Erkin Usmonov
Erkin Usmonov 1952-yilda Toshkentning Eski shahar qismida, ziyoli oilada tug‘ildi. Bobosi mashhur sozgar, xalq ustasi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Usta Usmon, otasi esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mirsoat Usmonov edi.
Bolalik chog‘laridan hozirgi “Tong yulduzi” gazetasi qoshidagi “Yosh qalamkashlar” to‘garagiga qatnashdi. “K.K.” nomli birinchi fantastik hikoyasi 1966-yili chop etildi, 1967-yilda Respublika yosh ijodkorlar tanlovida g‘olib bo‘ldi.
U hozirgi Toshkent davlat Jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil oldi. Qurilishda, yoshlar teatrida, “O‘zbektelefilm” studiyasida ishladi.
Qariyb o‘ttiz yil O‘zbekiston teleradiokompaniyasi Adabiy-dramatik eshittirishlar bosh tahririyatida, “O‘zbektelefilm” studiyasida, “Teatr” jurnalida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi.
Erkin Usmonovning “Gunafsha” nomli birinchi kitobi 1981-yilda chop etildi. Shundan so‘ng “Olam nurga to‘ladi” (1987), “Tush kinoga o‘xshaydi” (1990), “Kulishgani keldik” (2000), “Bekinmachoq” (2005), “Qatortol tomonlarda”, “Har kimning o‘z daraxti bor” (2006), “Hayratga to‘la dunyo”, “Yostiqdek kitobdan uch sahifa” (2007), “Ertak kabi go‘zal bir olam”, “Ajal xiyoboni”, “Oshufta ko‘ngil” (2009), “Siz u yondan, biz bu yondan” (2010), “Marhum kech soat 8 da keladi”, “Birov bo‘lib yashash osonmi” (2011), “Kitoblar haqida hikoyalar” (2012) singari qator qissa va hikoyalar to‘plamlari chop etildi.
Mashhur “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvining 30 dan ziyod soni Erkin Usmonov ssenariysi asosida tasvirga olindi. Adibning “Ko‘rmaganning ko‘rganlari” (2007), “Dutor” (2010), “Odam bo‘lish qiyin” (O‘lmas Umarbekov romani asosida 2010, “Ertakning davomi” (2011), “Baxt kaliti qayerda”, “Vasvasa” singari pyesalari respublika teatrlarida sahnaga qo‘yildi.
Adib tarjimon sifatida Karel Chapek, Konan Doyl, Aleksandr Grin, K.Paustovskiy, Anor kabi adiblarning qissa va hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girdi.
Erkin Usmonov 2013-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.