Gul shahriga aylandi Toshkent
Ko‘rkam bahor faslining may oyiga bag‘ishlangan jurnalning ushbu sonida bir qator muhim sanalar, bayramlarni eslab o‘tdik. “Hech nimani unutmadikmi”, deb savol berdik o‘zimizga. E-ha, shu kunlarda Toshkentda ilk marotaba o‘tkazilayotgan gul bayrami haqida aytishni unutibmiz-ku. Bu bayramning o‘tishi kundan-kun chiroy ochib, gullar shahriga, yashil shaharga aylanib borayotgan poytaxtimiz husniga o‘zgacha chiroy bag‘ishladi. “Tashkent Flower Fest” deb nomlangan ushbu festivalda ikki milliondan ortiq gullardan yasalgan kompozitsiyalar namoyish etildi. Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan gul bayramini bezash uchun shu sohaning yetuk mutaxassislari, dizaynerlar jalb etildi. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona qarshisidagi maydonda ulkan daraxtlar – yapon sakurasi, Madagaskar baobabi va o‘zbek chinorining sun’iy nusxalari to‘liq o‘lchamda o‘rnatildi. “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi stela shaklidagi minora ham gul bayrami munosabati bilan o‘ziga xos ko‘rinishda bezatildi. Bu go‘zal manzarani tomosha qilish va undan zavq olish uchun biz ham rang-barang olamga talpindik. Sahifadagi suratlar ana shu sehrli olamni ko‘z oldingizda gavdalantiradi.