Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mahallamiz fayzi

Biz bolalar ota-ona, buvi-buvalarimizdan “Mahallang – uying” degan gapni ko‘p eshitamiz. O‘ylab qarasam, kattalarning gapi juda to‘g‘ri ekan. Mahalla odamlar yashaydigan bir qancha uylardan iborat bo‘lgani uchun ham shunday deyilar ekan.

Yashnobod tumanidagi Olmos mahallasi yaqin yillarda qurilgan yangi hovli-joylar bilan kengayib, yanada obod bo‘ldi. Biz ana shu mahallaning “Katta Olmos” ko‘chasida yashaymiz. Bu yerda qo‘ni-qo‘shnilar bir-biri bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashishadi, bir-biridan xabar olishadi. 

79 yoshga kirgan buvam Ergash  hoji ota,  74 yoshli Zamira hoji buvimizninggina emas, ko‘chamizdagi barcha nuroniy otaxon va onaxonlarning ham xatti-harakati, gap-so‘zlari biz uchun ibrat. Mahallamizning eng yoshi ulug‘ qariyalari – Ziyrak buva bilan Rasima buvini yetti yoshdan yetmish yoshgacha mahalladoshlarimiz hurmat qiladi. Ziyrak buva bizga ibratli hikoyatlar aytib bersalar, Rasima buvi  kitob, jurnal o‘qib beradilar. To‘y-ma’raka, tadbirlarda davraning to‘ri ularniki. “Nuroniylar mahallamiz fayzi”, – deydi dadam.

O‘zbekiston Respublikasi qanday tarkib topganini bilasizmi? Birinchi oila, so‘ngra mahalla, keyin tuman, shahar, viloyat, nihoyat, juda katta hududni qamrab olgan ona diyorimiz – O‘zbekiston shakllangan. Vatanimiz mahallalarida Ergash ota, Zamira ona, Ziyrak buva va Rasima buvi singari minglab keksalar yashayotgani uchun ham fayzlidir.

 

Ominaxon ERGASHEVA,

Yashnobod tumanidagi

230-maktabning 4-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.