eng mard va jasur farzandlari sharafiga o‘rnatilgan “Mangu qahramonlik” kompozitsiyasi qad rostladi. Mazkur kompozitsiyada II jahon urushida jasorat ko‘rsatgan general Sobir Rahimov, mayor Ahmadjon Qurbonov, katta leytenant Amirali Saidbekov, katta leytenant Abdusattor Eshonqulov, katta leytenant Botir Boboyev, katta leytenant Muqaddam Ashrapova, gvardiyachi leytenant Valdemar Shalandin, gvardiyachi starshina Bois Ergashev, serjant Samig‘ Abdullayev, oddiy askar Shodi Shoimov, Mamadali Topiboldiyev, Ahmadjon Shukurov, Qudrat Suyunov, Inoyat Navro‘zboyev, Zebo G‘aniyeva kabi qahramonligi haqida soatlab gapirsa ham ado bo‘lmaydigan, yurtning botir va mard fidoyi farzandlarining obrazi yaratilgan.
Inson ma’naviyati xotiralar asosida rivoj topadi. Xotira ham, qadrlash ham inson aql-u zakovatining ulug‘ ne’mati, hech qachon unutilmaydigan, abadiy va ardoqli odamiylik mezonlaridir.
Ushbu tushunchalar zamirida insonga, uning xotirasi, qadr-qimmatiga ehtirom tuyg‘usi mujassamdir. Shunday ekan, mardlar jasorati qalbimizda mangu yashaydi.
Shuhrat YUSUPOV,
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi boshlig‘i, polkovnik